Линклар

Sarlavhaga chiqarilgan savol bir qarashda o‘ta kulgili ko‘rinadi: to‘g‘ri-da, har kim har xil yuradi. Kimdir bir qo‘lini, kimdir ikkala qo‘lini qimirlatib. Lekin olimlar uchun bu kuligili savol emas. Balki...

Evropalik nevrologlar guruhi e’lon qilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “merganlarga o‘xshab qadam tashlaydi”, ya’ni o‘ng qo‘lini o‘ziga xos ravishda silkitadi va bu uning sovet KGBsi xodimi sifatida merganlik mashqlaridagi ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Mazkur tadqiqot natijalari 14 dekabr kuni Britaniyada chop etiladigan The BMJ tibbiyot haftaligida e’lon qilindi. Maqolada Putinning ommaviy chiqishlarida uning “o‘ng qo‘li harakati sezilarli darajada cheklanganini” ko‘rish mumkinligi aytiladi.

Qo‘llarning bunday asimmetrik harakatlanishi Parkinson kasalligining dastlabki alomati bo‘lishi mumkin.

Ammo Portugaliya, Italiya hamda Niderlandiyada ishlovchi tadqiqotchilar tomonidan yozilgan ilmiy maqolada Putinda bu kasallikning ko‘zga yaqqol tashlanadigan boshqa alomatlari yo‘qligi aytiladi.

Maqola mualliflariga ko‘ra, Putin “juda yaxshi harakatlanadi”. Buni prezident dzyudo va suzish kabi atletik mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanayotgani hamda rasmiy hujjatlarni imzolayotgani aks etgan videolarda ko‘rish mumkin. Putinning jismonan sog‘lomligi uning imijining muhim qismi bo‘lib, laganbardor rus matbuoti bu mavzuni keng yoritib keladi.

KGB mashg‘ulotlari bo‘yicha qo‘llanmaga asoslanib, tadqiqot mualliflari Putinning qadam tashlashi prezident federal xavfsizlik agentligida olgan treningi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlashmoqda. KGBda podpolkovnik darajasigacha ko‘tarilgan Putin Sovet Ittifoqi qulay boshlaganda iste’foga chiqqan.

“Ushbu qo‘llanmaga ko‘ra, KGB agentlariga o‘z qurollarini o‘ng qo‘llari bilan ko‘kraklariga yaqin ushlab, bir tomonlari bilan, odatda chap tomonlari bilan oldinga yurish buyurilgan. Bu dushmanga duch kelganda tezkorlik bilan qurolni chiqarish imkonini bergan, deb taxmin qilish mumkin”, deyiladi maqolada.

O‘z taxminlarini tekshirish uchun nevrologlar YouTubeda boshqa rus rasmiylarining ham videolarini o‘rganib chiqishgan.

Tadqiqotga Niderlandiyaning Neymegen shahrida joylashgan Radbob universiteti tibbiy markazi xodimi, harakat buzilishi nevrologiyasi professori Bastian Blum yetakchilik qilgan. Professor Blum ilmiy guruh a’zolarini kuzatuv natijalari “lol qoldirganini” aytdi.

Ular Putinga xos yurishni bosh vazir Dmitriy Medvedev, Rossiya sobiq mudofaa vazirlari Anatoliy Serdyukov va Sergey Ivanov hamda yuqori lavozimli harbiy qo‘mondon Anatoliy Sidorovda ham kuzatishgan.

Putin kabi Ivanov ham sobiq KGB agenti bo‘lib, Sovuq urush davrida Evropada faoliyat yuritgan. Serdyukov bilan Sidorov ham harbiy tayyorgalikdan o‘tgan.

Guruhda ajralib turuvchi shaxs Medvedevdir. U huquqshunos bo‘lib, KGBga aloqasi yo‘q va harbiy xizmatni o‘tamagan. Shunday bo‘lsa-da, talabalik yillarida zahirada turgan xizmatchilar uchun mo‘ljallangan qisqa muddatli tayyorgarlikdan o‘tgan.

Putin Medvedevni 2008-12 yillarda prezident lavozimida ishlash uchun tanlaganidan beri Medvedevning hatti-harakati va nutqi Putinnikiga o‘xshab ketadi.

Maqola mualliflari G‘arb matbuoti xabarlariga tayanib “Medvedevda prezidentga o‘xshab so‘zlashni, ko‘rinishni, va, muhimi, yurishni o‘rgatishayotganini ko‘rsatuvchi salmoqli dalillar bor”, deb ta’kidlashdi.

Ilmiy maqolada Putinning qo‘lini asimmetrik qimirlatishi “harbiy yoki razvedka tayyorgarligining ahloqiy adaptatsiyasi” ekanligini xulosa qilish mumkinligi ta’kidlanadi.

Blum AFP bilan suhbatda Rossiya lideri qo‘lini qanchadir darajada atayin shunday harakatlantirishi mumkinligini aytdi.

Bu “Qaranglar, KGBda mashg‘ulotlardan o‘tganman, men haqiqiy erkakman”, deyishga o‘xshaydi”, dedi professor Blum.

Blum tadqiqotchilar Putinning kasallik varaqasini qo‘lga kirita olmasligini yoki uning shifokorlari bilan suhbatlasha olmasligini tan oldi. Ammo u Putinning o‘ziga xos qadam tashlashi tibbiyot mutaxassislari orasida tobora ko‘proq muhokama qilinayotgan mavzu ekanligini aytdi.

AFPga telefon orqali bergan intervyusida Blum: “Bu o‘zgacha izlanish, lekin u nevrologik kuzatishlar uchun muhim ahamiyatga ega”, dedi.

Blum Putinning anormal yurishi oldin ham muhokama qilinganini qo‘shimcha qildi.

Biz ehtiyotkorlik bilan ilgari surayotgan narsa yangi gipotezadir”, dedi professor.

XS
SM
MD
LG