Линклар

logo-print

O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr quvvatini sotish hajmini 10 foizga oshirganini e’lon qilgan bir paytda, o‘zbekistonliklarga uzatilayotgan elektr hajmi kamayib borayotgani kuzatilmoqda. Viloyatlardan Ozodlikka murojaat qilayotgan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, qishloq joylarida elektr quvvati kuniga o‘rtacha 3-4 soatdan berilmoqda xolos. Ayni paytda Afg‘oniston hukumati O‘zbekistondan sotib olayotgan elektr quvvatini aholiga kuniga o‘rtacha 19-20 soatdan yetkazib bermoqda. “O‘zbekenergo” davlat shirkati vakillari O‘zbekistonda elektr taqchilligi muammosi borligi tan oldi, lekin taqchillik vaziyatida Afg‘onistonga eksport hajmi nega oshirilayotganini izohlashdan bosh tortdi.

Elektr taqchilligi bilan bog‘liq vaziyat O‘zbekiston viloyatlari, ayniqsa tuman va qishloqlarida kundan-kunga yomonlashib borayotganini aytmoqda Ozodlikka murojaat qilayotganlar.

Ozodlikka WhatsApp va Telegram orqali kelayotgan murojaatlardan ayon bo‘lishicha, tuman va qishloqlarda, elektr quvvati aholiga 24 soat ichida o‘rtacha hisobda 3-4 soat berilmoqda xolos. Ayrim qishloqlarda elektr quvvati bir necha kunlab berilmayotgani aytilmoqda.

Jizzax viloyatining Zomin tumanidan 11 dekabr kuni xabar yo‘llagan mushtariy o‘zi yashaydigan qishloqda 10-15 kunlab svet berilmayotganini yozdi.

Viloyat markazlari va shaharlardagi vaziyatni ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Masalan Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrida senyatbr oyidan beri kuniga 12 soat elektr berilayotganini aytadi Muhammadjon ismli suhbatdoshimiz.

- Aniq aytishim mumkin, kuniga kamida 12 soat svet bo‘lmaydi. Hozir, ayni damda svet yo‘q. Soat beshda o‘chirdi, xushiga kelsa soat yettida yoqadi, bo‘lmas yo‘q. To‘rt yildan beri ahvol shu, sentyabr oyidan to aprel oyigacha cho‘ziladi,- deydi marg‘ilonlik suhbatdoshimiz.

Svet o‘chmasin desang, viloyat hokimiga qo‘shni bo‘l

Muhammadjon elektr taqchilligi shahar ahlining ayrim vakillari, xususan asli marg‘ilonlik bo‘lgan viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyev yashaydigan mahallaga taalluqli bo‘lmaganidan kelib chiqib, hukumat istasa, bu muammoni hal qila olardi, deya ta’kidlaydi.

- Elektr haqini oshig‘i bilan to‘laymiz. Shaharning qarzdorligi bor, degan har xil bahonalarni qilishadi, lekin viloyat hokimining uyida va uning yonidagi 20-30 xonadonda svet ham, gaz ham umuman o‘chmaydi,- deydi Muhammadjon.

Shu hafta boshrog‘ida O‘zbekiston Afg‘onistonga sotayotgan elektr quvvati hajmini kelasi yildan 10 foizga oshirgani ham marg‘ilonlik suhbatdosh fikrini tasdiqlashi mumkin. O‘zbekiston bir necha yildan beri Afg‘onistonga elektr sotadi.

Kobulda muammo yo‘q


Afg‘oniston poytaxtida istiqomat qiladigan Ozodlik muxbiri Olim Ko‘hkanning atyishicha, O‘zbekistondan sotib olinadigan elektr hisobidan Kobul shahri qish paytlarida kuniga 19-20 soat davomida elektrdan foydalanish imkoniga ega.

- Kobulga beriladigan elektr quvvatining taxminan 90 foizi O‘zbekistondan sotib olinadigan elektr quvvati hisobidan ta’minlanadi. Yoz oyilarida elektr to‘xtovsiz beriladi. Faqat qishda vaziyat o‘zgaradi. Kuniga 4 soatcha svet uzib qo‘yiladi. Masalan, kecha ertalab soat sakkizda uzib qo‘yildi, soat birlarga yaqin yondi. Lekin bugun svet o‘chgani yo‘q,- deydi Olim Ko‘hkan.

Afg‘oniston hukumati AQSh moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladigan dastur doirasida joriy yilda O‘zbekistondan 316 megavatt/soat elektr quvvati sotib oldi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston har bir kilovatt elektr uchun 8 sentdan haq olaldi. Bu esa yiliga taqriban 225 million AQSh dollariga teng bo‘ladi.

“O‘zbekenergo” davlat shirkati kelasi yildan eksport hajmi 10 foizga oshirilishini e’lon qildi

Tolibon davrida shunday edi

“O‘zbekenergo” mutasiddilari Ozodlikning o‘zbekistonliklarga elektr bir kuniga bir necha soatgina berilayotgani vaziyatida eksport hajmini oshirish qarori qaysi omillarga ko‘ra qabul qilingani to‘g‘risidagi savoliga javob bermadi.

“O‘zbekenergo” raisi yordamchisi Botir Toshpo‘latov, elektr tarmoqlari boshqarmasi rahbari Ulug‘bek Hakimov va shirkat matbuot xizmati rahbari Saida Mirzaboyeva bu masala xususida izoh berish vakolatiga ega emasliklarini ta’kidlashdi.

“O‘zbekenergo” 10 dekabr kuni mahalliy OAVlari uchun o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda energetika sohasi yangi cho‘qqilarni zabt etayotgani va 2015-2019 yillar uchun mo‘ljallangan dasturlar doirasida 8,9 milliard AQSh dollarga teng investision loyihalarni amalga oshirishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston sharoitida, buncha mablag‘ o‘zbekistonliklar boshdan kechirayotgan elektr taqchilligini bartaraf qila oladimi, yo‘qmi, aytish qiyin, lekin Kobuldagi Ozodlik muxbiri Olim Ko‘hkan O‘zbekistondagi elektr taqchilligi muammosini afg‘onistonliklar Tolibon hukmronligi yillarida boshdan kechiganini eslaydi.

- Biz allbatta xursandmiz, chunki odamlarga elektr kerak. Bundan 10-12 yil oldin, Tolibon hukumati paytida, endi ag‘darilgan yillarda ham Kobulda elektr quvvati (O‘zbekistondagi kabi-tahr.), faqat tunda 4-5 soat berilar edi xolos,- deydi muxbirimiz.

XS
SM
MD
LG