Линклар

“O‘zneftmahsulot” shirkati benzinga metanol (metil spirti)ni qo‘shib, undan avtomobil yonilg‘isi ishlab chiqarish loyihasini 2018 yildan ishga tushirishni rejalashtirayapti.

"O‘zkimyosanoat" shirkati vakilininng Sputnik nashriga bergan ma’lumotiga ko‘ra, yangi loyiha natijasida mamlakatda benzin ishlab chiqarish oshirilishi ko‘zlangan.

Yangi loyihani amalga oshirish uchun Yaponiyaning Misubishi va Daniyaning "Xaldor Topse" kompaniyalari bilan memorandum imzolangan.

Yangi loyiha 100 million AQSh dollariga baholanayapti, bu mablag‘ning 50 million dollari xorijiy investorlar tomonidan ajratilishi rejalangan.

Metanolni Buxoro viloyatidagi maxsus gaz-kimyo majmuasida ishlab chiqarish rejalanmoqda. Dastlabki bosqichda zavod negizida yiliga 300 ming tonna metanol ishlab chiqarishi kutilayapti.

Yangi loyiha orqali O‘zbekistonda keyingi yillarda jiddiy tus olayotgan yonilg‘i taqchilligiga barham berish rejalamoqda.

Benzin va metanol aralashmasidan xitoyliklar bir necha yildan buyon avtomobil yonilg‘isi sifatida foydalanib kelishadi.

Tarkibining 85 foizi metanol va 15 foizi benzindan iborat M85 indeksi berilgan yonilg‘ining bu turidan AQShning bir qancha shtatlari, jumladan, Kaliforniyada ham foydalaniladi.

Mutaxassislarga ko‘ra, metanol benzinga qaraganda besh marta sekin yonadi. Havoga zaharli moddalar, jumladan, dioksinlarni benzinga qaraganda kamroq chiqaradi.

Shu bois ham AQSh va Xitoydagi atrof-muhit himoyachilari avtomobil haydovchilariga shu yonilg‘idan foydalanishni targ‘ib qilib kelishadi.

Shuningdek, benzin va metanol aralashmasidan iborat yonilg‘ining tannarxi ham boshqa tur avtomobil yonilg‘ilariga qaraganda arzonga tushadi.

Bunday yonilg‘idan keng foydalanish neftga tobelikni ham kamaytiradi.

Oxirgi yillarda neft ishlab chiqarish hajmi qisqargan va neftni qayta ishlash zavodlari ham to‘la quvvat bilan ishlamayotgan O‘zbekiston uchun bu juda qo‘l kelishi mumkin.

XS
SM
MD
LG