Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:59

Matbuot sharhi: Qotillik evaziga to‘y, 3500 dollarlik chaqaloq va militsiyani so‘kkan xonandaning tavbasi


Qashqadaryolik ayol chaqalog‘ini 3500 dollarga sotayotganda ushlandi. “Tez yordam”ga qo‘ng‘iroqlarning 5 foizi – yolg‘on. Milisiyani so‘kkan xonanda qilmishiga tavba qildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

Qotil ona-bolani o‘ldirish evaziga qo‘lga kiritgan puliga to‘y qildi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida ona va bolani chavaqlab, uydagi mol-mulkni o‘g‘irlab ketgan jinoyatchi nomi aniqlandi (“Darakchi”, 10 dekabr). Jinoyat 2014 yil 26 senyatbrda sodir etilgan. Asli Andijon viloyatida tug‘ilgan, Yangiyo‘lda tirikchilik qilib yurgan Shohruh Abdurahmonov uylanish uchun jinoyat yo‘li bilan pul topishga ahd qilgan va qo‘shnisi Jaloliddin To‘ychiyevning uyiga o‘g‘irlikka tushgan. J.To‘ychiyev uy olish uchun pul yig‘ayotgani jinoyatchiga avvaldan ma’lum bo‘lgan. Sh. Abdurahmonov pulni o‘marishdan avval uy bekasi Nigora To‘ychiyeva hamda uning qizchasi Zilolani chavaqlab o‘ldirgan. O‘g‘irlangan pulni esa dabdabali to‘yga sarflagan. Jinoyat fosh etilib, ona va bola hayotiga zomin bo‘lgan yigit 25 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Qashqadaryolik ayol chaqalog‘ini 3500 dollarga sotayotganda ushlandi

Toshkent shahri Yashnobod tumanida chaqalog‘ini 3500 dollarga sotayotgan ona qo‘lga olindi (“Huquq olamida”, 10 dekabr). Surishtiruv jarayonida ismi oshkor etilmagan ayol Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashagani aniqlangan. Yengil hayotga o‘rgangan ayol nikohsiz farzand orttirib, uni Kitob tumanidagi uyida dunyoga keltirgan. So‘ng tuman tibbiyot birlashmasi markaziy poliklinikasi pediatriga 180 ming so‘m, bo‘lim mudiriga 100 dollar pora berib, tug‘ilganlik haqida soxta ma’lumotnoma qildirgan. Ayol Toshkentda farzandini pullayotganda huquq idoralari vakillari tomonidan ushlangan.

Toshkentda “tez yordam”ga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarning 5 foizi – yolg‘on chaqiruv

Toshkentda tez yordam xizmatiga murojaatlarning 5 foizini yolg‘on chaqiruvlar tashkil etadi. Bu haqda Toshkent “Tez tibbiy yordam” stansiyasi bosh shifokori o‘rinbosari Elvira Ermanova mahalliy matbuotga ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, avval yolg‘on chaqiruvlar juda ko‘p edi. Raqamni aniqlovchi telefonlar o‘rnatilgach, yolg‘on chaqiruvga havasmandlar kamaydi. Tibbiyot xodimlari chaqirilgan joyga bekordan-bekorga borib kelsa, bu haqda ichki ishlar xodimlariga xabar beriladi. Qoidabuzarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksnig 199-moddasiga binoan eng kam oylik ish haqining bir barobaridan uch barobarigacha jarima solinadi.

“O‘ztransgaz” hamda Urganch magistral gaz quvurlari boshqarmasi mansabdorlari gazni talon-taroj qilgan

“O‘ztransgaz” kompaniyasi, Urganch magistral gaz quvurlari boshqarmasi, “Hazoraspavtogaz” hamda “Avtogazta’minot” firmalari mansabdorlari tabiiy gazni talon-taroj qilgani aniqlandi. “Bozor va iste’molchi” gazetasi joriy yil 23-sonida yozishicha, “Xazorazpavtogazta’minot” jamiyati rahbari R. To‘xtayev 78 million so‘mlik gazni talon-taroj qilgan. R. To‘xtayev tegishli jazoga tortilgani ma’lum qilingan. Jinoiy ishning boshqa ishtirokchilariga doir tafsilotlar oshkor etilmagan.

Milisiyani so‘kkan xonanda qilmishiga tavba qildi

Qamoqdan chiqqan xonanda Abdulla Qurbonov ilk bor matbuotga intervyu berdi. Bir necha yil avval ichki ishlar xodimlarini so‘kib, “poraxo‘r” deb atagani aks etgan videorolik tarqashi ortidan xonanda ozodlikdan mahrum etilgan edi. “Darakchi” nashri savollariga javob qaytargan Abdulla Qurbonov osoyishtalik posbonlarini noo‘rin gap-so‘zlar bilan xafa qilganidan taassuf bildirgan. “Kechani kecha, kunduzni kunduz demay, bizning xavfsizligimiz uchun hushyor turishibdi... Ko‘r hassasini bir marta yo‘qotadi. Jazoni o‘tash muassasasida o‘tgan uch yil davomida o‘zimdan o‘tgani faqat o‘zimga ayon”, degan xonanda. Abdulla Qurbonov endi qatiqni ham puflab ichayotganini aytgan.

Sirdaryoda bemor o‘qituvchining ish haqi kommunal to‘lovlarga ushlab qolindi

Sirdaryo viloyati Yangiyer qurilish va kommunal xo‘jalik kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi M. Karimovaning maoshi kommunal to‘lovlarga majburiy ushlab qolindi (“Adolat ko‘zgusi”, 10 dekabr). 22 yildan beri o‘qituvchilik qilayotgan M. Karimova qo‘li va yelka suyagi sinib, ikki yarim oy davomida davolangan. Kollej ma’muriyati esa o‘qituvchiga kasallik varaqasi bo‘yicha to‘lanadigan puldan elektr energiyasi va gaz to‘lovi uchun majburiy ushlab qolgan. Ushbu holatga munosabat bildirgan Sirdaryo viloyati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish bosh boshqarmasi rahbari B. Akbarov xodimning roziligisiz uning ish haqidan kommunal to‘lovlarga ushlab qolish qonunga zid ekanini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG