Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:03

Hukumat xonandalardan mustaqillik haqida qo‘shiq kuylashni talab qilmoqda (yangilandi)


O‘zbekiston hukumati kuni kecha qabul qilgan qarorda aytilishicha, “yosh va iqtidorli ijrochilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik va milliy mustaqillik g‘oyalari ruhida tarbiyalashga hissa qo‘shadigan musiqa asarlari yaratishni rag‘batlantirish, sog‘lom ijodiy muhitni shakllantirish borasidagi vazifalarni amalga oshirish borasidagi vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha faoliyati qoniqarsizligicha qolmoqda”.

Hukumatning bu tanqidi konsert-tomosha faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, madaniy-ommaviy tadbirlarni o‘tkazish hamda yuqori saviyadagi badiiy musiqiy asarlarni yaratishga mas’ul vazirliklar va idoralarga qaratildi.

Hammaning “po‘stagi qoqildi”

Vazirlar Mahkamasi 9 dekabrda qabul qilgan “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda Madaniyat va sport ishlari vazirligi, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi, Milliy estrada san’atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining konsert-tomosha faoliyati sohasini muvofiqlashtirish va nazorat qilishga doir ishlari qoniqarsiz deb topilgani qayd etilgan.

Hukumat qaroriga “Konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida Nizom” ilova qilingan bo‘lib, mazkur hujjatda O‘zbekiston Respublikasida va uning tashqarisida konsert-tomosha faoliyatini litsenziyalash tartibi, ijrochilarning reyting guruhlarini belgilash bo‘yicha mezonlar va malaka talablari belgilab qo‘yilgan.

Buyog‘i nima bo‘ladi?

Hukumat qarorining to‘xtam qismida tegishli vazirliklar va idoralar oldiga qo‘yilgan talablar bayoni “so‘zsiz rioya qilinishi ta’minlansin”, “qat’iy rioya qilinishi ta’minlansin”, “tizimli nazorat o‘rnatilsin”, “javobgarlikka tortilishini ta’minlasinlar” kabi amrlar bilan tugagan.

Masalan, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga “madaniy qadriyatlarga va milliy urf-odatlarga muvofiq bo‘lmagan, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy ahloqiy tarbiyalashga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan qo‘shiqlar va videokliplarning efirga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik chora-tadbirlarini ko‘rish” vazifasi yuklatilgan.​


Xonandalar politsiyasi

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasiga hukumat tomonidan berilgan vakolatlar o‘ziga xos politsiya vakolatlari darajasida ekanligi tushunish uchun Ozodlikning quyidagi uchta sarlavhasi ostidagi faktlar yetarli bo‘lsa kerak:

"O‘zbeknavo" Lolaning Facebookdagi suratlariga e’tiroz bildirdi.

Telekanallarda qanday qo‘shiq yangrashini bundan buyon "O‘zbeknavo" hal qiladi.

“Million” jamoasi “Toshkentda toshkentlik kamayib ketdi” hajviyasi uchun “O‘zbeknavo”ga tushuntirish berdi.

Hukumatning kechagi qarori bilan birlashmaga ruxsat beruvchilik va nazorat qilish vakolatlarini yanada kuchaytirish vazifasi yuklatildi.


Oypopuk Eshonxonovaning aytganlari

Taniqli xonandadan hukumat qaroriga munosabatini so‘radik.

Uning fikricha, yangi qarorning qabul qilinishiga “bo‘lar-bo‘lmas qo‘shiqlar ko‘payib ketgani” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda, Oypopuk Eshonxonovaning fikricha, “ana o‘sha bo‘lar-bo‘lmas qo‘shiqlar ham kerak. Chunki ular qo‘shiqchilik san’ati rivoji uchun kerak”.

“O‘zbeknavo”ning ko‘ngilli yordamchilari

Mavzuni o‘rganar ekanmiz, O‘zbekistonda shakllanib kelayotgan shou-biznes yangiliklarini yoritib kelayotgan sayyod.com saytida xonanda “Rayxonning konsert banneri shaxar ko‘chalariga ilinish arafasida reklama servisi tarafidan o‘tkazilmagani” to‘g‘risidagi xabarga ko‘zimiz tushdi.

​"Zanjirlar mumkin emasmish. Vey chuqurlashishadiey. Zanjir zapretda ekan! Zo‘rmi?!) Reklama servislarigayam mansab bitibdi. Demakki ularning xam zapretlar kitobi tayyor)) Odam qolib narsalar zapretga kirmoqda. Oddiy temirni nima aybi bor ekan, tushunarsiz. Balki xamma gap zanjirlar yalang‘och bo‘lganidadir? Oyog‘i yoki beli ochiqdir? Balki zanjirning ko‘kragini reklama servisi ko‘rib qolishkanmikan?) Tavba)) Kiyintiring zanjirlarni!” deb kinoya qilgan sayyod.com sayti.

Ozodbekning o‘giti

Vazirlar Mahkamasining qarori O‘zbekistonning keyingi yillardagi Birinchi qo‘shiqchisi Ozodbek Nazarbekovning bundan 1-2 yil oldin Nyu-Yorkdagi konsertida aytgan gaplarini yodimizga soldi.

Kontsertni boshlar ekan, Ozodbek bunday degan edi:

“Eng avvalo bir narsani yaxshi bilishimiz kerak: orqamizda Vatan degan, O‘zbekiston degan buyuk davlat turibdi. Har bir hatti-harakatimizda albatta, orqamizda vatan turganini, millat turganini unutmasligimiz va albatta vatanga qaytganda boshni tik tutib g‘urur bilan qaytib borish hammaga nasib qilsin. Endi, aytish mumkin, shunaqa insonlar borki, O‘zbekistondagi kichkinagina kamchiliklarni shishirib, puflab katta qilib dunyoga jar soladigan o‘zimizning odamlar bor. Shulardan ehtiyot bo‘linglar”.

Aftidan, boshqa xonandalardan ham bundan buyon o‘z konsertlarida Ozodbekka o‘xshab tomoshabinga pand-nasihat aytish talab qilinadi.

Vazifasi yangilangan idoraga yangi boshliq

Hukumat bu sohadagi qarori qabul qilinishi arafasida - 4dekabr kuni prezident Karimovning farmoni bilan “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi direktori etib Farhod Jo‘rayev tayinlangan edi. “O‘zbeknavo” rahbari, ayni paytda, Madaniyat va sport ishlari bo‘yicha vazir o‘rinbosari hamdir.

XS
SM
MD
LG