Линклар

Toshkent shahar hokimligi kelasi yil ichida poytaxtning barcha turar-joy mavzelari va mahallalarida videokuzatuv kameralarini o‘rnatishni rejalamoqda. Hokimlik rasmiylari “aholi xavfsizligini ta’minlash va turli jinoiy unsurlar harakatiga chek qo‘yish” maqsadida bu ishga qo‘l urayotganliklarini aytishmoqda.

Toshkentning Uchtepa tumani Zulfizar mahallasi faollaridan biri kuzatuv kameralarini o‘rnatish jarayoni allaqachon boshlanganini aytadi.

- Bizning mahallaga kiraverishda uchta joyda o‘rnatishar ekan. Kecha kelib ko‘rib ketishdi. Hisob-kitob qilishdi. Shu narsa kerak-da. Har-xil odam keladi mahallaga, har-xil mashinalar keladi. Endi hammasi kuzatuvda bo‘ladi, - deydi toshkentlik mahalla faoli.

Toshkent shahar hududiy kommunal-ekspluatatsion birlashmasining Ozodlik bog‘langan rasmiylaridan biri hozirda shaharda kuzatuv kameralari o‘rnatiladigan nuqtalar belgilab chiqilayotganini tasdiqladi.

- Asosan ko‘pqavatli turar-joy binolarining kirish-chiqish hududlari, mahalla va mavzelarning yo‘l va yo‘laklarida kameralar o‘rnatiladi. Shu video-kuzatuv moslamalari uchastka nozirlari xizmat xonalaridagi monitorga ulangan bo‘ladi. Kamera qayd etgan har bir jinoyatchilik va huquqbuzarlik holati, shubhali holatlarni tegishli organlariga taqdim etish shu uchastka nozirlari zimmasida bo‘ladi, - dedi Toshkent shahar hududiy kommunal-ekspluatatsion birlashmasi rasmiysi.

Toshkent shahar hokimiyati mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda kuzatuv kameralarini o‘rnatish uchun zarur jihozlar sotib olish va ularni o‘rnatish bo‘yicha barcha ishlar byudjet hisobidan amalga oshirilishi, keyin esa sarflangan pul aholidan yig‘ib olinishi aytdi.

- Boshqaruv servis kompaniyalari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan har bir xonadon bilan tuziladigan shartnomalar asosida tashkil etiladi bu. Video-kuzatuv moslamalarini o‘rnatish bilan shug‘ullanadigan maxsus tashkilotlar o‘rnatib beradi. Buning pulini o‘sha yerdagi xonadon egalari va shu yerda joylashgan shirkatlardan undirib olinadi, - dedi Toshkent shahar hokimligi rasmiysi.

Ko‘pchilik toshkentliklar kuzatuv kameralari ular hisobidan o‘rnatilishidan norozi ekanliklarini aytishadi.

- Xavfsizlik uchun davlat mas’ul va davlat hisobidan bo‘lishi kerak bu, - deydi Toshkentning Olmazor tumanida yashovchi Abdurazzoq aka.

Xavfsizlikni ta’minlovchi kuchlari noyabr boshidan buyon kazarma holatida bo‘lgan Toshkentda Parijda amalga oshirilgan terroristik hujumlardan so‘ng nazorat yanada kuchaytirilgani kuzatilyapti.

3 noyabrdan boshlab Toshkentdagi barcha xavfsizlik kuchlari - militsiya, Milliy xavfsizlik xizmati va Toshkentdagi harbiy garnizon - kuchaytirilgan holat (kazarma holati)ga keltirilgani aytiladi.

Toshkentda kuzatuv kameralari shaharning ko‘pgina shoh ko‘chalari, ma’muriy binolari va avtobus bekatlarida mavjud.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi rasmiylariga ko‘ra, jinoyatlarni ochishda kuzatuv kameralar qo‘l kelayotganini aytishmoqda.

Vazirlikka ko‘ra, o‘tgan bir yil ichida ochilgan jinoyatlarning 22 foizga yaqini kuzatuv kameralari tasvirlarini o‘rganish orqali fosh etilgan.

XS
SM
MD
LG