Линклар

Dushanba kuni Moskvada Rossiya prezidenti devoni oldida “Platon” to‘lov tizimiga qarshi kurashayotgan haydovchilar norozilik aktsiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda katta yuk mashinalarini boshqaruvchi bu ishchilar Kompartiya deputatlari bilan uchrashdi. Haydovchilar Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedevning so‘zlaridan norozi ekanini ma’lum qildi.

Norozilik namoyishiga 70 ga yaqin fura haydovchisi va ularga xayrixoh bo‘lgan 20-30 fuqaro keldi.

Katta yuk mashinalaridan har bir kilometr yurgan yo‘lidan soliq olish uchun joriy etilgan “Platon” tizimiga qarshi ekanini ma’lum qilgan mitingchilar, shuningdek, Rossiya Bosh vaziri Dmitriy Medvedev so‘zlaridan qattiq norozi ekanini gapirdi:

- Yaqinda Medvedev so‘zga chiqib, “Haydovchilarning asosiy qismi qaydga turdi!”, dedi. Bu odamlar majburlikdan unga qo‘shilgan! Ammo 2-3 oydan keyin ular ham bu shaklda ishlash foydasiz ekanini tushunib yetadi. Axir aktsizni ham to‘lamaslikning iloji yo‘q. Medvedev surbetlarcha yolg‘on gapirishidan nima naf ekanini tushunmayapman. Biz soliq to‘lamayotganimiz g‘irt yolg‘on! Yuk tashuvchilarning 80 foizi – bu xususiy tadbirkorlardir. Nafaqat biz, balki ishlab chiqaruvchilar ham zarar ko‘ryapti bu soliqdan. Magazinlarga kirib ko‘ring – narxlar 30-40 foizga oshgan, dedi tataristonlik haydovchi Andrey Lukin.

Eslatish joizki, bundan oldinroq, “dalnoboyshchiklar” chiqishlariga javoban hukumat boshlig‘i Dmitriy Medvedev norozilik aktsiyalarida soliq to‘lamayotgan va “nimani tashiyotgani noma’lum” yuk tashuvchilar ishtirok etayotganini iddao qilgan edi.

Yakshanba kuni Peterburgdagi “Platon” tizimi ofisi oldiga bir guruh faollar tomonidan “Rotenberglarga- aholidan” deb yozuv bitilgan gulchambarlar keltirildi.

12 tonnadan ziyod og‘irlikka ega katta mashinalardan federal trassalarda yurgani uchun olinadigan soliq tizimi joriy yilning15 noyabrida kiritilgan edi. “Platon” to‘lov tizimi orqali yig‘iladigan pullar Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng yaqin do‘sti milliarder Arkadiy Rotenbergning o‘g‘li Igorga qarashli xususiy kompaniyaga o‘tkazilishi ma’lum bo‘ldi.

Bu yangilik butun mamlakat bo‘ylab ishlayotgan minglab haydovchilar noroziliklarini keltirib chiqardi.

Norozilik tashkilotchilari minimal tezlikda harakatlanayotgan yuk mashinalari aktsiyasini “shilliqqurt” deya atab, Moskva kabi yirik megapolislarda mashina qatnovini to‘xtatib qo‘yishga qaror qilgan edi.

XS
SM
MD
LG