Линклар

Andijon viloyati Baliqchi tumanining Chinobod shaharchasida milisiya xodimi o‘zini osib, joniga qasd qildi. Baliqchi tumani IIB Qo‘riqlash xizmati safdori 28 yoshli Diyorbek Davlatov 10 dekabrga o‘tar kechasi ish joyida osilgan xolda topildi. Ikki farzandning otasi nima sababdan o‘z joniga qasd qilgani hozircha ma’lum emas.


Hozirda milisiya safdori Diyorbek Davlatovning o‘limi yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi tekshiruv olib bormoqda.

Davlatovning hamkasblari uning joniga qasd qilishiga xizmat faoliyatidagi muammolar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytishdi:

"Diyorbek qo‘riqlash xizmatining oddiy ryadovoy xodimi sifatida bankda soqchi bo‘lib ishlar edi. Ruhiy muammosi bo‘lmagan. Juda yuvosh bola edi. Nima sababdan o‘zini osganini hech kim bilmaydi. Ish bilan bog‘liq muammolar ko‘p. Vasvasaga tushib o‘zini osib qo‘ygan, deyishyapti. Ayrimlar oilaviy muammolar sabab bo‘lganiini aytishadi. Hozir buni prokuratura o‘rganyapti", deydi ismi sir qolishini istagan Andijon milisiyasining qo‘riqlash xizmati xodimi.

Andijon viloyati prokuraturasi va viloyat IIBning navbatchilik qismi Ozodlik muxbiri tomonidan milisiya xodimining o‘z joniga qasd qilishi voqeasi yuzasidan bergan savollarini javobsiz qoldirdi.

Bu yil boshidan beri milisiya xodimlarining o‘z joniga qasd qilishi yoki o‘q otar qurolni ishlatib, o‘limga sabab bo‘lishiga oid birinchi voqea emas.

28 noyabr kuni Samarqand viloyati Nurobod tumani IIB huquqbuzarlikning oldini olish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari, 30 yashar Ulug‘bek Mamarahimov o‘z joniga qasd qilgan edi.

Uning jasadi o‘zi yashaydigan Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Go‘zalkent qo‘rg‘onidagi xonadonidan topildi.

Ichki ishlar idoralarida 7 yil xizmat qilgan oliy ma’lumotli bu yigit to‘rt farzandning otasi bo‘lgan.

Bundan oldin Toshkentning Chilonzor tumani ichki ishlar bo‘limining 29 yoshli kapitani Sarvar Hamidov ish joyida to‘pponchasidan o‘zini otgani haqda Ozodlik xabar qilgan edi.

Toshkentdagi Mustaqil inson huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromov O‘zbekistonda milisiya to‘g‘risidagi qonunning yo‘qligi bu kabi fojealarga sabab bo‘layotganini aytadi.

- Bu shundan dalolatki, tezroq milisiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish kerak. Ikkinchidan, shu qonun bo‘lmagani uchun bu milisiya xodimlarining ishi naqadar og‘irlashib ketyapti. Ularni ko‘p soatlab ishlatishadi. Kuniga 11-12 soatlab ishlatishadi. Bundan tashqari ularga nisbatan tepadan qattiqqo‘llik qilinadi, bosimlar qilinadi. Kimlar buni ko‘taradi, kimlar ko‘tarolmaydi, - deydi Surat Ikromov.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov o‘tgan hafta mamlakat Konstitusiyasi kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘inda “bugungi kungacha ichki ishlar va huquq-tartibot organlari faoliyatini tartibga soladigan qonunning yo‘qligini normal holat, deb bo‘lmaydi”, degan edi.

O‘zbekiston parlamentining qonunchilik palatsi- Oliy Majlis uch yil avval "Ichki ishlar organlari to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlashga kirishgandi.

Ammo oradan shuncha vaqt o‘tib qonunning taqdiri mavhumligicha qolmoqda.

XS
SM
MD
LG