Линклар

Xalqaro mehnat tashkiloti mutaxassislari 2015 yilgi paxta mavsumini bevosita kuzatish davomida O‘zbekiston hukumati aholini majburan paxtaga chiqarayotganini tasdiqlasa¸ Jahon banki Toshkentning qishloq xo‘jaligini isloh qilish iddaosi bilan taqdim etgan dasturlariga ajratilgan 500 million dollarlik kreditni to‘xtatishi kerak edi. Ammo XMT bunday xulosa chiqarmadi va Jahon banki ham Mirziyoyev hukumatiga va’da qilingan yarim milliard dollar qarzni beradigan bo‘ldi.

Toshkentdagilar Jahon bankidan 4 milliard dollar so‘ragan

Jahon banki direktorlar kengashining kelasi oyga belgilangan majlisida xalqaro moliya tizimining O‘zbekiston hukumatiga 2016-2020 yillarda beriladigan krediti miqdori to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

O‘zbekiston hukumatining infrastrukturani rivojlantirish¸ yangi ish o‘rinlari yaratish va agrar sektorni isloh qilish iddaosi bilan hozirlagan 25 loyihasiga Jahon bankining kelasi besh yil ichida 4 milliard dollar qarz ajratishi kutilmoqda.

Rasmiy baënotlarga ko‘ra¸ imtiëzli foizlar bilan 25-40 yilga beriladigan bu kreditlardan 500 million dollarining O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi¸ xususan¸ uning o‘zagi bo‘lib qolaëtgan paxtachilikni isloh qilishga sarflanishi ko‘zda tutilgan.

Mirziyoyev uchun 500 million qariyb tayin...

Yanvar oyiga belgilangan boshqaruv kengashi majlisi arafasida Jahon banki rasmiylari Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev hukumatiga va’da qilingan kreditlar¸ xususan¸ uning agrar sektorga mo‘ljallangan yarim milliard dollarlik qismini ajratish rejasi o‘zgarishsiz qabul qilinishidan ishorat berdilar.

Bu reja 2015 yil boshida e’lon qilinishi bilan xalqaro huquq tashkilotlarining keskin e’tiroziga uchragan edi.

Xususan¸ bolalar mehnati¸ umuman majburiy mehnatga qarshi kurashib kelayotgan 100 dan oshiq tashkilotdan iborat Cotton Campaign koalitsiyasi Jahon bankidan Toshkent hukumatiga umuman pul bermaslikni so‘ragan edi.

Xalqaro mehnat haqlari forumi (International Labor Rights Forum) vakili Brayn Kempbell:

"Jahon banki pullari evaziga O‘zbekistonga paxtadan tushayotgan daromad¸ Toshkent hukumati faoliyatida shaffoflik mutlaq yo‘qligi bois xorijdagi sirli bank hisoblarida g‘oyib bo‘lmoqda. Dunyoda Jahon bankidan boshqa biror moliya tizimi majburiy mehnat tuzumiga qonunan pul qarz bermaydi”¸ deya e’tiroz bildirgan edi jumladan.

Jahon banki "o‘zbekcha o‘yin" qildi

Cotton Campaign koalitsiyasining “paxta mavsumida kamida bir million davlat xizmatchisini qullarcha sharoitda majburiy mehnatga haydayotgan O‘zbekiston hukumatiga pul berish¸ dunyoda misli yo‘q ko‘lamdagi majburiy mehnatni ochiqcha qo‘llab-quvvatlashdir” degan bosimlari ostida Jahon banki 2015 yilgi paxta mavsumida bu ayblovlarni maxsus o‘rganib¸ so‘ngra qaror berajagini va’da qilgan edi¸ deydi mazkur koalitsiyaga qo‘shilgan O‘zbekiston-Germaniya inson haqlari forumi yetakchisi Umida Niyozova:

- Inson huquqlari tashkilotlari bosimi ostida Jahon banki O‘zbekistonda majburiy mehnatdan foydalanilayotganini tekshirish uchun mustaqil auditorlik tashkilotini taklif qilishga rozi bo‘ldi. Lekin haqiqiy mustaqil tashkilot o‘rniga bank BMT organi bo‘lgani uchun hukumat bilan ishlashi shart bo‘lgan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan O‘zbekistondagi paxta kampaniyasini monitoring qilish bo‘yicha shartnoma tuzdi¸ deydi Niyozova.

Yaqinda Xalqaro mehnat tashkiloti hukumat rasmiylari hamrohligida o‘tkazilgan bunday monitoring davomida O‘zbekistonda hukumat tashabbusi bilan tashkillashtirilgan keng ko‘lamli majburiy mehnat yo‘q¸ degan xulosaga kelganini e’lon qildi.

Bu xulosani jiddiy va yakuniy deb qabul qilgan Jahon banki Mirziyoyev hukumatiga va’da qilingan 500 million dollarlik qarzni berish haqida qaror chiqaradigan bo‘ldi.

Umida NiyozovaXalqaro mehnat tashkiloti va Jahon bankining bunday qarori Toshkent hukumatini majburiy mehnatdan voz kechtirish yo‘lida paydo bo‘lgan jiddiy imkonni boy berish ekanini aytadi:

- Kreditni to‘xtatish biz uchun strategik maqsad emas edi. Asosiy maqsadimiz¸ bu imkoniyatdan foydalanib¸ O‘zbekiston hukumati va hukmdorlariga bosim o‘tkazish va paxta sanoatida jiddiy o‘zgarish va reformalar talabini qo‘yish edi. Ammo Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki O‘zbekistonda qolish uchun siyosiy xulosaga keldi. Zotan ular haqiqatni aytishsa¸ mamlakatni tark etishga majbur bo‘lishar edi¸ deydi Umida Niyozova.

2015 yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilgan majburiy mehnat vaziyatini yoritgan Ozodlikka bevosita oddiy o‘zbekistonliklarning o‘zidan kelgan ma’lumot va hikoyalarga ko‘ra¸ joriy yilda mamlakat bo‘ylab majburiy mehnat ko‘lam va bosimi o‘tgan yillardagidan ham kengroq va qattiqroq bo‘lgan.

Paxta terish har bir o‘zbekistonlikning vatanparvarlik burchi¸ degan umumxalq shiori vositasida¸ ayniqsa¸davlat xizmatchilari va aholining byudjetga qaram qismiga nisbatan bosim va po‘pisalarning yangi shakl va darajaga chiqqani ko‘rildi.

Ishdan yoki o‘qishdan haydalish¸ pensiya va nafaqasiz qolish¸ gaz va svetdan uzilish¸ soliqchilarga em bo‘lish kabi tahdidlar ostida paxtaga chiqarilgan yoki o‘rniga odam chiqarish uchun pul to‘lashga majburlangan millionlab o‘zbekistonlik¸ ayni paytda¸ "paxtaga o‘z ixtiyorim bilan chiqdim"¸ degan tilxatlarga qo‘l qo‘ydirildi.

Bu tilxatlar esa¸ o‘z navbatida¸ Xalqaro mehnat tashkiloti kuzatuvchilari “ko‘zini bo‘yash” va oqibatda O‘zbekistonda majburiy mehnat yo‘q degan ham Toshkent¸ ham Jahon banki istagan xulosani chiqarib berishga asos o‘laroq ishlatildi.

XS
SM
MD
LG