Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:28

2015 yilda o‘lgan muhojirlar xotirlanmoqda


18 dekabrda Xalqaro muhojirlar kuni nishonlanmoqda. Migratsiya bo‘yicha Xalqaro tashkilot (IOM) 2015 yilda muhojiratda nobud bo‘lgan odamlar xotirasiga bag‘ishlab “Sham yoq” global kampaniyasini boshlab, #IamaMigrant (Men migrant) xeshtegi bitilgan bilaguzuklarni tarqatib, o‘lgan har bir migrantni eslashga chaqirmoqda.

Nobud bo‘lgan migrantlar xotirlanmoqda

18 dekabr- Xalqaro muhojirlar kunida Migratsiya bo‘yicha Xalqaro tashkilot (IOM) o‘tib borayotgan yilda o‘z vatanidan tashqarida nobud bo‘lgan muhojirlarni xotirlash aksiyasini boshlab yubordi.

“Ularning har biri o‘z ismiga ega bo‘lgan, har biri o‘zini yoki oila a’zolarini xavf-xatardan saqlash uchun ona yurtini tark etgan”, deyiladi BMTning bu kunga bag‘ishlab e’lon qilingan xabarida.

Muhojirlar kuniga bag‘ishlangan nutqida BMT Bosh kotibi Ban Ki Mun 2015 yil tarixda insoniyat azob-uqubatlar va migrantlar fojeasi yili sifatida nom qoldirishini alohida taqidladi.

“O‘tgan 12 oy davomida 5000dan ziyod ayol, erkak va bolalar yashashga qulayroq joy izlab nobud bo‘ldi. Yana o‘n minglab kishi odam savdosi qurbonlariga aylandi. Millionlab odam esa ksenofobiya va vahimachilik qurbonlariga aylangan “baloga qolganlar”dir”, deb noma bitdi Ban Ki Mun.

Ban Ki Mun o‘z nutqida BMTga a’zo barcha davlatlarni “Mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish Xalqaro Konvensiya”ni imzolashga da’vat etdi.

Ayni paytda 2015 yil jahon hamjamiyati migrantlarning olam taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini o‘ta yuqori baholamoqda.

- Biz nobud bo‘lgan muhojirlarning hayotlari behuda ketmaganini kafolatlashimiz kerak. Biz ularni yodda tutishimiz zarur, dedi o‘z o‘rnida xalqaro muhojirlarni xotirlash kampaniyasi tashkilotchisi Uilyam Leysi Sving.

Jahon Banki mutaxassislariga ko‘ra, muhojirlikka chiqayotganlar soni yiliga 1,6 foizga oshib bormoqda. Ayrim mamlakatlarda migrantlar jo‘natayotgan pul mablag‘lari kiritilayotgan tashqi investitsiyalardan jiddiy tarzda oshgani kuzatildi.

BMT ma’lumoti bo‘yicha, mehnat muhojirlarining pul jo‘natmalari bo‘yicha Tojikiston dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi, tojikistonliklarning muhojirlikda topgan puli mamlakat YaIMining 49 foizini tashkil etadi.

Jumladan, o‘zbek muhojirlari pul o‘tkazmalari ham O‘zbekistonning Yalpi ichki mahsulotining sezilarli qismini tashkil etayotgani hech kim uchun sir emas. Biroq, 2015 yilning 9 oyi davomida o‘zbekistonlik ishchilar oldingi yillarga nisbatan Rossiyadan 2,5 barobar kam pul jo‘natgani qaydga olindi va 1 milliard 874 million dollarni tashkil etdi.

Rossiya FMSi rasmiy raqamlariga ko‘ra, 2015 yilning dekabr oyigacha birgina Rossiyada 1 million 880 mingdan ziyod muhojir rasman qaydga olingan.

Rossiyadagi muhojirlarning eng ko‘pi - o‘zbekistonliklardir

Xo‘sh, Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari Xalqaro muhojirlar kunida o‘zlarini qanday his etyapti? Ularning istak-xohishlari nimadan iborat?

Bu savollarga javob bergan qoraqalpog‘istonlik muhojir Maqsad odatdagidek “Xudoga shukur!”, deb gap boshladi:

- Xudoga shukur, yomon emas. Ishim ham yaxshi, yashashim ham. Maoshimni vaqtida berishyapti. Yashashimdan nolimayman, lekin qani edi o‘zimizga borib ishlasam, o‘zimizda yetarli pul topsam – bu undan ham yaxshi bo‘lardi. Lekin o‘zimizda ish bo‘lmaganidan keyin ilojsizlikdan bu yerda ishlayapmiz. O‘zimizda tirikchilik qilsa bo‘ladi, ammo bu pulga uy qura olmaysan, yaxshi kiyim olaolmaysan... Oldingi davrlardan qiyin bo‘lib qoldi: mana bu unga-bunga to‘lashlari, dokumentlarga to‘lash masalalari qiyinlashdi,- dedi mehnat muhojirligida ancha yillardan beri yurgan Maqsad.

Yana bir suhbatdosh – chustlik Sherali ham 18 dekabr- Muhojirlar kuni ekani to‘g‘risida birinchi marotaba eshitayotganini gapirdi.

U odamlar o‘z joyidan yaxshilikdan ko‘chmaydi, faqat nochorlik va mushkul vaziyatgina ularni o‘z yurtlaridan uzoqqa ketishga undaydi, deydi:

- Eshitmagan ekanman... Ayniqsa o‘zbekistonliklarga nisbatan Bojxona Ittifoqiga qo‘shilmagani sababli bosim yanada kuchaygan. Patent degan narsasini 4 barobarga narxini qimmatlashtirdi, migrantlarga tibbiy xizmat umuman yo‘q. Men gaplashgan ko‘pchilik o‘zbekistonliklar – 90 foizdan ortig‘i – agarda iloji bo‘lsa bugun emas, hozir ketvorishga tayyor! Afsuski iqtisodiy ahvoldan kelib chiqib shu yerda. Bu kunda men o‘zimizning O‘zbekistonda shu yerda ishlab yurganlar kabi barakali ish nasib qilishini tilayman! Sog‘-salomat uyga qaytib borishsin! Axir o‘zining oilasi oldida yurganiga yetmaydi... Ayniqsa yangi farzand ko‘rib, bu erga kelvorganlar bolalarining eng shirin davrini o‘tkazib yubormoqda, mahrum bo‘lmoqda: borsa tanimaydi ko‘pchiligi. “Kel o‘g‘lim yoki qizim!”, desa tanimaydilar. Bu hammaga ham juda qattiq zarba: bu holatda topgan puli kallasidan chiqib ketadi. Hammamizga oilamiz bilan bo‘lish nasib qilsin, dedi muhojiratda yurganlarning ichki dardlarini ochiqlagan Sherali.

1990 yilning 18 dekabrida BMT Bosh Assambleyasi Mehnat muhojirlari va ularning oila a’zolari huquqlarini himoya qilish Xalqaro Konvensiyasini qabul qilgan edi.

10 yil o‘tib – 2000 yilning 4 dekabrida, dunyoda muhojirlar soni keskin ko‘payib borayotganini inobatga olgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti 18 dekabrni Xalqaro muhojirlar kuni, deb e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG