Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 03:13

O‘zbek bojxonachilariga kuryerlik jo‘natmalarini ochishga ruxsat berildi


O‘zbekistonga yuborilayotgan pochta jo‘natmalariga qo‘shib, kuryerlik jo‘natmalari ham bojxonachilar tomonidan ochilishi mumkin. Bu haqda qabul qilingan qaror matnida shaxsiy korrespondensiya mustasno deyilgan. Ammo, bu yangilik ortidan surishtiruv jarayonida amalda O‘zbekiston hududiga kirib borayotgan har bir korrespondensiya shu kungacha ham bojxona tekshiruvi vaqtida ochilayotgani va o‘qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bojxonachilar buni xavfsizlikni saqlash sababi bilan izohladi.

Qaror

Davlat Bojxona xizmati va Adliya vazirligining 11 dekabr kuni tasliqlagan 896-1 sonli qarori bilan «Xalqaro pochta jo‘natuvlari ustidan bojxona nazoratining vaqtinchalik qoidalari»ga qator o‘zgartishlar kiritildi.

Qonunchilikka binoan shu kunga qadar pochta jo‘natmalari Bojxona xizmati nazoratidan o‘tkazilgan bo‘lsa, bundan buyon O‘zbekiston hududiga kirib borayotgan kurerlik jo‘natmalari - alohida manzilga jo‘natilayotgan korrespondensiya, posilka, matbaa nashri, banderollar ham bojxonachi tomonidan ochilishi va o‘qilishi mumkin.

Norma.uz saytida e’lon qilingan qaror matnida bu o‘zgartishlar "yozma korrespondensiya (mayda xaltalardan tashqari) va diplomatik pochtaga daxldor emas"ligi qayd etilgan.

Shuningdek, qarorga Norma.uz saytida berilgan sharhda O‘zbekistonga xorijdan kirgan pochta va kuryerlik jo‘natmalari bojxona uchun to‘ldirilgan hujjatlarda jo‘natmaga oid ma’lumotlar to‘liq bayon qilinmagan taqdirdagina bojxonachilar tomonidan ochilishi mumkin, deyilgan.

Bu holatda bojxona xizmati mas’ullari jo‘natmalarni avvaliga texnik vositalar yordamida tekshiradi va savollar tug‘ilsa, ularni ochadi. Jo‘natmalarni ochish jarayoni maxsus ajratilgan va tegishli uskunalar o‘rnatilgan joylarda kuryerlik shirkati vakili va Bojxona xizmati mutasaddilaridan birining guvohligida o‘tkaziladi.

Muhimi, yangi tartibga binoan tekshiruvni o‘tkazgan bojxonachi jo‘natma tarkibi, hajmi, og‘irligi va hokazo ma’lumotlarni qog‘ozga tushiradi va bu hujjatning bir nusxasi adresatga yo‘llanadi.

Qaror mantida bu o‘zgarishtirlar qaror matbuotda e’lon qilinganidan 3 oy o‘tib, kuchga kirishi aytilgan.

Amaliyot

Bu o‘zgartishlar ortidan o‘tkazilgan kichik surishtiruv jarayonida esa aslida bojxona xizmati O‘zbekistonga kirib borayotgan har bir jo‘natma - pochta jo‘natmalari, kuryerlik jo‘natmalari, xususan, alohida shaxslarni nomiga jo‘natilayotgan korrespondensiyalar ham shu kunlarda ochilayotgani, o‘qilayotgani ma’lum bo‘ldi.

"O‘zbekiston pochtasi" aksionerlik jamiyati "Xalqaro pochtamt" filialining Bojxona postiga mijoz tariqasida bog‘langan Ozodlik muxbiriga o‘zini tanishtirmagan holda javob bergan xodim mamlakat hududiga kirayotgan har bir jo‘natma ochilishini aytdi:

"Yuz foiz posilka bizda o-chi-ladi. Bojxona to‘g‘risidagi kodeksning 45-moddasiga ko‘ra, yuk egasisiz ochilib, bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. 896 sonli qaror bilan bunga kuryerlik pochta jo‘natmalariyam qo‘shildi, 10 kilodan oshmaslik kerak. Oshsa, bojxona deklaratsiyasi tuziladi va boj undiriladi. Endi hozir O‘zbekiston xavfsizligini ta’minlash maqsadida hammasi ochib o‘qilyapti. Siz uning ichida nima informatsiya berayotganingizni bilmaysizku?! Sizning shaxsingizga oid ma’lumotni hech kim tarqatmidiku? Sizga hech kimning g‘arazi yo‘q, sizning shaxsiy ma’lumotingizni birovga sotmaydi ham. Davlat miqyosida xavfsizlikni saqlash uchun pochtalarning hammasi ochib ko‘riladi, bu Bojxona kodeksida ham yozilgan", dedi "Xalqaro pochtamt" filiali Bojxona postining o‘zini tanishtirmagan xodimi mijoz tariqasida bog‘langan muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda.

O‘zbekiston Respublikasining Bojxona Kodeksi 45-moddasida esa shunday deyilgan:

"Shaxsni ko‘zdan kechirish bojxona chegarasi orqali o‘tayotgan yoxud bojxona nazorati zonasida yoki xalqaro aloqa uchun ochiq aeroportning tranzit zonasida turgan jismoniy shaxs qonun hujjatlarini buzish ob’ektlari hisoblanuvchi tovarlarni o‘z yonida yashiryapti va ko‘rsatmayapti deb hisoblashga asoslar bo‘lgan taqdirda, bojxona organi mansabdor shaxsining qaroriga binoan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkaziladi".

"Belgilangan tartib" «O‘zbekiston Respublikasi MXX-MXXB aviatsiya xavfsizligi bo‘linmalari tomonidan qo‘lda olib yuriladigan yukni, bagajni ko‘zdan kechirish va yo‘lovchilarni, fuqaro havo kemalari ekipaji a’zolarini, aeroportlar xodimlari va boshqa mansabdor shaxslarni shaxsan tekshirib chiqishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida»gi yo‘riqnomaga asoslangan.

Nomidan ham ko‘rinib turganidek, bojxonachilar shubhali tuyulgan yo‘lovchini qo‘lidagi sumkasi, cho‘ntaklaridan tashqari o‘zini ham alohida xonada paypaslab yoki yechintirib tekshirishi mumkin.

Ammo, bu moddada bojxonachilarga istalgan shakl va hajmdagi jo‘natma, jumladan, alohida shasxga jo‘natilgan shaxsiy korrespondensiyani tekshirishi mumkin, degan qismi yo‘q.

Amalda esa, "Xalqaro pochtamt" filialining Bojxona posti xodimiga ko‘ra, shu kunda O‘zbekistonga kirib borayotgan barcha pochta va kuryerlik jo‘natmalari, shu jumladan 896-1 sonli qarorda istisno qilingan shaxsiy korrespondensiyalar ham hech bir asossiz "yuz foiz o-chi-ladi, o‘qiladi".

Muhimi, jo‘natmalar ochilgani haqida adresat yoki jo‘natuvchi tomonga hech qanday ma’lumot berilmaydi.

Kurerlik xizmatlari

DHL EXPRESS va TRANSCONTINENTAL xalqaro pochta va kuryerlik xizmatlari O‘zbekistonga kirib borayotgan pochta jo‘natmalari ochilishi va adresatga bu haqida rasman ma’lumot berilmasligini tan oldilar.

Jumladan, DHL EXPRESS xizmatiga mijoz tariqasida bog‘langan muxbirga ma’lumot bergan xodim shaxsiy korrespondensiyalar ochilishidan shaxsan bexabarligi, ammo bu amaliyotdan xabar topgan taqdirda ham shirkat bunga hech qanday e’tiroz bildirolmasligini aytdi.

"11 dekabrgacha ularning istalgan xatni ochib tekshirishga haqqi bor edi. Tamojnyani bunga haqqi bor. Biz hamma jo‘natmalarni bojxona ko‘rigidan o‘tkazamiz. Biz jo‘natmalarni ichida nima borligini bilmaymiz, ochmaymiz. Biz sizning jo‘natmangizni egasiga aytilgan vaqtda yetkazib beramiz, ammo ochish-ochmaslik bu tamojnyani qo‘lida-da. Agar ochib tekshirishgani haqida MXX qog‘oz bermasa, biz berolmaymiz. Tamojnya ochib, nima qilsa, biz hech narsa qilolmaymiz, chunki, biz shu mamlakat doirasida ishlaymiz", dedi xalqaro kuryerlik jo‘natmalari xizmatining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Javobdan tushunilishicha, O‘zbekiston hududiga xalqaro pochta va kuryerlik xizmatlari olib kirayotgan har bitta jo‘natma bojxona xizmati ko‘rigidan o‘tkaziladi va jo‘natmani ochish-ochmaslik mutlaqo bojxona xizmatining ixtiyorida. Muhimi, shaxsiy jo‘natmaga daxl qilingani - ya’ni, ochilgani haqida jo‘natuvchi yoki oluvchiga rasman ma’lumot berilmaydi.

11 dekabrda qabul qilingan 896-1 sonli qaror bilan esa mavjud amaliyot, go‘yoki, rasmiylashtirildi va bundan keyingi birgina o‘zgarish jo‘natmalarning ochilgani haqida adresatga yozma ravishda ma’lumot berish bo‘lib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG