Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 23:44

Alisher Usmonovga "Yil homiysi" mukofoti berildi


Kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov va u boshqarayotgan “San’at, fan va sport” xayriya jamg‘armasi “Yil homiysi” unvoniga sazovor bo‘ldi. Peterburgda bo‘lib o‘tayotgan IV Xalqaro madaniy forumning maxsus komissiyasi Alisher Usmonovning Rossiya madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlaganini ma’lum qildi. Alisher Usmonov Rossiya oligarxlari xayr-ehson qilayotgan mablag‘larining uchdan bir qismini bir o‘zi sarflashi aytilmoqda.

Alisher Usmonov yana “Yil homiysi”

Rossiyaning shimoliy poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan IV Xalqaro madaniy forumda “Yil homiysi” mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 2014 yilda Rossiya Federatsiya Kengashi raisasi Valentina Matvienko tashabbusi bilan tuzilgan bu mukofot jyuriga kiruvchi sakkiz nafar a’zo tomonidan bir ovozdan Alisher Usmonovga topshirildi.

- Alisher Usmonovning teatr, sport, muzeylarga ko‘rsatayotgan yordami Alisher Burxonovichni buyuk homiy deb atashga ijozat beradi, dedi taqdimot marosimida so‘zga chiqqan Pushkin nomidagi Davlat san’at muzeyi prezidenti Irina Antonova.

Rossiya Federatsiyasi Madaniyat vazirligida Ozodlikka “Yil homiysi” nomzodini tanlashda eng avvalo uning Rossiya nodavlat madaniy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yirik moddiy mablag‘ sarflagani hisobga olinganini ta’kidlashdi.

Jumladan, Alisher Usmonov hissa qo‘shgan homiylik ishlari qatorida Tarxon qishlog‘ida, Mixail Lermontov muzeyi binosida, “Petergof” Davlat muzeyi-qo‘riqxonasida madaniy-tarixiy va memorial komplekslarning qayta tiklanishi, Rossiya Tinchlik jamg‘armasi bilan hamkorlikda Aleksandr Tvardovskiyga, Le Korbyuzyega va “Normandiya-Neman” uchuvchilariga bag‘ishlab haykallar o‘rnatilishi, Kichik Akademik drama teatri – Evropa Teatriga ko‘rsatilgan moddiy yordam va boshqalar ko‘rsatildi.

- Bu mukofot atigi 2 yil oldin ta’sis etilgan va ikkinchi marotaba topshirilayapti. Usmonovda, so‘zsiz, homiylik sohasiga katta hissa qo‘shgan odam sifatida sahiyligi uchun boshqa mukofotlari ham borligi aniq. “Yil homiysi”ni taqdirlash marosimi kecha Sankt-Peterburgda Madaniy forum doirasida topshirildi. Undan tashqari, 2015 yilda yana yettita yo‘nalish bo‘yicha homiylar aniqlandi, dedi Nikolay Tertichniy - Rossiya Madaniyat vazirligi rasmiysi.

Shuningdek, asli o‘zbekistonlik metsenat Butunrossiya voleybol federatsiyasi, Rossiya qilichbozlik federatsiyasi, Rossiya futbol ittifoqi va boshqa sport muassasalariga moddiy ko‘mak berib kelishi aytildi. Alisher Usmonovning shaxsiy ishtirokida Pushkin muzeyiga oxirgi 100 yilda eng katta sovg‘a qilindi - Frans Xals Kattaning noyob “Avliyo Mark” kartinasi sotib olindi.

Nikolay Tertichniy “San’at, madaniyat va sport” jamg‘armasi Alisher Usmonovga bu mukofot Madaniyat vaziri muovini Alla Manilova tomonidan topshirilganini ham qo‘shimcha qildi.

“Yil homiysi” mukofoti Rossiya Madaniyat vazirligi tomonidan 2014 yilda – “Homiylik to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan yilda ta’sis etilgan. Mukofotning asosiy maqsadi – korxona, muassasa, tashkilot hamda jismoniy shaxslarning Rossiya madaniyat va san’atiga xayr-ehson va homiylik ajratmalarini oshirish ekani ma’lum qilindi.

Alisher Usmonov: “Odamlarni o‘zingiz kabi yaxshi ko‘ring!”

So‘nggi bir necha yillarda Alisher Usmonov Rossiyada “Yil homiysi” unvoniga egalik qilib kelmoqda. 2012 yilning o‘zida u xayriya ishlariga jami 150 million, 2013 yilda esa 194 million dollar sarflagani ma’lum. Alisher Usmonov Rossiya oligarxlarining xayr-ehson qilayotgan mablag‘larining uchdan birini bir o‘zi sarflayotgani ma’lum qilingan edi.

- Homiylik men uchun, shuningdek, butun jamiyatimiz uchun, bir narsada namoyon bo‘ladi – odamlar o‘z yaqinlarini o‘zlaridek yaxshi ko‘rishlari zarur. Agarda senda yaxshilik qilishga imkoning bo‘lsa, o‘z biznesing rivojlanishi sayin bu ishni qilishing kerak, zero moddiy olamda moliyaviy ko‘mak berish imkoni ko‘pchilikda mavjud, dedi Alisher Usmonov.

Joriy yilning iyulida Blumberg agentligi tuzgan dunyoning eng badavlat odamlari ro‘yxatida rossiyalik oligarx Usmonov 14,2 milliard dollar mablag‘ bilan katta 100-likka kirdi.

Rossiya iqtisodiyotining asosiy sektorlaridan bir nechtasida asosiy figura bo‘lgan, asli o‘zbekistonlik Alisher Usmonov yirik “Metalloinvest” metall-ma’dan shirkati, “Megafon” uyali aloqa operatori, Mail.ru Group internet-xoldingi, “Kommersant’” nashriyot uyi, Disney Russia, “MUZ-TV”, “Yu” telekanallari va boshqa mulklar egasi hisoblanadi.

Alisher Usmonov “Metalloinvest” xoldingi aksiyadorlari va korxonalari so‘nggi besh yilda ijtimoiy loyihalarga 110 milliard rubl yuborganini Rossiya prezidentiga ochiqladi. Shu jumladan, o‘zbek tadbirkoriga tegishli bo‘lgan mablag‘lar hisobiga Novotroiskda xokkey markazi, Orsk shahrida teatr va Belgorodda Rossiyaning eng yirik oftalmologik klinikasi qurilgani aytildi.

Eslatish joyizki, 61 yoshli Alisher Usmonov Rossiya futbol ittifoqiga yordam sifatida 300 million rubl ajratgani, joriy yilning fevral oyida Fabio Kapelloning yetti oylik maoshini to‘lash uchun 400 million rubl ajratgan edi. Shuningdek, u shu yilning 17 iyun kuni amerikalik genetika olimi Jeyms Uotsonga uning Nobel medalini qaytargani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan edi.

“Forbs” jurnali Alisher Usmonovni Rossiyada 2014 yilning eng yaxshi tadbirkori deb ham topgan edi.

XS
SM
MD
LG