Линклар

Solnechnogorsk rayon politsiyasining Tojikiston fuqarosini o‘rib o‘ldirganlikda ayblanayotgan uch xodimi ustidan tergov o‘z yakuniga yetdi. O‘tgan yilning 18 sentyabrida 6 yashar qizni zo‘rlashda ayblanib politsiya bo‘limiga olib kelingan 39 yoshli tojikistonlik Farruh O‘rozovning jasadi ertasi kuni ertalab tanasida 75 ta kaltak izi va 13 qovurg‘asi singan holatda politsiya kabinetlaridan birida topilgan.

Moskva viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi Solnechnogorsk tumani Ichki ishlar bo‘limi jinoyat-qidiruv bo‘linmasi xodimlari Stanislav Deykun, Andrey Chernishev va Vladimir Gordeevlarga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining qator moddalari asosida qo‘zg‘atilgan jinoiy ish tergovini o‘z yakuniga etkazganini e’lon qildi.

Izquvarlar 2014 yilning 18 sentyabrida Tojikistonning Farxor tumanidan bo‘lgan muhojir Farruh O‘rozovni hibs etganidan keyin do‘pposlab o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda.

Moskva viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi rasmiy vakilasi Olga Bradiy Ozodlik bilan suhbatda tergov qo‘mitasi olib borgan tibbiy ekspertiza natijasida tojikistonlik yigit qovurg‘alari sinishi oqibatida jon bergani aniqlanganini ma’lum qildi.

- Tergov xulosasiga ko‘ra, 2014 yilning 17 sentyabr kuni Solnechnogorsk tumani Redino qishlog‘ida istiqomat qiluvchi bir ayol noma’lum shaxs uning 6 yashar qizchasiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirganini xabar qilgan. Tekshiruv paytida bu shaxs aniqlanib, jinoyat qidiruv bo‘limi operativ xodimlari tomonidan politsiya uchastkasiga olib kelingan. 18 sentyabr kuni ertalabki soat 7 larda bo‘linma kabinetlaridan birida bu shaxs o‘lik holda topilgan, dedi Olьga Bradiy.

Tergov qo‘mitasi rasmiysi o‘ldirilgan Farruh O‘rozovning tanasiga kamida 75 marotaba qattiq zarba berilgani, u 13 qovurg‘asi sinishi oqibatida jon taslim qilganini qo‘shimcha qildi.

Nobud bo‘lgan muhojirning ukasi Ilhom Alixonov politsiya bo‘limidagi hodisadan keyin Moskvada joylashgan “Qiynoqlarga qarshi qo‘mita”ga murojaat qildi. U Farruh qo‘lga olingan kuni o‘zining hamyurti Firdavs Sattorov bilan birga hibs etilganini so‘zlab berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Ilhom va Firdavs endigina ishdan kelganida Farruh uxlab yotgan bo‘lgan. O‘n daqiqalardan keyin xonaga bostirib kirgan politsiyachilar Farruhni o‘rnidan turgizib, kishanlangan holda Solnechnogorsk politsiya bo‘limiga olib ketgan. Keyinroq Ilhom akasi qo‘shnisi bo‘lgan ayolning 6 yoshli bolasini zo‘rlaganlikda ayblanayotganini bilgan.

Politsiyaga kelib u bo‘lim ichkarisida akasining dod-voylarini eshitgani, eshigi ochiq qolgan xonada yerda o‘tirgan Farruhni ko‘rib qolganini aytib bergan: qo‘llari bog‘langan mahbusning butun badani kaltaklardan ko‘karib ketgani, uning atrofi qon ekaniga guvoh bo‘lganini ma’lum qildi.

“Qiynoqlarga qarshi qo‘mita” xodimi Sergey Babinets O‘rozov o‘limi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani va politsiyachilardan biri zudlik bilan qo‘lga olinganini xabar qildi.

Tergov davomida 39 yoshli Farruhning o‘limiga yana ikkita xodim aloqador ekani va keyinroq ular ham hibs etilgani ma’lum bo‘ldi. Bu xodimlar lavozimlaridan zudlik bilan bo‘shatildi, politsiya bo‘limi rahbariyati intizomiy jazoga tortildi.

Tojikiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi matbuot kotibi Muhammad Egamzod Ozodlik bilan suhbatda bunday holatlar oldin ham kuzatilgani, ammo odatda oddiy muhojirga nisbatan adolat qaror topmasligini eslatdi.

- Biz Tojikiston fuqarolariga nisbatan qilinayotgan har bir bu kabi ishlarni alohida nazoratga olamiz va kuzatib boramiz. Har holda, muhojirlar o‘limi bilan bog‘liq boshqa ishlardan farqliroq, bu jinoyat ishi yakuniga yetdi. Ammo faqat odil taftish va odil hukmning chiqarilishi Rossiyada madaniyatli jamiyat mavjudligi, bu jamiyat huquqqa asoslanganini namoyish eta oladi, dedi elchixona rasmiysi.

Sergey Babinets bir yil davom etgan tergov davomida birorta sobiq politsiyachi o‘z aybiga iqror bo‘lmadi, deydi:

- Endilikda biz jabrlanuvchi Alixonov manfaatlarini sudda himoya qilamiz. Maqsadimiz – O‘rozov o‘limida ayborlarga nisbatan adolatli hukm chiqarilishi, keyinchalik – Farruhning yaqinlariga ma’naviy zarar qoplanishiga erishishdir, dedi advokat Babinets.

39 yashar Farrux O‘rozov Solnechnogorsk shahri yaqinidagi qurilishlardan birida ishlab kelgan. O‘sha kuni kechki payt ishdan qaytib kelganidan keyin qo‘shnilaridan birining arzi asosida hibsga olingan.

Bugungi kunga kelib, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yiliga 1 milliondan ziyod mehnat muhojiri Tojikistondan ish izlab Rossiyaga keladi. Huquq himoyachilari hisob-kitobicha, har yili ulardan 1 mingdan ziyodi temir tobutda o‘z Vataniga qaytib keladi.

Tojikistonga oxirgilar qatorida keltirilgan - 2015 yilning 13 oktyabr kuni Peterburgda migratsiya qonunchiligini buzganligi uchun ushlangan onasidan tortib olinganidan bir necha soat o‘tgach jon bergan 5 oylik go‘dak Umarali Nazarov jasadidir.

Hozircha Rossiyadan keltirilayotgan o‘zbekistonlik muhojirlar jasadlari soniga oid biror aniq ma’lumot e’lon qilinmagan.

XS
SM
MD
LG