Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:43

Qashqadaryoda tibbiy ekspert marhumning yaqinlaridan “og‘ziga siqqanicha” pora talab qildi


Andijonda “Ipotekabank” mas’ul xodimi mijozni chuv tushirdi. Namanganda “tez yordam” vaqtida kelmagani sababli bemor vafot etdi. Toshkentda xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmalaridan psixotrop moddalar topildi. Joriy hafta o‘zbek matbuoti shu kabi voqealar haqida yozdi.

O‘zbekistonda elektron javob qog‘ozda yozilgan javobga tenglashtirildi

O‘zbekistonda tegishli davlat organi fuqaroga elektron tarzda yuborgan javob qog‘ozda yozilgan javobga tenglashtirildi (“Adolat ko‘zgusi”, 17 dekabr). O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati joriy yil 3 dekabr kuni ma’qullagan va 9 dekabrda mamlakat Prezidenti imzolagan “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi qonunda shunday tartib ko‘zda tutilgan. Elektron davlat xizmatlari davlat organlari veb-cayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi elektron hukumat bo‘yicha vakolatli organ sanaladi. Ushbu qonun talablarini buzgan shaxslarga javobgarlik belgilangan.

Qashqadaryoda sud-tibbiy ekspert marhumning yaqinlaridan 800 ming so‘m pora talab qildi

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani sud-tibbiy eksperti Normuhammad A’zamov marhumning o‘g‘lidan 800 ming so‘m pora talab qildi (“Darakchi”, 17 dekabr). Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam Qashqadaryo filialiga og‘ir ahvolda olib kelingan fuqaro O‘rol Choriev shifoxonada vafot etgan. Ichki ishlar idorasi qarori bilan jasadni sud-tibbiyot ekspertizasidan o‘tkazish belgilangan. “Ekspert Normuhammad A’zamov bevaqt olamdan o‘tgan O‘rol Chorievlar oilasining musibatiga hamdardlik bildirish o‘rniga og‘ziga siqqanicha pul talab qiladi. Beandisha, ochko‘z, nafs balosiga yo‘liqqan ekspertning tamagirligi Chorievlar oilasining izzat-nafsiga tegadi. Shundan so‘ng ular huquq idoralariga murojaat qilishga majbur bo‘lishadi” deb yozadi gazeta. Ma’lum bo‘lishicha, 1991 yildan beri sud-tibbiyot ekspertizasi tizimida ishlab kelgan N.A’zamov 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

“Ipotekabank” mas’ul xodimi firibgarlik qildi

“Ipotekabank” Andijon viloyati filiali yetakchi mutaxassisi U.Parpiev firib yo‘li bilan katta miqdordagi pulni o‘zlashtirdi (“Huquq olamida”, 17 dekabr). Andijon shahar prokuraturasi vakili Shohida Nurovaga ko‘ra, U.Parpiev fuqaro M.Usmonovga kredit sifatida ajratilgan 19 million so‘m mablag‘ni uni aldab, “Bo‘ston sapfiri” firmasi hisobiga o‘tkazgan. Firma egalari bergan 15 million so‘m naqd pulni esa o‘z manfaati yo‘lida sarflab yuborgan. “Ipotekabank” mas’ul xodimiga Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

Xorijdan yuborilgan pochta jo‘natmalaridan psixotrop moddalar topildi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pochta jo‘natmalaridan taqiqlangan psixotrop moddalar topilganini ma’lum qildi (“Hurriyat”, 16 dekabr). Masalan, Rossiyadan yuborilgan pochta jo‘natmasidan 500 dona “Fenazepam”, Isroildan jo‘natilgan buyumlar orasidan “Rokaset” tabletkalari topilgan. Qayd etilishicha, ushbu holatlar bo‘yicha bojxona surishtiruvlari olib borilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 12 noyabrdagi qarori bilan O‘zbekiston chegarasidan olib o‘tilishi taqiqlangan psixotrop va narkotik vositalar ro‘yxati tasdiqlangan.

Namanganda “tez yordam” vaqtida kelmagani sababli bemor vafot etgan

Namangan shahrida yuragi xuruj qilgan bemor oldiga “tez yordam” mashinasi vaqtida kelmagani oqibatida u vafot etgan (“Diyonat”, 17 dekabr). “Tez yordam” chaqirilganidan 45 daqiqa o‘tsa-da, yetib kelmagan. “Tez yordam” vakillari kechikish sababi sifatida yo‘l tirbandligi, hech kim ularga yo‘l berishni istamagani ko‘rsatgan. “Bu fikrlardan so‘ng tabiiy savol tug‘iladi: yo‘llardagi avtomashinalar tirbandligiga barham berish mumkinmi? Buning uchun nima qilish kerak? Balki ko‘chalarni to‘ldirib yotgan kirakash “Damas”laru xususiy taksilar qatnovini cheklash kerakdir? Ehtimol, avtobuslar qatnovini barqarorlashtirish lozimdir?.. Yo‘llarni yanada kengaytirish muammoning eng samarali yechimimi?” deb yozadi gazeta.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Janubi-sharqiy Osiyo va BAAga arzonlashtirilgan chipta sotadi

“O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi 2016 yil 10 yanvardan 29 fevralga qadar arzonlashtirilgan chiptalar sotuvini amalga oshiradi. Kompaniya matbuot xizmati mahalliy matbuot nashrlariga ma’lum qilishicha, chegirmalar Janubi-sharqiy Osiyo va Birlashgan Arab Amirliklari qatnovlariga tatbiq etiladi. Bunga ko‘ra, Toshkentdan Kuala-Lumpurga borib kelish 735, Bangkokka borib kelish 770, Singapurga borib kelish 813, Sharja va Dubayga borib kelish esa 741 hamda 786 yevro etib belgilangan.

Bilayn va UMS: Yangi yil kechasi mobil aloqada muammo bo‘lmaydi

Har yili Yangi yil kechasida tabriklar ko‘paygani sababli mobil aloqaning yomonlashuvi kuzatiladi. O‘zbekistondagi yetakchi mobil aloqa kompaniyalari, xususan, “Bilayn”, “UMS” va “Uzmobayl” vakillari “Darakchi” nashriga bu yil bayram kechasida uyali aloqa xizmatida muammo bo‘lmasligiga va’da bergan. “31 dekabrda barcha hududlarda tarmog‘imiz sig‘imini kengaytiramiz. Texnik va IT direksiyamizning asosiy qismi bu muddat davomida aloqa tizimi yaxshi ishlashi, texnik nosozliklar bo‘lmasligi uchun navbatchilikda turadi” degan “Bilayn” savdo belgisi ostida xizmat ko‘rsatuvchi “Unitel” kompaniyasi jamoatchilik bilan aloqalar xizmati rahbari Oraz Abdurazzoqov.

XS
SM
MD
LG