Линклар

Nobel Tinchlik mukofotini olgan pokistonlik huquq faoli Malala Yusufzay bir nechta terrorchining qilmishiga barcha musulmonlarni mas’ul ko‘rish terrorizmning kuchayishiga olib kelishi, ularni yanada ko‘proq hujumlarga rag‘batlantirishi haqida ogohlantirdi.

- Musulmonlarga qarshi qancha ko‘p gapirilsa, ulardan shuncha ko‘p terrorchi yetishib chiqadi. Musulmonlarni yomonotliq qilish ularning yana ham radikallashuviga olib keladi. Maqsad terrorchilikni to‘xtatish ekan musulmon ahlini yomonlashni, bir necha terrorchining qilmishiga barcha musulmonlarni ayblashni bas qilish kerak, - dedi Yusufzay.

Pokistonning Peshavor shahrida 122 talaba o‘limiga sabab bo‘lgan hujumlarning bir yilligi munosabati bilan Britaniyada o‘tkazilgan tadbirda Malala AQShda respublikachilardan prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun kurash olib borayotgan Donald Trampning musulmonlarning Amerikaga kirishini taqiqlash haqidagi taklifini tanqid ostiga oldi.

- Nafratga to‘lib toshgan, o‘zgalarni kamsituvchi bu kabi bayonotlarni siyosatchilar og‘zidan eshitish juda xatarli, - dedi Malala Yusufzay Birmingham shahrida o‘tgan marosimda.

O‘tgan oy Kaliforniya shtati San-Bernardino shahrida ikki musulmon terrorchi ijtimoiy xizmat markazida 14 kishini otib o‘ldirganiga munosabat bildirgan Donald Tramp: "Musulmonlarning AQShga kirishini taqiqlash kerak. Bunday taqiq vakillarimiz u yerda nima bo‘lganini aniqlab olgunicha amalda bo‘lishi lozim", degan edi.

Pokistonlik huquq faoli Malala Yusufzay: “Bir hovuch terrorchi guruhlarni yer yuzidagi bir milliard olti yuz ming musulmonga bog‘lash haqsizlik bo‘ladi”, - dedi.

Malala o‘z chiqishida aksariyat musulmonlarning o‘zlari ham ekstremizm hollaridan larzaga tushishganini ta’kidladi.

Donald Trampning musulmonlarga qarshi bayonoti AQShda ko‘plab siyosatchilar tanqidlariga uchradi.

Oq Uy rahbariyati Trampning bu pozitsiyasi AQSh davlatchiligi qadriyatlariga "mutlaqo zid" ekanini ta’kidladi va bunday harakat "odamlarning qo‘rquvidan o‘z saylovoldi targ‘ibotini kuchaytirish maqsadida foydalanishdir", deb qoraladi.

Demokratlardan prezidentlikka nomzod Hillari Klinton Trampning bu taklifini "nojo‘ya, noxolis va ayirmachi" reja deb baholadi hamda bu yo‘l "bizni yanada xatarga qo‘yadi", dedi.

Malala Yusufzay 11 yoshidan boshlab Pokistonda qizlarning ta’lim olishi uchun kurashib kelgan.

2012 yilda u o‘z faoliyati uchun Tolibon hujumiga uchrab, og‘ir yaralangan, ammo omon qolgandi.

Davomli jarrohlik amaliyotlaridan so‘ng oyoqqa turgan Malala Yusufzay hozirda Britaniyada yashamoqda.

XS
SM
MD
LG