Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:37

Toshkentlik Muslima: Ro‘mol uchun 700 ming jarima va 2 yilgacha qamoq deyilmoqda


Toshkentlik 43 yashar Muslima ko‘cha-kuy, jamoat transportida ko‘p to‘xtatilayotgan ro‘molli ayollarga 700 ming so‘m jarima va 2 yilgacha qamoq jazosi bilan tahdid qilishayotganini aytmoqda. Unga ko‘ra, ro‘molini yechishdan voz kechgan ayollar so‘nggi ikki oy ichida qariyb uyiga qamalib qolgan. 18 yil muqaddam ro‘mol o‘ragan bu ayol Ozodlik bilan suhbatda huquq-tartibot idoralari xodimlari va davlatning katta-kichik amaldorlarida ro‘moldan bugungidek qo‘rquv va nafratga ilk bor guvoh bo‘layotganini aytmoqda.

"Ro‘mollilar qattiq tekshiruvda"

Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi 43 yashar Muslima Ozodlik bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali suhbatlashdi va savollarga yozma javob berdi.

Muslimaning aytishicha, shu kunda poytaxtda ro‘molini "Islom dini talablari asosida o‘ragan" ayollar shaharning istalgan joyida militsiya xodimlari tomonidan to‘xtatilmoqda va shaxsi surishtirilmoqda:

"Ko‘chada ro‘molli ayollarni to‘xtatib, o‘sha yerni o‘zida ROVDgami ...telefon qilib, shaxsini surishtirib, keyin qo‘yib yuborilgan holatlarga shaxsan guvoh bo‘ldim. Metropolitenda ham oddiy insonlardan ko‘ra ro‘mollilar qattiq tekshirilyapti. Odamlar g‘alati qarashyapti keyin. Ba’zi birlari sumkani o‘zini tekshiradi. Ba’zilari juda qo‘pol muomala qilib, sumkani ichidagi borini sochib tekshiradi. Nafsoniyatga tegadigan gaplar ham bo‘ladi. Daftarchalar chiqsa, varaqlab ko‘radi", deb yozdi Muslima.

U shu kunlarda ko‘chaga qariyb chiqmayotgani, chiqsa-da borar manziliga taksida borib kelayotganini yozdi.

Uning aytishicha, poytaxtdagi ro‘molli ayollarni birma-birma suhbatdan o‘tkazib, imzosini yig‘ayotgan rasmiylar ularga ochiqdan-ochiq ro‘molni yeching, deb tahdid qilmoqda va shu bois, u mahalla qo‘mitasiga chiqmay kuni bilan uyda o‘tiribdi:

"Chiqmadim. O‘zimni olib qochib yuribman. Chunki bu qo‘l qo‘yishdan keyin bo‘ladigan yomon oqibatdan qo‘rqyapman. Ko‘pchilikdan eshitdim, lekin qo‘l qo‘yishganini. Ba’zilar noroziman, deb qo‘l qo‘yishgan", deb yozdi Muslima.

"700 ming so‘m va 2 yilgacha qamoq"

Muslima yomon oqibatlar 2 yilgacha qamoq jazosi beriladi, deb tushuntirilayotganini aytmoqda:

"Dugonalarimdan eshitdim, ba’zi bir ayollarni olib borib ROVDlarga yechmasangiz 700 ming shtraf birinchisida, ikkinchisida 15 sutka qamoq, uchinchisida 2 yil qamoq degan gaplarni eshitdim. Hozir ko‘chada yurish ham xatarli bo‘lib qoldi", deydi Muslima.

Toshkentdagi mahalla qo‘mitalari ro‘molini yechmagan ayollarni jamoat joylarida ro‘molda yurish qonun bilan taqiqlanganidan ogohlantirib, so‘ngra ogohlantirilgani haqidagi hujjatga qo‘l qo‘ydirayotgani o‘tgan haftada xabar qilingan edi.

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidan Ozodlikka yo‘llangan hujjatda bu toifa ayollar "kiyinish madaniyatiga rioya etmayotgan xotin-qizlar" deb qayd etilgan. Rasmiylar buni O‘zbekiston IIV talabi ostida qilayotganini aytgan.

Ozodlikka yo‘llangan hujjatda ​"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning 14-moddasi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 184-modda, 1-qismi keltirilgan.

Muslima ro‘moli uchun ko‘chada to‘xtatilayotgan yoki mahalla qo‘mitalari, militsiya tayanch punktlari, IIBga olib borilayotgan ayollarga shu ikki qonun yozilgan bir parcha qog‘oz pesh qilinmoqda va uning asosida jazo qo‘llanishidan ogohlantirilmoqda.

Ammo, Muslima biror ro‘molli ayolga bunday jazo qo‘llanganidan xabari yo‘qligini aytadi:

"Yo‘q, hozircha faqat bosim. Qattiq bosim. SNBga yozib beraman, hokimiyatga beraman, jarima solaman, qamoqqa tashlayman, deb ezib tashlashadi. Mahalla chaqiradi keyin ota onasi bilan. Hokimiyat chaqiradi. Hokimiyatda alohida shu masala ustida ish olib boradigan kabinet ochishgan. O‘sha yerga chaqiradi. Keyin o‘sha yerdagilar tushuntirish ishlari olib borishadi. Hokimiyatdagilar osonlikcha qo‘yib qo‘ymaydi, iloji boricha yechtirishga harakat qiladi".

Muslima 18 yil muqaddam ro‘mol o‘ragani va hozirgidek kuchli taqib-tazyiqqa guvoh bo‘lmaganini aytmoqda. Uning aytishicha, hozir maktabdagi ro‘molli qizlarga nisbatan bosim ham haddan ziyod kuchaygan:

"Mening bilishimcha, har bir maktab va kollejlarga aynan shu ro‘mol bilan kurashadigan maxsus odamlar, asosan 25-30 yoshlardagi Islomga nafrati kuchli yigitlar biriktirilyapti. Ular Xudoni bergan kuni ertalabdan maktab eshigida turib olib, ro‘molli qizlardan yechishni talab qiladi. Haqorat yog‘dirib, qattiq gapirib yig‘latib... Dars vaqtida olib chiqib ketib bir xonaga yig‘ib olib tushuntirish xati yozlaring, deydi. Ro‘molni yechaman, yechmasam jinoiy javobgarlikka tortilishga roziman, deb yozishga majbur qiladi", deb yozadi Muslima.

U hokimiyat va mahalla faollarning to‘xtovsiz bosimi, maktab rahbariyatining ta’qib va kalakalaridan bezigan qizchalarning ro‘molini yechdirishga rozi bo‘lganidan xabardorligini aytmoqda:

"Ko‘p ota-onalar hukumatning ta’qibidan, qo‘rqib yechtirishdi. Lekin yechmay qattiq turganlar ham bor. Yechmagan bir-ikkita kollej o‘quvchilarini maxsus nazoratga olib, kollejdan otchisleniya qilganini bilaman. Menimcha, o‘qituvchilarga ham ro‘molni va ro‘mol o‘ragan muslimalarni xunuk ko‘rsatib, bolalarga fikr berish buyurilgan. Chunki farzandlarimdan eshitaman bunday gaplarni", deb yozadi Muslima.

Ozodlik bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali suhbatlashgan Muslima so‘nggi bir necha yil ichida o‘zi tanigan ro‘molli ayollarning ba’zilari ro‘molini yechgani, ba’zilari esa rasmiylar aytgani kabi orqasidan o‘ragani, umuman yechmaganlar esa uyiga qamalib qolganini aytdi:

"Yaqinda o‘raganlardan boshqalari yechmagan hali. Taniganlarim 20 tachasi yechmagan. 3-4tasi orqadan qilib, oldiga boylab olishgan. O‘zbek ayollariga qo‘yib berishganida 90 foizdan ko‘pi o‘ragan bo‘lar edi, deb o‘ylayman. Davlatni ta’qibidan qo‘rqadi ko‘pchilik. Bu ochiq dinga qarshilik singlim. Ekstremizmga aloqasi yo‘q ko'pchilik o‘ranganlarni".

Ozodlik ro‘molli ayollar bilan ishlayotgan va ulardan ro‘molni "o‘zbekona milliy uslubda orqadan o‘rash"ni talab qilayotgan mahalla faollari bilan suhbatlashgan, ular bu vaziyatni hokimiyat va IIV talabi ostida qilayotganini aytgan.

XS
SM
MD
LG