Линклар

Dushanba kuni O‘zbekiston avtosalonlarida GM-Uzbekistan avtomobillari oshirilgan narxda sotuvga chiqarilishi barobarida avtobozorlarda ishlatilgan mashinalarni sotuvga qo‘yganlar soni keskin ortdi.

Avtosalonlarda navbatda turib, kreditga mashina olganlar yoki navbat kutayotganlar esa qattiq zarar ko‘rganliklaridan nolimoqda.

Ozodlik manbalariga ko‘ra, bozorlarda xaridorlar mashina sotib olishga oshiqmayotir.

Avtosalonlarda ham yangi narxda mashina sotib olmoqchi bo‘lganlar soni ozligi kuzatilmoqda.

GM-Uzbekistan korxonasi rahbariyati 12 dekabrdan avtosalonlarda mashina savdosi qisqa muddatga to‘xtatilgani va 15 dekabrdan boshlab yangi narxlarda sotuv boshlanishini ma’lum qilgandi.

Ozodlikka kelib tushgan GM-Uzbekistan shirkati hujjati nusxasida Toshkentdagi dilerlik shirkatlariga “maxsus ko‘rsatma berilguncha” savdoni vaqtincha to‘xtatish so‘ralgan.

O‘zbekiston avtosanoatida yagona monopolist - GM-Uzbekistan belgilagan yangi tarifga muvofiq, avtosalonlarda yangi mashinalar narxi 37 foizgacha ko‘tarilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan yangi narxlar ro‘yxatida avtomobillar narxi o‘rtacha 15-25 foizgacha ko‘tarilgani, ayrim avtomobillar savdosi so‘mdan dollarga o‘tganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik bog‘langan Toshkentdagi avtosalonlardan birining xodimi “sotish bir oz sustlashgan”ini e’tirof etdi.

“Turg‘unlik davri”

Ozodlik manbasining aytishicha, avtomobil bozorlarida “turg‘unlik davri” boshlangan.

“Mashina taklif qilayotganlar ko‘p, ammo talab yo‘q. Bozorda turg‘unlik davri boshlangan. Avtosalonlarda mashinalar narxi ko‘tarilishi bilanoq, Sergeli bozoridagi narxlar ham qimmatladi. Ayniqsa, dollarga taklif qilayotganlar ko‘p. Lekin, xaridor juda kam. Oluvchilar yangi yildan keyin nima bo‘ladi, deb kutib turibdi”, dedi suhbatdosh.

Ozodlik suhbatlashgan yana bir poytaxt yashovchisi bir yil muqaddam 30 ming AQSh dollariga sotib olgan Chevrolet Captıva rusumidagi yangi mashinasini 14,5 ming dollarga sotishga majbur bo‘lganini aytadi.

Yangi kaptivamni o‘n to‘rt yarim ming dollarga sotishga majbur bo‘ldim. O‘tgan yili 30 mingga sotib olgandim. Narxlar ko‘tariladi, deyishdi. Lekin, bozorda oladigan odam yo‘q”, deydi u.

Boshqa bir suhbatdosh esa hamma – sotuvchiyu xarirdorlar - yangi yilning kirib kelishini kutib turganini bildirdi.

Sotuvchilar narxlarning ko‘tarilishiga, oluvchilar esa narxlarning tushishiga umid qilayapti. Hamma, sarosimaga tushganga o‘xshaydi”, dedi Ozodlik suhbatdoshi.

Toshkentlik iqtisodchining xulosa qilishicha, talab va taklifdagi nomutanosiblik aniqlangunga qadar mashina bozoridagi “turg‘unlik” davom etaveradi.

“Qimmatga tushgan ishtiyoq”

Avgust oyida O‘zbekistonda GM-Uzbekistan avtomobillari narxi arzonlashgani va aholida qiziqish katta bo‘lgan ayrim avtomobillar savdosi AQSh dollaridan o‘zbek so‘miga o‘tkazilgani xabar qilingan, avtosalonlar Lacetti va Cobalt avtomobillari uchun o‘zbek so‘mida shartnomalar qabul qilishni boshlagan edi.

O‘shanda Cobalt avtomobilining 1-pozitsiyasi xaridorlarga 43 million 250 ming so‘mdan, 2-pozitsiyasi 47 million 300 ming so‘mdan, Lacetti avtomobilining 1-pozitsiyasi 47 million 350 ming so‘mdan, 2-pozitsiyasi esa 54 million 850 ming so‘mdan taklif qilingan.

Endilikda esa Cobalt avtomobili narxi turli pozitsiyalar uchun 74 million 985 ming so‘mdan 78 million 600 ming so‘mgacha ko‘tarilgan. Lacetti avtomobili esa 81 million so‘mgacha ko‘tarilgan.

Muqaddam 90 million so‘mdan boshlab sotilgan Malibu avtomobili narxi esa 125 million so‘mga ko‘tarilgan.

Toshkentlik iqtisodchining aytishicha, O‘zbekistonda milliy valutaning qadrsizlanishi barobarida mashinasini xorijiy valyutada sotmoqchi bo‘lganlarning soni keskin oshib ketgan.

“Dollarda mashina xarid qilmoqchi bo‘lganlarga, sotib olish varianti ko‘payib ketdi. Odamlar dollar yana qimmatlasa, bozordan emas, salondan sotib olamiz, deydi. Odamlarda, baribir ham, yangi mashinani sotib olish ishtiyoqi kuchli. Eskisidan yangi mashinani haydash ishtiyoqi kuchli bo‘lgani uchun odamlar avtosalonlarga bora boshladi. Dollar qiymati oshganidan keyin odamlarda qisqa muddatda salondan mashina sotib olish qobiliyati oshib ketdi. GM-Uzbekistan bo‘lsa, narxlarni birdan 30 foizdan ko‘proqqa ko‘tarib yubordi. Natijada, xaridorning ishtiyoqi qimmatga tushdi”, deydi toshkentlik iqtisodchi.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida fikr qoldirgan o‘zbekistonlik shartnoma asosida mashina olishga navbatga turgani va narxlarning qimmatlashuvi tufayli katta ziyon ko‘rganidan yozg‘irdi.

“Tanishim besh kunda 49 millionga Lacetti sotib oldi, men esa Nexia uchun 30 million to‘ladim va mana o‘n oydan buyon kutaman. Endi bo‘lsa, yana 19 million to‘lashim kerak ekan. Xulosa:Lacetti besh kunda 49 million, Nexia 49 million va o‘n oydan buyon kutish. Adolat qani?” deydi Feysbuk foydalanuvchisi.

XS
SM
MD
LG