Линклар

logo-print

O‘zbekiston fuqarolik pasportini biometrik pasportga almashtirish muddati 2,5 yilga uzaytirilgani xabar qilinmoqda. O‘zbekistonda chiqadigan Gazeta.uz internet nashrining ichki ishlar vazirligi rasmiysiga tayanib xabar qilishicha, pasportni almashtirish jarayoni 2018 yil 1 iyuliga qadar uzaytirilgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi vakiliga tayanib berilayotgan xabarga ko‘ra, yaqin vaqt ichida bu haqda rasmiy matbuotda xabar qilinadi.

IIV vakili pasportlarini almashtirishga ulgurmagan fuqarolar jarimaga tortilmasligini qo‘shmcha qilgan.

O‘tgan oy boshida Ozodlik manbalari biometrik pasport olish muddati kamida bir yilga uzaytirilishi masalasi ko‘rib chiqilayotganini bildirgan edi. Lekin keyinchalik O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi rasmiylari bu haqda prezident Islom Karimovga kiritilgan taklif bo‘yicha qaror qabul qilinmaganini bildirishgan edi.

18 dekabr kuni Ozodlik bilan gaplashgan boshqarma vakili nobiometrik pasportlar joriy yil oxirida yaroqsiz bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Islom Karimov 2009 yil 23 iyunda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonda "biometrik ma’lumotlarga ega pasportlar xalqaro fuqaro aeronavigatsiyasi xavfsizligini ta’minlash, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning qalbakilashtirilishiga qarshi himoya darajasini oshirish, Davlat chegarasidan o‘tishda shaxsni tezkor va aniq identifikatsiyalash mexanizmlarini takomillashtirish, xalqaro aviatashishlar sifati va samaradorligini oshirish maqsadida joriy etilishi" ta’kidlangan edi.

XS
SM
MD
LG