Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:24

O‘zbek kelinlari haqidagi film xalqaro tanlov sovrinini oldi


O‘zbekistondan Qirg‘izistonga, Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan ayollarning achchiq qismatlari haqida hikoya qiluvchi Ozodlik radiosi qirg‘iz xizmati jurnalisti Sanjar Eraliyevning “O‘gay” kelinlar” hujjatli filmi Bishkekda bo‘lib o‘tgan “Bir dunyo – Qirg‘iziston” xalqaro festivalida maxsus sovrinni oldi. Ozodlik bilan suhbatda, Sanjar Eraliyev Qirg‘izistondagi “o‘gay” kelinlarning taqdirida ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotganini aytdi.

Britaniyadagi Urush va Tinchlikni yoritish instituti tashkil qilgan Xalqaro festivalda 22 davlatdan taqdim qilingan hujjatli filmlar qatnashdi.

Festival Bishkek shahrida 10-14 dekabr kunlari to‘rt nominatsiyada o‘tkazildi.

Ozodlikning qirg‘iz xizmati jurnalisti Sanjar Eraliev muallifi bo‘lgan “O‘gay kelinlar” hujjatli filmi “Festivalning maxsus sovrini” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi.


O‘ttiz daqiqali mazkur hujjatli filmda O‘zbekistondan Qirg‘izistonga va Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan ayollar taqdiri haqida hikoya qilinadi. Film qahramonlari bo‘lgan uch ayol misolida o‘n minglab kelinlarning murakkab hayoti yoritilgan.

Namangan, Jalolobod, O‘sh, Andijon, Botken, Farg‘ona...O‘zbekiston bilan Qirg‘izistonni bog‘lab turgan mazkur chegara hududlarida qo‘shni davlatga kelin bo‘lib tushgan o‘n minglagan ayollar uzoq yillardan beri fuqarolik ololmay, huquqlari paymol bo‘lgan holda yashashga majbur bo‘lmoqda.

Sanjarga ko‘ra, filmni tayyorlash uchun O‘zbekistonga borib, u erda yashayotgan qirg‘izistonlik kelinlar taqdirini ham o‘rgangan.

Sanjar Eraliyevning Ozodlikka aytishicha, film namoyish etilganidan so‘ng, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga kelin bo‘lib tushgan ayollar hayotida asta-sekin ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda.

“Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kelin bo‘lib tushgan ayollar hali-hanuz pasport ololmasdan yurishibdi”, dedi Sanjar Eraliyev.

Sanjar Eraliyev bilan bo‘lgan suhbatni quyida tinglang:

XS
SM
MD
LG