Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:59

Dushanbeda jarimaga tortilgan sarrof o‘zini osib qo‘ydi


“Farovon” bozorida 8 yildan buyon sarroflik bilan shug‘ullanib kelgan Alixon Azimov bir hafta muqaddam o‘z uyida joniga qasd qildi.

Rasmiylar hodisa yuzasidan hozircha biror-bir izoh berganlari yo‘q.

Sarrofning akasi Olim Azimov Ozodlikning tojik xizmatiga Alixonni xudkushlikka nima majbur qilgani o‘ziga ma’lum emasligi, biroq fojea unga qarashli valuta ayirboshlash shaxobchasi yopilib, 120 ming somoniy (18 ming AQSh dollaridan ko‘proq – tahr.) miqdorida jarima solinishi ortidanoq sodir bo‘lganini aytgan.

Olim Azimovga ko‘ra, Alixon unga qarzi borligini aytmagan.

“Barcha mablag‘ni qaytadan sanab chiqdim, ammo uning nima uchun bu ishga qo‘l urganini tushunolmayapman”, degan Olim Azimov tug‘ishganining aldov qurboni bo‘lganini ehtimoldan soqit qilmagan.

Olim Azimov Alixonning rafiqasi erining o‘zini o‘ldirish niyatidan xabari bo‘lmaganini aytgan. Unga ko‘ra, Alixon faqat bir xat qoldirib, unda yaqinlaridan barcha mablag‘ni qayta sanab chiqib, uylarni sotib, uning qarzlarini uzib qo‘yishni iltimos qilgan. Bu xatda Alixon kimdan va qancha qarzi borligini yozmagan.

Olim Azimov ukasiga katta miqdorda jarima solishgan paytda juda tushkunlikka tushib va qattiq qo‘rqib ketganini xotirlaydi. Uning aytishicha, xudkushlikdan ikki kun avval Alixonga qo‘ng‘iroq qilishib, 120 ming somoniy miqdorida jarima to‘lashi lozimligini aytishgan. Bu voqeadan bir necha kun oldin esa prokuratura dastmoyasi 100 ming somoniyni tashkil qilgan valuta ayirboshlash shaxobchasida tekshiruv o‘tkazgan. Tekshiruv chog‘ida shaxobcha qonunga muvofiq ravishda ishlayotgani aniqlangan.

Olim Azimovning aytishicha, prokuratura valuta ayirboshlash shaxobchasini tekshirayotgan paytda u yerga Abdurahmon Jomiy tumanidan bo‘lgan bir kishi kirib, boshqa birovga berib qo‘yish iltimosi bilan 8 ming somoniy tashlab ketgan. Alixon bu odamni bilgani uchun pulni olib qolgan. 5 dekabr kuni esa unga qo‘ng‘iroq qilishib, jarima to‘lashi lozimligini aytishgan.

Xudkushlikka qo‘l urgan 32 yoshli Alixon Azimovning ortida 4 farzandi qolgan. Ukasining so‘nggi iltimosini bajarish uchun Olim Azimov o‘z uyini, Alixonning uyini va yana bir ukasining uyini sotuvga qo‘ygan.

“Farovon” bozori joylashgan Sino tuman ichki ishlar bo‘limi navbatchilari Ozodlikning tojik xizmatiga fojeadan xabarlari yo‘qligini bildirishgan.

Noyabr oyi oxirida Tojikiston Milliy banki AQSh dollarining milliy valutaga nisbatan kursi keskin oshib ketishi natijasida valuta ayirboshlash shaxobchalarining barchasini yopishga qaror qilgandi. Milliy bank vakillarining boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan birgalikda o‘tkazgan reydlari chog‘ida valuta ayirboshlash shaxobchasi ishlatadigan 38 kishiga nisbatan materiallar to‘plangan hamda 60 ming somoniydan ($9000 dan ko‘proq – tahr.) 100 ming somoniygacha ($15000 dan ko‘proq – tahr.) jarima solingan.

12 dekabr kuni valuta ayirboshlash shaxobchalarida ishlaydigan 60 chog‘li odam o‘z muammolarini bayon etish uchun Tojikiston Milliy banki binosi oldida yig‘ilgan. Milliy bank rahbariyati ularga sarroflik shaxobchalari yangi yildan qayta ochilishi mumkinligi aytib, taskin berganlar.

XS
SM
MD
LG