Линклар

Rossiyaga kiritilmayotgan o‘zbekistonlik oilasi bir oydan buyon Mongoliyaning Bayan-Ulgiy shahrida qolmoqda. Oila boshlig‘i Federal migratsiya idorasi bu tushunmovchilik rus chegarachilari xatosi asosida yuzaga kelganini tan olayotganiga qaramasdan, uni tuzatishga shoshilmayotir, deydi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan jizzaxlik yigit Rossiyaga kirib kelayotganida chegarachilarning rafiqasi familiyasini yozishda qilgan bitta xatosi tufayli roppa-rosa bir oydan buyon oila a’zolari bilan Mongoliya chegarasida qolib ketganini Ozodlikka aytib berdi.

- 2013 yil 4 dekabrda biz Toshkent-Novosibirsk poezdida kirib kelgan edik. O‘shanda “Lokot” chegara postida ayolimni familiyasida bitta harf yozibdi. Rossiyaga kirib, Oltoyda kafeda ishladik. Ekzamen topshirib keldik, keyin 2014 yil sentyabrda “razreshenie na rabotu” qilish uchun Qozog‘istonga chiqib keldik. Ishladik, 2015 yil avgustda O‘zbekistonga uyga qaytdik, 1,5 oy turdik. Shu yilning 19 oktyabrida biz Novosibirsk poezdida yana kirib keldik. Undan oldin 5 ming so‘mga aviakassada tekshirib ko‘rdim – yo‘lim ochiq ekan. “Lokot” chegara postida ayolimni olib ketdi “Senda zapret bor!”, deb. 5 minutdan keyin “Kechirasizlar, anglashilmovchilik bo‘libdi!”, deb pasportimizni bervordi va biz Rossiyaga kirib keldik yana, dedi muhojir.

Asli Jizzax viloyatidan ekanini aytgan bu muhojir oilasi bilan Oltoy Respublikasidagi eski ish joyiga qaytdi.

Ishga ruxsatnomani rasmiylashtirish paytida mahalliy migratsiya idorasi boshlig‘i er-xotinlardan “yangidan til bilish to‘g‘risidagi sertifikatga imtihon topshirish zarurligi”ni bildirgan.

- Sertifikat javobi Moskvadan kelguncha, bizning registratsiya vaqtimiz bir oydan o‘tib ketayotganini ko‘rib, biz 14 noyabr kuni Qozog‘istonga emas, Mongoliyaga qarab yurdik, chunki chegara atigi 50 kilometr narida. Qozog‘iston 1 ming kilometr uzoqlikda! Mashinada chegaradan o‘tib, 10 kilometr neytral zonagacha borib qaytgan edik, qo‘limizga “Sizlarga zapret!” degan qog‘oz berdi “Rossiyaning 26 qoidasini buzyapsizlar” deb, dedi u.

Mongoliya chegarasiga kelgan o‘zbekistonlik muhojir mahalliy chegarachilar tomonidan kiritilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish oldi.

Nihoyat, ko‘p soatlik tortishuvlardan keyin mo‘g‘ul chegarachilari 4 ming rubldan har bir oila a’zosiga olingan boj evaziga o‘zbek oilasiga kirish vizasi berdi. Mongoliyaning Bayan-Ulgiy shaharchasi aholisi asosan qozoqlardan iborat bo‘lgani sababli, bu yigit mahalliylar bilan so‘zlashishda murakkabliklar yuzaga kelmayotganini aytdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya FMSi o‘zbekistonlik bu migrantlar oilasiga 2017 yilning iyul oyigacha kirishga taqiq qo‘ygan.

Ozodlik so‘roviga Oltoy viloyati bo‘yicha FMS boshqarmasi haqiqatan jizzaxlik bu oila masalasida so‘rovnoma Moskvadagi boshqarmaga yuborilgani va u erdan ijobiy javob kelishi kutilayotganini bildirishdi.

Hozirda Mongoliya g‘arbidagi Bayan-Ulgiy shaharchasi mehmonxonasida 14 noyabrdan buyon yashab kelayotgan o‘zbekistonliklar qaerdan najot izlashni bilmasdan, Ozodlik orqali murojaat qildi:

- Oltoy o‘lkasi bojxona xizmatidagilar 2013 yilda kirganimizdagi ikki marotaba yozilgan blankdagi xato tufayli zapret borligi aniqlandi. O‘ris o‘zini boshini kesmaydiku, noto‘g‘ri bo‘lsa ham, 2-3 o‘zbek uchun! Nima bo‘layotganini tushunmayapmiz... O‘zbekistonning Novosibirskdagi konsuliga murojaat qilganimizda, “Konsul bugun shug‘ullana olmaydi – ertaga telefon qiling!”, debdi, dedi mehnat muhojiri.

Hozirda na Rossiyaga kiritilishi ma’lum, O‘zbekistonga ketish uchun esa mablag‘i yo‘q bu oila FMS bosh idorasi javobini kutib qolishini ma’lum qilmoqda.

Ozodlik bu oila bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG