Линклар

Tovlamachilik, pora olish bilan ayblanayotgan jizzaxlik inson huquqi faoli O‘ktam Pardayevning yaqinlari uning amnistiyaga ilinishi uchun “go‘yoki u keltirgan moddiy zararni” to‘la qopladilar. Vaqtincha saqlash izolyatorida qolayotgan O‘ktam Pardaev esa o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni inkor qilib kelmoqda.

Jizzax viloyati Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘limi tergovchisi olib borgan surishtiruv ishlariga ko‘ra, O‘ktam Pardayev fuqarolardan aldov yo‘li bilan qariyb 3,5 million so‘m pul olgan.

Bu haqda tergovchi tuzgan dalolatnomada aytiladi. Bu hujjatda tergovchi ana shu ayblovlar bilan O‘ktam Pardayevga bir qancha savollar bergan. Pardayev esa fuqarolarga tekin huquqiy yordam ko‘rsatganini ta’kidlar ekan, xizmati uchun ulardan pul olganini keskin inkor qiladi.

Tergovchining dalillarida esa asosan bir shaxsning, bir vaqtlar O‘ktam Pardayev huquqiy yordam bergan Ruxiyo Baitovaning og‘zaki ko‘rsatmalariga tayaniladi.

O‘ktam Pardayevning ukasi Sharof Pardayevning aytishicha, yaqin qarindoshlar tergovchi aytgan “moddiy zararni” o‘z ixtiyorlari bilan qoplashgan:

- Akamga qariyb uch yarim million so‘mni tovlamachilik bilan odamlardan olgan degan ayb qo‘yilgan. Lekin akam buni keskin inkor qilyapti. Tergovchining aytishicha, agar biz shu zararni qoplasak akam amnistiyaga ilinishi mumkin ekan. Shuning uchun biz akamga ham aytmasdan qarindoshlar yordami bilan uch yarim million so‘mni to‘ladik. Endi akamning amnistiyaga chiqishiga umid qilyapmiz. Lekin to‘laganimizga bir hafta bo‘lgan bo‘lsa ham akamning chiqishidan darak yo‘q”, dedi Sharof Pardayev.

Pardayevga ko‘ra, mazkur jinoyat ishi tergovchisining ayblanuvchi advokatiga aytishicha, bu jinoyat ishini tugatib sudga oshirish uchun “yana 5-6ta epizodni tekshirib chiqish” kerak.

O‘ktam Pardayev ayni paytda Jizzax viloyati Do‘stlik tumani ichki ishlar bo‘limi izolyatorida saqlanmoqda. 12 dekabr kuni u bilan uchrashgan advokatning Sharof Pardayevga aytishicha, akasining salomatligi yaxshi.

O‘zbekiston Inson huquqlari Mustaqil tashkilotining Jizzax viloyat bo'limi raisi vazifasida ishlagan O‘ktam Pardayev joriy yilning 16 noyabrida hibsga olingan edi.

O‘ktam Pardayev O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining tovlamachilik, pora olish kabi moddalari bilan ayblanmoqda. Dastlabki tergov jarayonida O‘ktam Pardayev o‘ziga qo‘yilayotgan bu ayblovlarni keskin inkor qilgan.

O‘zbekistonlik inson huquqi himoyachilari va xalqaro inson huquqi tashkilotlari O‘ktam Pardayevga qo‘yilayotgan ayblovlar to‘qima ekanligini aytar ekan, u inson huquqi faoliyati uchun hibsga olinganini ta’kidlab kelmoqda.

Jumladan, Hyuman Rayts Uotch, Markaziy Osiyoda Inson huquqlari uyushmasi, Inson huquqlari uchun xalqaro sheriklik tashkiloti hamda Norvegiya Helsinki qo‘mitasi O‘zbekiston hukumatidan O‘ktam Pardayevni zudlik bilan hibsdan ozod qilish haqida 27 noyabr kuni bayonot bergan edi.

XS
SM
MD
LG