Линклар

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida erkin savdo hududi tashkil etish masalasini ishlab chiqish haqidagi taklifni ko‘rib chiqishga tayyor emas. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov 15 dekabr kuni Xitoyning Chjenchjou shahrida o‘tgan ShHTga a’zo mamlakatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida bildirdi.

ShHT doirasida erkin savdo hududi yaratish bo‘yicha konkret chora-tadbirlar ishlab chiqish taklifini Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan o‘rtaga tashlagan.

“Jahon” axborot agentligining xabar qilishicha, Rustam Azimov Xitoy bosh vaziri taklif qilgan yo‘nalish tashkilotga a’zo davlat rahbarlari tomonidan shu yil iyulida Ufa sammitida tasdiqlamish ShHTning 2025 yilgacha bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilmaganini qayd etgan.

“Jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan murakkab vaziyatda ShHT mamlakatlarining barqaror rivojlanishi uchun iqtisodiyot, investitsiyalar va transport aloqalari sohasida o‘zaro manfaatli va kelishilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish vazifasi alohida dolzarblik kasb etadi”, degan O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari.

Rustam Azimov O‘zbekiston ShHT doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo-sotiqni rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, sarmoya yotqizish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ShHTning tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga oid loyihalarni yoqlashini bildirgan.

Chjenchjoudagi majlisda O‘zbekiston bosh vaziri muovinidan tashqari Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston bosh vazirlari qatnashdi.

XS
SM
MD
LG