Линклар

logo-print

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining xavfsizlik masalalari bo‘yicha direktori Furqat Karimqulovni Milliy xavfsizlik xizmati hibsga oldi. Furqat Karimqulov, Ozodlik manbalariga ko‘ra, oltin o‘g‘irlaganlikda gumonlanmoqda. O‘zbekistondagi ba’zi Internet saytlari kombinat direktori Aleksandr Farmonovning ham ishdan bo‘shatilganini yozmoqda. Biroq kombinat mulozimlari buni inkor qilyapti.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining xavfsizlik masalalari bo‘yicha direktori Furqat Karimqulov o‘tgan haftada hibsga olindi.

Kombinatdagi Ozodlik manbasining aytishicha, Furqat Karimqulov oltin o‘g‘irlaganlikda gumonlanmoqda:

“Furqat Karimqulovni Milliy xavfsizlik xizmati hibsga oldi. Biz olgan ma’lumotlarga ko‘ra, u 11 kilogramm oltinni noqonuniy o‘zlashtirishda ayblanayotgan ekan. Karimqulov hozir respublika MXXsi podvalida saqlanmoqda”, dedi manba.

Ismi sir qolishini so‘ragan kombinat mulozimlaridan biri Furqat Karimqulovning hibsga olinganini tasdiqladi:

“Ha, u kishi hozir MXXda so‘roq qilinyapti. Iqtisodiy jinoyatlarda gumonlanyapti. Boshqa hech narsa deya olmayman”, dedi mulozim.

Furqat Karimqulov Jinoyat Kodeksining aynan qaysi moddalari bo‘yicha ayblanayotgani Ozodlikka ma’lum emas.

Ayni paytda, O‘zbekistondagi ba’zi Internet nashrlari kombinat direktori Aleksandr Farmonovning 14 dekabr kuni o‘z vazifasidan ozod etilgani haqida yozdi. Lekin kombinat mulozimi bu xabarni tasdiqlamadi:

“Aleksandr Farmonov hozir ta’tilda. Ertaga ishga chiqadilar. U kishining ishdan olingani haqidagi xabarlar asossiz”, dedi mulozim.

O‘zbekistonda oltin Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlarida qazib olinadi.

O‘tgan yilda O‘zbekiston dunyoda oltin qazib olish bo‘yicha 8-o‘rindan 7-o‘ringa ko‘tarilgan.

AQSh Geologiya xizmatining bildirishicha, O‘zbekistonda 2014 yilda oltin ishlab chiqarish 2014 yilda 2013 yilga nisbatan 4 foizga o‘sgan va 102 tonnani tashkil qilgan.

O‘zbekiston 2014 yilda bozor narxida 4 milliard AQSh dollarlik oltin qazib olgan va bu mamlakat yillik byudjetining qariyb to‘rtdan biriga tengdir.

O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan oltinning qancha qismi kimga, qaysi narxda sotiladi¸ bunga oid ma’lumotlar jamoatchilikka ma’lum emas.

2014 yili dunyoning eng badavlat yuqori texnologiyaga asoslangan elektron vositalari ishlab chiqaruvchi Apple shirkati o‘zining iPhone, iPad, iPod kabi mahsulotlarida O‘zbekistonda qazilgan oltindan foydalanishini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG