Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:32

Qirg‘iz rasmiylari Bishkekda terror guruhi yo‘q qilinganini aytmoqda


11 dekabrga o‘tar kechasi Bishkekda yo‘q qilingan jinoyatchilar Chuy viloyati va poytaxt Bishkekda terror xuruji uyushtirmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lum qildi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan tunda Bishkekning Sharq-5 mavzeida terrorchilikka qarshi amaliyot o‘tkazilib, xalqaro terror tashkiloti a’zolari deb gumonlanganlar qurshovga olingan. Qo‘lga olish chog‘ida qurolli qarshilik ko‘rsatgani tufayli ular yo‘q qilingan.

“Jayshul Mahdiy” ekstremistik guruhiga aloqadorlikda gumonlangan bu odamlar Bishkek To‘ko‘ldo‘sh mavzeidan topilgan.

Rasmiylar ularning 19 noyabr kuni uchastka noziri Aqtilek Abdivaliyevni o‘ldirganini iddao qilmoqdalar.

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Baqit Seitov Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga bungacha ikki jinoyatchining fotoroboti e’lon qilingani, ularning muqaddam sudlangan kishilar ekani aniqlanganini bildirgan.

- Bizda ma’lumotlar bor edi, bularning biri Botken, yana biri Norin viloyatidan. Hozir qo‘shimcha tergov ishlari olib borilayapti. Yashagan yerlari va ularning yaqinlari haqida qo‘shimcha ma’lumotlar yig‘ayapmiz. Ularning bir necha xotini bor ekan. Ularning uyidan qo‘shimcha adabiyotlar va boshqa ashyoviy dalillar olinayapti, - dedi Baqit Seitov.

Avvalroq Bishkek shahar milisiya bosh boshqarmasi barcha xodimini jinoyatchilarni qidirib topish ishiga safarbar etgan va mazkur jinoyatda gumonlanganlar haqida xabar berganlarga 1 million so‘m (taqriban 13000 AQSh dollaridan ko‘proq – tahr.) miqdorida mukofot berilishini e’lon qilgandi.

Jinoyatchilar o‘qiga uchgan 27 yoshli kichik leytenant Aqtilek Abdivaliyev asli jalolobodlik ekani, Bishkekka o‘tgan yili ishga kelgani aytilmoqda.

XS
SM
MD
LG