Линклар

O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida erkin savdo hududi tashkil etish masalasini ishlab chiqish haqidagi taklifni ko‘rib chiqishga tayyor emas. Bu haqda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov 15 dekabr kuni Xitoyning Jenjou shahrida o‘tgan ShHTga a’zo mamlakatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida bildirdi.


ShHT doirasida erkin savdo hududi yaratish bo‘yicha konkret chora-tadbirlar ishlab chiqish taklifini Xitoy bosh vaziri Li Ketsyan o‘rtaga tashlagan.

“Jahon” axborot agentligining xabar qilishicha, Rustam Azimov Xitoy bosh vaziri taklif qilgan yo‘nalish tashkilotga a’zo davlat rahbarlari tomonidan shu yil iyulida Ufa sammitida tasdiqlamish ShHTning 2025 yilgacha bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilmaganini qayd etgan.

“Jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan murakkab vaziyatda ShHT mamlakatlarining barqaror rivojlanishi uchun iqtisodiyot, investitsiyalar va transport aloqalari sohasida o‘zaro manfaatli va kelishilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish vazifasi alohida dolzarblik kasb etadi”, degan Rustam Azimov.

O‘zbekiston bosh vaziri birinchi muovini O‘zbekiston ShHT doirasida savdo-iqtisodiy aloqalarini yanada rivojlantirish, o‘zaro savdo-sotiqni rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, sarmoya yotqizish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish, ShHTning tranzit imkoniyatlarini kengaytirishga oid loyihalarni yoqlashini bildirgan.

“Ta’kidlab o‘tishni istardimki, samarali transport aloqalari va infratuzilmani takomillashtirish va modernizatsiyalash sohasida konkret loyihalarni amalga oshirish iqtisodiy maqsadga muvofiqlik va asoslanganlik tamoyili asosida amalga oshirilishi hamda mintaqa davlatlarining umumiy manfaatlarini maksimal darajada hisobga olishi lozim”, degan O‘zbekiston bosh vaziri birinchi muovini.

O‘z so‘zida Azimov yana O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga Hindiston va Pokistonning to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilinishini qo‘llashini ta’kidlagan.

Jenjoudagi yig‘inda O‘zbekiston bosh vaziri muovinidan tashqari Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston bosh vazirlari qatnashgan. Mazkur sammitga ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan Afg‘oniston, Belarus, Hindiston, Eron, Mo‘g‘uliston va Pokiston kabi davlatlar delegatsiyalari ham taklif qilingan.

Bosh vazirlarning tor (ShHTga a’zo davlatlar) va kengaytirilgan tarkibda (ShHTga a’zo davlatlar va kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan davlatlar) o‘tkazilgan uchrashuvlari doirasida qo‘shma kommyunike, ShHTga a’zo davlatlar bojxona xizmatlarining 2016-2021 yillardagi hamkorlik dasturi, ShHT kotibiyati hamda BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESKATO) kotibiyati o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan.

XS
SM
MD
LG