Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:23

Grebenshikov "Muhammad Bekjonni ozod eting!" kampaniyasiga qo‘shildi


Rossiyalik mashhur ashulachi, "Akvarium" guruhi rahbari va solisti Boris Grebenshikov 16 yildan buyon o‘zbek qamog‘ida qolayotgan jurnalist Muhammad Bekjonni ozod etish kampaniyasiga qo‘shildi.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti global miqyosda o‘tkazayotgan tadbir doirasida Grebenshikov o‘zbekistonlik siyosiy mahbus suratini ko‘tarib rasmga tushdi va uni Feysbuk sahifasiga joyladi.

4 dekabrdan 17 dekabrga qadar davom etadigan aksiya doirasida Xalqaro amnistiyaning yuz minglab tarafdor va faollari O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovga Muhammad Bekjonni ozod etish talabi bilan xat, elektron maktub va fakslar yuborishdi, shuningdek, Tvitter va Feysbuk sahifalarida chaqiriqlar qoldirdilar.

Tashkilotning aytishicha, dunyoning 200 davlati va hududida yashovchi yuz minglab odam qamoqdagi jurnalistni dastaklab millionlab maktub va matnlar yo‘llashmoqda.

61 yoshli Muhammad Bekjon muxolifatdagi O‘zbekiston xalq harakati rahbari Muhammad Solihning ukasi va "Erk" gazetasining bosh muharriri bo‘lgan.

U Toshkentdagi 1999 yilgi portlashlar ortidan Kievda o‘g‘irlanib, O‘zbekistonga keltirilgan va portlashlarga aloqadorlikda ayblanib, 15 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

Uch yil avval Muhammad Bekjonning qamoq muddati tugashiga bir oy qolganida qamoqxona ma’muriyatiga bo‘ysunmaslik aybi bilan yana 4 yilu 8 oyga mahkum etildi.

"Akvarium" guruhi rahbari va solisti Boris Grebenshikov Xalqaro amnistiya tashkiloti aktsiyalarida faol qatnashib keladi.

2004 yilda Grebenshikov tashkilotining o‘lim jazosiga qarshi kampaniyasi doirasida O‘zbekiston va Belarus prezidentlariga o‘lim jazosini bekor qilish va qamoqxonalarda mahbuslarga qiynoq qo‘llashni to‘xtatish talab etilgan maktubni yo‘llagan edi.

XS
SM
MD
LG