Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:36

NYT Lola Karimovaning Los Anjelesdagi to‘rtta ko‘p million dollarlik qasrga aloqadorligini aytmoqda


AQShdagi nufuzli Nyu York Tayms gazetasi 15 dekabr kuni e’lon qilgan bosh maqolasida O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillayevaning Los Anjelesdagi eng qimmat va hashamatli mahallalardagi bir emas¸ balki to‘rtta ko‘p million dollarlik saroyni sotib olganini iddao qildi.

2013 yilning yozida Lola Karimova-Tillayevaning Los Anjelesdagi mashhur imoratchi Muhammad Hadiddan bozorga dastlab 58 million dollarga qo‘yilgan Le Palais qasrini sotib olgani o‘sha paytda AQSh va Yevropa nashrlarida shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Bu xabardan so‘ng aksar G‘arb va o‘zbekistonliklarni rasmiy lavozimi O‘zbekiston Respublikasining UNESCOdagi doimiy namoyandasi bo‘lgan hukumat xizmatchisi bunaqangi superqimmat qasrni qaysi puliga oldi¸ degan oddiy savol birdek o‘ylantirib qo‘ygan edi.

Nyu York Tayms e’lon qilgan so‘nggi surishtiruvdan ayon bo‘lishicha¸ Le Palais Los Anjelesning eng qimmat mahalalaridagi Karimova xonimga aloqador yagona ko‘p million dollarlik qasr emas.

“Bel Eyrdagi qasr¸ qobiq shirkat va g‘azab ”

(Nyu York Tayms surishtiruvining Internet versiyasi shunday nomlangan.)

Lola Karimova-Tillayevaning Los Anjelesdagi bir necha ko‘p million dollarlik saroyga aloqadorligi AQShdagi eng nufuzli gazetalardan sanalgan Nyu York Tayms nashrining imoratchi Muhammad Hadidning Bel Eyr mahallasida noroziliklarga sabab bo‘layotgan yangi qasri qurilishini taftish qilishi jarayonida ayon bo‘ldi. Asosan Holivud yulduzlari yashaydigan mahallada Muhammad Hadidning taxminiy narxi kamida 100 million dollarga chamalanayotgan yana bir ulkan qasr qurayotgani bu mashhur imoratchiga nisbatan jinoiy ish ochilishi va uning faoliyati matbuot diqqatiga tushishiga olib keldi.

Bel Eyr mahallasidagi ayrim mulk egalaridan Los Anjeles shahar kengashiga tushgan shikoyat ortidan mojaro yuzasidan o‘z surishtiruvini o‘tkazgan Nyu York Tayms gazetasi falastinlik muhojir Muhammad Hadidning qanday qilib Los Anjelesdagi eng qimmat saroylarni sotish borasidagi eng mashhur shaxsga aylangani tarixiga e’tibor qaratdi.

Nyu York Taymsga ko‘ra¸ o‘smirligida oilasi bilan Amerikaga ko‘chib kelgan Muhamad Hadidning boyligi va shuhrati ortida uning xorijlik superboylar¸ ayniqsa¸ saudiylik sarmoyadorlar ko‘ngliga yo‘l topa olish mahorati yotibdi.

Maqoladan anglashilicha¸ bunday mahorat siri esa AQSh¸ ayniqsa¸ Los Anjelesdan ko‘chmas mulk sotib olishda keng qo‘llaniladigan “qobiq shirkatlar”ga borib taqaladi.

“Mas’uliyati cheklangan shirkatlar alohida olingan shaxslarni huquqiy javobgarlikdan himoya qilish uchun tuzilgan va ular qonuniy foydalanish doirasiga ega”¸ deyiladi Nyu York Tayms maqolasida.

Gazeta suhbatlashgan mutaxassislarning aytishicha¸ qobiq (shell company) shirkatlar asosan AQShda ko‘chmas mulk sotib olayotgan xorijlik mijozning asl nomi va uning pullari manbasini yashirish maqsadida ishlatiladi.

Muhammad Hadidning bozorga 195 million dollarga qo‘yilgan Palazzo di Amore – Muhabbat qasri¸ ëki 58 millionga qo‘yilgan Le Palais ëxud Yarim oyqasri kabi o‘ta qimmat saroylarini aynan shunday qobiq shirkatlar vositasida sotib olaëtgan xorijiylar orasida¸ New York Times ta’kidicha¸ Osiyo va Afrikadagi avtoritar hukmdorlar bolalari va yaqinlari¸ xorij hukumatlarining sobiq va joriy rasmiylari va ular yaqinlari bor.

"Yarim oy" qobig‘i ostiga bir nazar...

Nyu York Tayms o‘tkazgan surishtiruvga ko‘ra¸ Muhammad Hadidning superboy xorijlik mijozlaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston prezidentining kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva ham uning Le Palais yoxud Yarim oy qasrini aynan shunday qobiq shirkati orqali sotib olgan:

“Adir (Beverli Hills)ning orqa tomonidan tushaverishda oqqushlar uchun hovuzu qo‘lda yo‘nilgan Misr chaqmoqtoshidan bo‘lgan ustunlik turkcha hammomi bor dabdabali Le Palais Muhammad Hadidga aloqador qobiq shirkat tomonidan O‘zbekiston prezidentining qizi Lola Karimova-Tillayevaga aloqador boshqa bir qobiq shirkatga sotildi. Bu tergovdan xabardor huquq tizimlarida ishlagan ikki manbaning aytishicha¸ Karimovlar oilasi ustidan bir necha davlatda korrupsiya bo‘yicha tergov jarayoni bormoqda”¸ deb yozdi Nyu York Tayms gazetasi 15 dekabr kuni e’lon qilingan bosh maqolasida jumladan.

Qizil bayroqlar ko‘tarilmoqda...

Nyu York Tayms gazetasining yozishicha¸ “huquqni muhofaza qilish rasmiylari va korrupsiyaga qarshi tashkilotlarni ko‘plab xorij xaridorlarini AQShda ko‘chmas mulk sotib olish orqali o‘z boyligini himoya qilish qiziqtirayotgani holda¸ bank qonunlari xorij hukumati rasmiylari¸ ular oilalari va yaqin sheriklariga tegishli katta pullarning aylanishidan darhol signal berishni talab qilishiga qaramay¸ ulardan ayrimlarining qobiq shirkatlardan noqonuniy topilgan daromadni yashirish uchun foydalanayotgani xavotirga solmoqda”.

Muhammad Hadid saroylarini sotib olgan xorijlik superboylar ro‘yxatidan xabardor Bel Eyr mahallasida yashovchilardan ayrimlari bunday xavotirga qo‘shiladi.

Nyu York Tayms maqolasida shundaylardan biri¸ o‘zi yaqinlargacha bank xodimi sifatida aynan mijozlarining pul yuvishga aloqadorligini taftish qilish bilan shug‘ullangan Beatriz Horachek (Beatriz Horacek)ning Los Anjeles shahar kengashi advokatiga yozgan xatining “janob Hadid faoliyatining ayrim xavotir uyg‘otadigan jihatlari” to‘g‘risidagi parchasidan iqtibos keltiriladi.

Nyu York Tayms​ yozadi:

“Horachek xonim shahar advokati e’tiborini Le Palais qasrining O‘zbekiston prezidentining qiziga sotilganiga qaratadi. “Mijozlar talabi bilan maxsus quriladigan uylar¸ - deb yozadi u¸ -pul yuvish va soliq firibgarliklari uchun mukammal vositadir. Ayniqsa¸ ko‘chmas mulk naqd pul yoki asl egasini bekitish uchun tuzilgan tashkilot orqali¸ undan ham yomoni¸ (pul yuvishga qarshi kurash bo‘yicha Moliyaviy harakat guruhi tomonidan) “pul yuvish tahlikasi baland” sanalgan davlatlardan kelgan mizojlar tomonidan sotib olinayotgan bo‘lsa! Men janob Hadid pul yuvish yoki soliqni yashirishga aralashgan demayapman¸ ammo bu yerda qizil bayroqni ko‘tarishga undaydigan (xavotir uyg‘otadigan – tahr.) jihatlar talaygina”.

Ayni hududdagi yana uchta ko‘p million dollarlik hovliga aloqador o‘zbekistonlik Karimova-Tillayeva xonim shu paytgacha biror qing‘ir ishda ayblanmagan. Uning advokatlariga ko‘ra¸ Lola Karimova-Tillayeva va eri “o‘zlarini hamisha qonun doirasida tutib keladilar” va “ oilaviy aloqalaridan hech qanday manfaat ko‘rmaganlar”.(iqtibos tugadi)

Meni (mijozimni) tinch qo‘yinglar...

Lola Karimova-Tillaeva 2013 yil sentyabrida BBC o‘zbek xizmati savollariga elektron pochta orqali jo‘natgan javobida¸ o‘zining xorijdagi qimmatbaho uylar egasi haqida G‘arb matbuotida chop etilgan xabarlarni¸ Los Anjelesdagi shov-shuvli xaridi haqida lom-mim demagan holda¸ inkor etishga uringan edi.

Jenevaning faqat katta boylar yashovchi Vandoeuvres mahallasidan 46 million dollarga uy sotib olgani haqidagi xabarlarga oid BBC savoliga javob bera turib O‘zbekiston prezidentining kenjasi o‘zining superqimmat uylar egasi va katta boylardan ekani haqidagi xabarlar jiddiyatini pasaytirgan edi:

“Bizning boyligimiz qanday hisob-kitoblarga asoslanib baholanganini men bilmayman. Ishonchim komilki, bizga boshqalarning daromadini qo‘shib yozishayapti.

Jenevadagi oilaviy uyimiz masalasiga kelsak, bu uy - biz yashaydigan asosiy joy, biz O‘zbekistondagi barcha ko‘chmas mulklarimizni sotganmiz. Faqat farzandlarimiz bilan O‘zbekistonga safar qilganda yashash uchun Toshkentda bitta kvartiramiz bor. Jenevadagi uyimiz narxining 18 foizini o‘z xususiy mablag‘larimiz bilan qoplaganmiz, qolgani esa bank krediti bilan qoplangan. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, uyimiz "mortgage", ya’ni ipoteka ostida. Menimcha, bu katta sir emas, chunki Ovro‘poning deyarli butun aholisi ko‘chmas mulk sotib olishda bank krediti xizmatlaridan foydalanishadi. Bu tajriba Shveytsariyada ham keng qo‘llaniladi, chunki bu sohadagi bank krediti stavkalari past hisoblanadi va bu tizimdan foydalanish haqiqatdan ham foydali”¸ degan edi O‘zbekiston prezidentining kenja qizi 2013 yili BBC o‘zbek xizmatiga yo‘llagan yozma javobida.


Ozodlikning “Lola Karimova-Tillayeva Nyu York Tayms maqolasidagi biror jihatga e’tiroz bildiradimi”¸ degan savoliga Karimova-Tillayevaning Floridada joylashgan advokati o‘z mijozining Los Anjelesdagi ko‘chmas mulklarga aloqadorligi haqidagi Nyu York Tayms da’vosini to‘g‘ridan-to‘g‘ri inkor qilishdan o‘zini olib qochdi va buning o‘rniga quyidagi javobni yo‘lladi:

Nyu York Tayms maqolasi faktlarga emas¸ taxminlarga asoslangan. Timur va Lola o‘zlarini hamisha qonun doirasida tutib kelmoqda. Bu maqola va da’vo etilayotgan ko‘chmas mulk oldi-berdisiga asoslanib xulosa chiqarish noto‘g‘ri bo‘ladi.
Ommaviy axborot vositalari Lolaning opasi Gulnora Karimovaning bir necha davlat qonunchiligi tomonidan tergov qilinayotganiga oid iddaolar to‘g‘risida xabar berib kelmoqda. Ammo mening mijozlarim (Lola Karimova va Timur Tillayev – tahr.) bunday tergovlardan birortasining figuranti emas.
Tillayeva xonim o‘zining 2013 yili BBCga bergan intervyusida aniq-tiniq qilib aytgan gapni biz sizga yana takrorlamoqchimiz – Lola va Timur oilaviy aloqalaridan hech qanday manfaat ko‘rayotgani yo‘q. Lola Karimova-Tillayeva aytgan kabi¸ uning eri savdo va transport shirkati aksiyalariga egalik qiladi va u (Lola) qo‘shimcha qilgani kabi Timur na biror davlat tenderiga qo‘shilgan va na uning gaz va paxta kabi milliy zahiralar sanoatiga aloqadorligi bor. Timurning shirkati barcha qoidalarga amal qiladi va soliq imtiyozlari yoki monopoliya maqomidan foydalanmaydi; amalda savdo va transport o‘ta raqobatli biznesdir.

XS
SM
MD
LG