Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:19

ShHT doirasida erkin savdo hududi yaratish taklif etildi


Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar hukumatlari tashkilot doirasida erkin savdo hududini yaratish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Xitoyning Jenjou shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT davlatlari hukumatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qilindi. 14-15 dekabr kunlari bo‘lib o‘tgan ayni yig‘inda O‘zbekistondan bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

ShHT yig‘inida so‘z olgan Xitoy Davlat Kengashi rahbari Li Ketsyan tashkilot doirasida erkin savdo zonasini yaratish borasida konkret tadbirlar ishlab chiqishga kirishilganini ta’kidladi.

- Hozirgina kichik tarkibdagi yig‘inda savdo va iqtisodiyot vazirlariga ShHT doirasida erkin savdo zonasini yaratish borasida konkret tadbirlar ishlab chiqishga ko‘rsatma berishga kelishib oldik. Bu ShHT doirasidagi savdoni rivojlantirishga qulay shart-sharoilar yaratib berishga qaratilgan choradir, - dedi Xitoy Davlat Kengashi rahbari Li Ketsyan.

Erkin savdo hududi bojxona to‘lovlarini imkoni boricha tushirishni maqsad qiladi.

Unda a’zo davlatlar o‘rtasida bosqichma-bosqich turli mahsulotlarning eksport va importiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash nazarda tutiladi.

ShHT doirasida a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo jarayonini engillashtirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh allaqachon yaratilgan.

Endilikda uning faoliyat doirasini yanada kengaytirib, savdo hududini yaratish rejalashtirilmoqda.

- 2020 yilga borib ushbu hududda tovarlar, kapital, xizmat va texnologiyalarni erkin olib o‘tish yo‘lga qo‘yiladi, - dedi Li Ketsyan.

Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yilda tashkil topgan. Hozirda mazkur tashkilotga Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston a’zodir. Mongoliya, Eron, Afg‘oniston, Hindiston va Pokiston esa tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega.

XS
SM
MD
LG