Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:20

Farg‘onada gaz yo‘qligidan norozi odamlar ko‘chaga chiqdi


O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida ko‘pqavatli uylarda yashovchi ikki yuzga yaqin odam gaz yo‘qligidan norozilik bildirib, ko‘chaga chiqdi. 18 dekabr oqshomida norozilar Qirgulidagi Marg‘ilon avtomobil yo‘lini bir soat davomida to‘sib turishdi. Militsiya va hokimiyat rasmiylari norozilar yoniga kelib, gaz ballonlari berilishini va’da qilganidan so‘ng olomon uylariga qaytdi.

Ozodlikning Farg‘onadagi manbalariga ko‘ra, 18 dekabr kuni kechki payt Qirgulidagi Marg‘ilon ko‘chasida istiqomat qiladigan 200ga yaqin odam avtomobil yo‘lini to‘sib olgan.

Odamlar gaz yo‘qligiga norozilik bildirib, rasmiylardan gaz yetkazib berishni talab qilgan.

Ozodlik manbasining aytishicha, odamlarning ko‘chaga chiqib norozilik bildirishi Qirgulida uch kundan beri davom etmoqda.

- Har kuni bo‘lyapti bu. Hamma domdagilar tashqariga chiqadi, melisalar kelib hammani uyiga kirgizadi. Gaz esa yo‘q, - dedi ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan farg‘onalik manba.

Qirgulida gaz yo‘qligidan odamlar ko‘chaga chiqqanini Ozodlikning shahar hokimiyatidagi manbasi ham tasdiqladi:

- Hokimiyatdan, militsiyadan, gaz idorasidan vakillar borib odamlarni tinchitishga harakat qilyapti. Bugun ancha va’dalardan so‘ng odamlar uylariga kechasi soat 9larda tarqaldi, dedi hokimiyat mulozimi.

O‘zbekistonda gaz taqchilligiga qarshi aholining norozilik chiqishlari birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yili Xorazmning Bog‘ot tumani Xitoy qishlog‘ida ayollar gaz yo‘qligidan avtomagitral yo‘lini to‘sib, norozilik o‘tkazgan edi. Hokimiyat rasmiylari gaz ballon va ko‘mir berilishini va’da qilganidan so‘ng norozilar tarqalgandi.

2013 yilda Samarqandning Sartepa mavzesining Xo‘jasoat mahallasi xotin-qizlari gaz va chiroq yo‘qligiga norozilik tariqasida avtomobil yo‘lini to‘sganidan so‘ng esa mahallaga gaz berila boshlagan edi.

XS
SM
MD
LG