Линклар

logo-print

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining delegatsiyasi joriy haftada siyosiy konsultatsiyalar o‘tkazish uchun Tojikistonga boradi. Bu haqda vazirlik xabarida aytiladi. O‘tgan yili prezident Karimovning ShHT sammiti doirasida Dushanbega qilgan safaridan so‘ng ikki qo‘shni davlatlar hamkorligida bir oz ijobiy o‘zgarish sezilgan edi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, 17-18 dekabr kunlari ikki mamlakat TIV o‘rinbosarlari boshchiligidagi delegatsiya Dushanbe shahrida siyosiy konsultatsiya o‘tkazadi.

Bu uchrashuv davomida mintaqadagi global muammolar, Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi vaziyat, ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

Dekabr oyining boshida o‘zbekistonlik tadbirkorlar guruhining Dushanbega tashrifi chog‘ida, ikki tomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish, O‘zbekiston Savdo uyining Tojikiston poytaxtida ochish haqida kelishib olingan edi.

“O‘zaro manfaatli iqtisodiy va savdo munosabatlarini jadallashtirish uchun bizning mamlakatlarimiz o‘rtasida katta imkoniyat bor. Iqtisodiy hamkorlikning hamma sohasida bizning eshiklarimiz katta ochiq”, dedi Tojikiston Savdo-sanoat palatasining vakili.

Vakil ikki davlat sub’ektlari o‘rtasida biznes aloqalari o‘rnatish uchun ishonchli hamkorlar qidirib topishda Tojikiston Savdo-sanoat palatasi o‘zbekistonlik tadbirkorlarga yaqindan yordam berishga tayyor ekanligini bildirgan.

Ozodlikning tojik xizmatiga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni Dushanbeda Savdo uyi ochishga tayyor ekanligini bildirgan va Tojikistonga katta assortimentdagi oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, kimyo sanoati, tayyor tekstil mahsulotlari, qurilish materiallari, mineral o‘g‘it va boshqa tovarlar yetkazib berishga tayyor ekanligini izhor qilgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarining bir necha yillik passiv holatidan so‘ng ilk bor bu sohada ijobiy o‘zgarish sezila boshlandi.

Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi joriy yilning 9 oyida 8,7 million dollarni tashkil qildi. Umumiy miqdordagi o‘sish 66,9 foizga etdi.

Ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasining o‘sishi so‘nggi sakkiz yilda ilk bor kuzatilmoqda.

O‘tgan yilning sentyabr oyida O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida qatnashish uchun Dushanbega borganidan so‘ng, ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarda sal o‘zgarish sezilganday bo‘ldi.

Joriy yilning iyun oyida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning Toshkentdagi uchrashuvi Tojikiston hukumatini munosabatlarning yaxshilanishiga umidlantirdi.

Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar borgan sari sovuqlashib bordi.

Ayniqsa, Tojikiston Rog‘un GESini qurish haqidagi qaroridan so‘ng, rasmiy Toshkent deyarli barcha iqtisodiy va siyosiy aloqalarni uzdi.

O‘zbekiston hozirga qadar Rog‘un GESining qurilishiga qarshi bo‘lib kelmoqda.

XS
SM
MD
LG