Линклар

O‘tgan haftada Qozog‘istondagi yetakchi hukumat telekanalining Londondagi muxbiri “yolg‘on so‘zlashdan charchadim”, deya ishdan ketib, katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.

3 dekabr kuni Bela Qudaybergenova o‘z Feysbuk sahifasida “Xabar” telekanali va uning onlayn bo‘limi “24.kz” dagi ishidan voz kechayotganini e’lon qilar ekan, “Va nihoyat ketyapman”, dedi. “Endi judayam baxtiyorman. Vijdonim borligini anglab etdim. Boshqa yolg‘on gapira olmayman”, deya so‘zini davom ettirdi qozoq jurnalisti.

Qudaybergenovaning bu gapi ijtimoiy tarmoqlarda qozog‘istonliklar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi. Ayrimlar muxbirning qarorini olqishlasa, boshqalar uni bu qarorga kelishga “Xabar”ning Londondagi byurosini yopish rejasi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkinligini aytishdi.

Ozodlik radiosi qozoq xizmati bilan suhbatda Qudaybergenova uni “Xabar”ni tark etishga nima undagani haqida so‘zlab berdi.

Muxbirning aytishicha, avvaliga u telekanalni yangi yil bayramidan keyin tark etishni rejalashtirgan, ammo o‘ta e’tirozli topshiriq olganidan keyin tezroq ketishga qaror qilgan.

Jurnalistdan Qozog‘istonning Londondagi elchixonasi 16 dekabr kuni nishonlanadigan mustaqillik kuni arafasida 2 dekabr kuni o‘tkazgan yig‘ilishni qozog‘istonliklar “baxtiyor millat” ekanligini isbotlovchi hodisa o‘laroq yoritish so‘ralgan.

Qudaybergenovaga ko‘ra, u lyuks mehmonxonada o‘tkazilgan yig‘ilish “Qozog‘iston Britaniya va xalqaro hamjamiyat hurmatiga sazovor bo‘lgan buyuk mamlakat” ekanini ko‘rsatishini aytishi kerak bo‘lgan.

“Bo‘ldi, yetar. Sabr kosam to‘ldi, boshqa bu ishni qila olmasligimni tushundim”, dedi Qudaybergenova.

Ozodlikka bergan intervyusi davomida jurnalist “Xabar” telekanalini Qozog‘iston xalqi haqida muntazam ravishda noto‘g‘ri ma’lumot berishda aybladi.

“Men bu dezinformasiya juda keng ko‘lamli va chuqur, deb o‘ylayman. Nafaqat mamlakat ichidagi vaziyat haqida, xorijdagi ahvol haqida ham shunday desak bo‘ladi”, dedi Qudaybergenova.

Muxbir yana jurnalistlarni “g‘ildirak tishlari” o‘laroq ta’rifladi.

Biz xohlagan” narsani aytadigan “mutaxassislarni” topamiz, “ular boshqacha biror nima deydigan bo‘lsa, shunchaki buni yo‘q qilamiz”, dedi Qudaybergenova.

Misol sifatida muxbir 2 dekabr topshirig‘i oldidan Qozog‘iston elchixonasi intervyu olish uchun muayyan shaxslarni tavsiya qilganini aytdi. Qudaybergenovaning ta’kidlashicha, bunday intervyular Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevni va “Qozog‘iston qanchalik buyuk ekanligi haqidagi yolg‘onlarni” targ‘ib qilish uchun uyushtiriladi.

O‘zi etnik qozoq bo‘lgan Qudaybergenova sovet Rossiyasining Astraxan oblastida tug‘ilgan va Moskva shahrida ulg‘aygan.

Muxbir “Xabar” va “24.kz” uchun 2003 yildan boshlab ishlagan. 2009 yilda Londonga ko‘chib o‘tishidan avval Moskvada televidenie muxbiri sifatida faoliyat yuritgan.

“Xabar” telekanali bir bo‘limi hisoblangan, markazi Olmaota shahrida joylashgan “Karavan” haftalik gazetasida kuni kecha chop etilgan maqolada Qudaybergenovaning qarori qoralandi.

Gazetaga ko‘ra, Qudaybergenova yaqin orada ishdan haydalishi haqida xabar topganidan keyin “eshikni ortidan qattiq yopishga” qaror qilgan. Maqolada “ayrim jurnalistlar o‘z ishini hurmat qilmasligi” achinarli hol ekanligi aytildi.

Qudaybergenova esa “Karavan”da chop etilgan sharhlarni “safsata” deya baholadi.

XS
SM
MD
LG