Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:27

Markaziy Osiyoda dunyoviy “oyatullohlar” davri boshlanadimi?


Imomali Rahmonga prezidentlikdan ketgach prezidentdanda kattaroq vakolatlar berish haqidagi qonun qabul qilinish arafasida. Eron davlat boshqaruvidan nusxa olingani aytilayotgan bunday o‘zgarish mintaqaning hokimiyatdan ketishni xayoliga keltirmayotgan prezidentlari konstitusiyaviy monarxiya qurish urinishini boshlagani ifodasimi? Ozodlikning “Qurultoy” dasturida qatnashgan tahlilchilar shu ehtimolni muhokama qildilar.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonga “tinchlik va milliy birlik asoschisi – millat peshvosi” maqomini berish va davlat boshqaruvida millat peshvosi deb ataladigan supervakolatlarga ega yangi lavozim joriy etish to‘g‘risidagi qonun 9 dekabr kuni parlament quyi palatasi tasdig‘idan o‘tdi va u tez orada kuchga kiradi.

Birinchi prezidentga hokimiyatdan ketgandan so‘ng katta vakolat berib¸ u va oila-a’zolari daxlsizligini kafolatlash haqidagi qonun Markaziy Osiyoda yangi hodisa emas.

Qozoq parlamenti 2000 yilda “Qozog‘iston Respublikasi birinchi prezidenti to‘g‘risida” konstitusion qonun qabul qilgan va Nursulton Nazarboyevning nafaqat hokimiyatdaligi¸ balki prezidentlikdan ketganidan so‘ng ham mutlaq daxlsizligi va bu daxlsizlik uning oila-a’zolariga ham birdek taalluqli ekanini kafolatlagan edi.

2003 yilda Oliy Majlis “O‘zbekiston Respublikasi prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish orqali Islom Karimovning hokimiyatdan ketganidan so‘ng umrbod Senat a’zosi bo‘lishi va uning daxlsizligini kafolatlagan edi.

Bu borada o‘z katta qo‘shnilarini ham ortda qoldirayotgan Tojikistonda Imomali Rahmon 2020 yilda prezidentlikdan ketgach¸ bo‘lajak prezident qarorlarini nazorat qilish haqqiga ega superlider bo‘lishga hozirlanmoqda.

“Qurultoy” dasturida qatnashgan tahlilchi Kamoliddin Rabbimov¸ bunday urinishlar mintaqada konstitusiyaviy monarxiya paydo bo‘lishiga yetaklashi haqidagi taxminlarni rad etib¸ ularning konstitusiyaviy avtoritarizmni kuchaytirishga olib kelishini ta’kidlaydi.

O‘zbekiston MMXsining sobiq zobiti¸ hozirda Britaniya universitetida doktorlik dissertasiyasi ustida ishlayotgan Ikrom Yoqubov¸ bunday urinishlarning uni qabul qildirayotgan prezidentlar bilan birga qabrga kirajagini bashorat qiladi.

Qirg‘iziston birinchi prezidenti Asqar Aqayev esa¸ Markaziy Osiyo prezidentlari milliy lider bo‘lish niyatida bo‘lsa¸ o‘z hokimiyatlari umrini turli antikonstitusion yo‘llar bilan uzaytirish o‘rniga¸ o‘z davlatida hokimiyatni tinch yo‘l bilan munosib odamlarga topshirish mexanizmini yaratishi lozim¸ degan fikr bildirdi.

Qozog‘istonlik huquqshunos Jemis Tuzmag‘ambetova esa¸ konstitusiyani tahqirlash¸ davlat boshqaruvida hammadan¸ xususan¸ konstitusiyadan ustun turadigan dunyoviy “oyatullohlar”ni yaratish mintaqa uchun xayr keltirmasligini ta’kidladi.

“Qurultoy”da bildirilgan bu kabi fikr-mulohazalarni to‘lig‘icha quyida tinglashingiz mumkin.

Markaziy Osiyoda dunyoviy oyatullohlar davri boshlanadimi?

XS
SM
MD
LG