Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:58

Rossiyada o‘qiyotgan turkiyalik talabalar o‘qishdan haydaldi


Moskvadagi yadroviy tadqiqotlar milliy universitetida o‘qiyotgan bir guruh turkiyalik talaba o‘qishdan haydaldi.

Bu haqda "Dojd" telekanaliga intervyu bergan Rossiyadagi turkiyalik talabalar assosiasiyasi vakili Okan Yildizga ko‘ra, ushbu universitetda o‘qiyotgan turkiyalik talabalar joylashgan yotoqxona polisiya va Federal xavfsizlik xizmati (FSB) xodimlari tomonidan tintuv qilingan.

Okan Yildizning aytishicha, turkiyalik talabalar narkotik saqlaganlik va terrorizmni qo‘llab-quvvatlashda ayblanmoqda.

Shuningdek, Yildiz ma’lumotiga ko‘ra, Voronej va Saratovda o‘qiyotgan turkiyalik talabalar ham o‘qishdan haydalgan. Voronejdagi yuqori texnologiyalar instituti turkiyalik talabalarning o‘qishdan chetlatilishini ularning institutdan moliyaviy qarzdorligi bilan izohlashgan.

1 dekabr kuni Rossiya ta’lim va fan vazirligi Turkiyada akademik almashuv dasturi bo‘yicha o‘qiyotgan rossiyalik talabalar vatanga qaytarilishini ma’lum qildi. Lekin vazirlik Rossiyada o‘qiyotgan turkliyalik talabalar o‘qishlarini davom ettirishlari mumkinligini ta’kidlagan edi.

Moskva va Anqara o‘rtasida munosabatlar 24 noyabr kuni turkiyalik harbiylarning Rossiyaga tegishli Su-24 uchqichini urib tushirganidan so‘ng sovuqlashdi.

Rossiya hukumati Turkiyadan olib kelinadigan ko‘plab tovarlarni taqiqladi, Turkiya fuqarolari uchun vizasiz rejim olib tashlandi va Turkiyaga uchadigan charter reyslari ham bekor qilindi.

XS
SM
MD
LG