Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:37

Rossiyada Xodorkovskiyga nisbatan qotillik ayblovi ilgari surildi


Rossiya tergov qo‘mitasi taniqli biznesmen, YuKOS neft shirkatining sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiyga nisbatan sirtdan qotillik ayblovini ilgari surdi. Qo‘mita Xodorkovskiyni Nefteyugansk meri Vladimir Petuxovning 1998 yilgi o‘limida ayblab chiqdi.

Rossiyada Mixail Xodorkovskiyga nisbatan Nefteyugansk meri Vladimir Petuxovning o‘ldirilishi yuzasidan sirtdan ayblov e’lon qilindi.

Rossiya tergov qo‘mitasi rasmiy vakili Vladimir Markin YuKOS neft shirkatining sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy ushbu qotillik buyuritmachisi bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

- Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, aynan Xodorkovskiy YuKOS neft shirkati boshqaruvi raisi sifatida qo‘li ostidagi shirkat xodimlari, jumladan Nevzlin va Pichuginlarga Petuxov va Ribinlarni o‘ldirishni tayinlagan, - dedi Markin.

Vladimir Petuxov 1998 yil 26 iyunda Xodorkovskiyning tug‘ilgan kunida o‘ldirilgan edi.

2005 yilda ushbu qotillik ishi bo‘yicha YuKOS neft kompaniyasi xavfsizlik xizmatining sobiq xodimi Aleksey Pichuginga nisbatan ayblov e’lon qilinib, u umrbod qamoq jazosiga mahkum qilingandi.

Shuningdek, Xodorkovskiy qotillik kuni Petuxovga hamroxlik qilgan Vyacheslav Kokoshkinga nisbatan suiqasdda ham ayblanoqda.

Hozirda Londonda yashayotgan Mixail Xodorkovskiy mazkur jinoyat ishi yuzasidan aybdor sifatida so‘roq qilinishi uchun Rossiya Tergov qo‘mitasiga chaqirtirilgani, lekin bormasligini aytgan.

Xodorkovskiy bu ayblovni uydirma deb atagan.

- Yangi yil arafasida menga ayblovlar qo‘yilishi bu eski an’ana. Bu ish bo‘yicha yetarlisidan ham ortiq ma’lumot bor. Qotillik o‘sha yilning o‘zida ochilgan. Qotillik ijrochilari qo‘lga olingan, lekin tushunarsiz sabablarga ko‘ra qo‘yib yuborildi va keyin o‘ldirildi, - dedi Xodorkovskiy.

Mixail Xodorkovskiy Rossiya sudi tomonidan iqtisodiy jinoyatlarda ayblanib, o‘n yil qamoqda o‘tirib chiqdi.

U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar siyosiy bo‘lgani va nohaq qamalganini aytgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2013 yilda, Sochida Qishki olimpiya o‘yinlari ochilishi arafasida Xodorkovskiyni avf etgan edi.

Ozodlikka chiqqach Xodorkovskiy avval Germaniya, keyin Shveysariyadan boshpana topdi. Hozir u Londonda yashamoqda.

YuKOS sobiq rahbari Rossiyadagi siyosiy vaziyat va Putin siyosatini tanqid qilib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG