Линклар

Uch oydan ko‘proq muddat chet elda bo‘lib qaytgan o‘zbekistonliklar yuqumli kasalliklar, xususan, OITS va OITV bo‘yicha majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Tibbiy ko‘rikdan bosh tortganganlar mahalla va uchastka nozirlari bosimi ostida majburlab poliklinikalarga olib kelinmoqda. Bunday keskin chora-tadbirlarga qo‘l urilayotganini rasmiylar xorijga borib qaytganlar orasida teri-tanosil kasalliklari, jumladan, OITS va OITV ko‘paygani bilan izohlashmoqda.

O‘zbekistondagi OITSga qarshi kurash markazlaridan birining xodimiga ko‘ra, OITV kasalligi tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunga muvofiq xorijda uch oydan ko‘proq vaqt bo‘lib qaytgan har bir fuqaro OITS va OITV bo‘yicha tekshiruvlardan o‘tishi majburiy qilib belgilangan:

- Chet davlatlarda bo‘lib qaytganlarni ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha qonun bor. Uch oydan ko‘proq vaqt davomida chetda bo‘lib qaytgan har bir fuqaro bir hafta ichida ko‘rikdan o‘tishi shart. Respublika bo‘yicha 232ta poliklinikada ochilgan ishonch markazlari bor. U yerda bepul, anonim tarzda qilinadi bu, - dedi OITSga qarshi kurash markazlaridan birining ismi sir qolishi sharti bilan gapirgan xodimi.

Bunday chora-tadbirlarga qo‘l urilayotgani xorijga borib qaytganlar orasida teri-tanosil, jumladan, OITS va OITV kasalliklariko‘paygani bilan izohlanmoqda.

Toshkentning Olmazor tumanidagi 14-sonli poliklinika shifokorlaridan birining Ozodlikka aytishicha, xorijga ketgan ayrim o‘zbek ayollari fohishalik bilan shug‘ullanish orqali turli kasalliklarni yuqtirib kelmoqda, chetga ishlashga ketgan o‘zbek erkaklari esa pala-partish jinsiy aloqa qilish ortidan yuqumli kasalliklarni mamlakatga olib kelmoqda:

- Chet elga ketayotganlar u yerdagi yashash sharoiti bilan bog‘liq har xil kasalliklarni, shu jumladan, OITV kasalliklarini ham o‘zlari bilan olib kelyapti. U yerda hech kim sizni ortingizdan kuzatib yurmaydi. Hech kim ularni noto‘g‘ri yo‘lda kirmaganiga kafolat bermaydi. Bittagina aniqlash usulimiz shu. Siz oddiy test topshirib, o‘zingizni sog‘lom ekaningizni bilsangiz, birinchidan o‘zingizga yaxshi, oilangizga ham yaxshi, mamlakat uchun ham foydali. Chunki odam infeksiyani yuqtirib olganini o‘zi ham bilmaydi. Kasallik vaqtida aniqlansa, davolash ham oson bo‘ladi, boshqalarga ham yuqmaydi, - deydi toshkentlik shifokor.

Xorijda bo‘lib qaytganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tmasa oqibati nima bo‘ladi, degan savolga Respublika OITSga qarshi kurash markazi mulozimi shunday javob berdi:

- Bu mahallaga yuklatilgan. Mahalla talab qiladi. Uchastka nozirlari ham buni nazorat qiladi. Chet elda uzoq vaqt bo‘lib qaytgan bo‘lsa oldin mahalla chaqirtiradi, keyin uchastkavoy chaqirtiradi. Ko‘rikdan o‘tgan bo‘lsa unga o‘tgani haqida spravkani ko‘rsatadi. Agar ko‘rikdan o‘tmagan bo‘lsa, majburiy olib borib tekshirtirishga haqqi bor uchastkavoyni, - deydi OITSga qarshi kurash markazi mulozimi.

Ayni paytda Ozodlik mushtariylari mamlakat poliklinikalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tganini tasdiqlovchi spravkani olish katta pul evaziga bo‘layotganini aytishdi:

- Arzimagan spravka uchun to‘qson ming so‘m so‘rashyapti. Ular ham qaraydi-da, chet elda bo‘lib qaytgan, pul ishlab qaytgan, sog‘ish kerak, deb o‘ylashadi. Tekshiruvdan o‘tmay ham spravkani pulga sotib olayotganlar bor. Hammasi pul bo‘lib ketgan hozir. Menimcha chetda ishlab qaytganlarni pulini shilish uchun o‘ylab topilgan bo‘lsa kerak bu,- deydi Rosciyada ishlab yaqinda Toshkentga qaytgan Tohir.

Toshkentning Olmazor tumanidagi 14-sonli poliklinika shifokori esa bu iddaoni rad qiladi:

- Oddiy sparvka uchun topshirsangiz tekin. Pulligi ham bor. Sertifikat kerak bo‘lsa, to‘g‘ri, pullik, u ham ko‘p emas 20 ming so‘m bo‘ladi. Uchatkavoylarga tibbiy ko‘rikdan o‘tganlikni tasdiqlash uchun oddiy bepul spravka kifoya. Hech kim tibbiy ko‘rikdan o‘tgani kelganlarga pul bermasang o‘tmaysan deyotgani yo‘q, - dedi poliklinika shifokori.

O‘zbekistonlik mehnat muhojirlari son jihatdan Rossiyadagi xorijliklar orasida birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 2 million 700 ming, norasmiy manbalarga ko‘ra, kamida 5 million o‘zbekistonlik muhojir bor.

So‘nggi oylarda Rossiya iqtisodida tushish kuzatilarkan ko‘plab o‘zbekistonlik mehnat muxojirlarining O‘zbekistonga qaytib kela boshlagani kuzatilmoqda.

XS
SM
MD
LG