Линклар

logo-print

Qashqadaryo viloyatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan unning narxi ikki baravarga oshdi. Davlat narxi 46,5 ming so‘m bo‘lgan 50 kilolik bir qop un bugungi kunda 98 ming so‘mdan sotilmoqda. Boshqa viloyatlarda unning narxi keskin oshgani bo‘yicha Ozodlikda hozircha ma’lumot yo‘q.

Qarshi shahrida istiqomat qiladigan novvoy Qodirjon o‘z uyida non yopib sotadi.

Novvoyning aytishicha, shu kunlarda Qarshi bozorida Qashqadaryoda ishlab chiqarilgan “Dunyo-N” uni narxi ikki baravarga qimmatlagan:

- Un yo‘q emas, bor. Lekin narxi juda oshib ketdi. Hamma do‘konlarda bir qopining narxi 98 ming so‘mdan sotilyapti. Bu unning dastlabki o‘z narxi 46 yarim ming so‘m turadi. Korchallonlar birja narxida 56 ming so‘mdan olishadi. Transport rasxodi bilan 58 mingga tushadi. Ustiga 40 ming qo‘yib sotishyapti. Bilasizmi necha milliard so‘mlab foyda qilishyapti? Hech kim buni hisoblamaydi ham, tekshirmaydi ham. Xalq esa indamay sotib olishga majbur,- deydi novvoy.

Qodirjonga ko‘ra, ayni paytda o‘zbek uni juda sifatsiz bo‘lib, odamlar unga Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan unni aralashtirib xamir qorishga majbur:

- Bizning unimizdan non yopib bo‘lmaydi, tandirdan oqib tushadi. Shunga har 7 kilo o‘zbek uniga 3 kilo qozoq uni qo‘shaman. Hozir besh kilo qo‘shishga majbur bo‘layapman, chunki sifati juda pasayib ketdi. Ichidan qum, toshlar chiqyapti,- dedi novvoy.

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi 67 yashar pensioner Murod ota esa bir qop unni sotib olish unga 120 ming so‘mga tushayotganini aytadi:

- Bizda ham bozorda 98 ming so‘mdan sotilyapti. Lekin men bu narxda ololmayman. Chunki pensiyalarimizni yuz foiz plastikka o‘tkazib yuborishgan. Un olay deb plastik bersangiz 115-120 ming so‘m yechib olishyapti. Bundan kamiga bermayapti. Ham narx oshgan, ham plastikdan urib qolishadi,- dedi Murod ota.

Qashqadaryo viloyati don mahsulotlari kombinatining ismi sir qolishini so‘ragan mulozimiga ko‘ra, kombinatda yetarlicha bug‘doy va un zaxirasi bor:

“Bizda hech narsadan kamchilik yo‘q. Hokimiyatdan bizga raznaryadka beradi, shu bo‘yicha birjaga berib yuboramiz. Bizdan unning chiqish narxi 46 yarim ming so‘m. U yog‘i bilan ishimiz yo‘q. Birja qancha narx qo‘yadi, sotuvchilar qanchadan sotadi, u tomoni bizga qorong‘u. Unimizning sifatsizligi haqidagi gaplar ham bekor”, dedi mulozim.

Qashqadaryo viloyati hokimligidan bu masalaga munosabat olishning imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekistondagi don mahsulotlari kombinatlari mamlakatda yetishtirilgan bug‘doydan un ishlab chiqaradi. O‘zbekistonga import qilinadigan qozoq unidan sifati ancha past bo‘lgan bu unni arzon narxda xarid qilish muammoga aylanib boryapti.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan un qishloqlarda aholi jon boshiga bir oyda bir yarim kilogrammdan tarqatilmoqda.

XS
SM
MD
LG