Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:36

AQShda foizlarning oshirilishi boshqa mamlakatlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?


AQSh Federal rezerv tizimi oxirgi yetti yilda ilk marotaba o‘z foiz stavkasini oshirdi.

Natijada AQSh dollari mustahkamlanmoqda. Bu esa boshqa mamlakatlar iqtisodiga turlicha ta’sir ko‘rsatyapti.

Markaziy bank 16 dekabrdagi o‘zgarishdan avval uzoq payt o‘z foiz stavkasini 0-0,25 foizdan oshirmagan edi.

Bundan maqsad amerikalik shirkat va iste’molchilarga qarz olishni osonlashtirish va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish orqali iqtisodiy tanazzul oldini olish edi.

Endilikda Federal rezerv tizimi o‘z stavkasini 0,25 foizdan 0,5 foizgacha ko‘tardi.

Bu Markaziy Bankka AQSh iqtisodini endilikda sog‘lom, deb baholashiga asos bo‘la oladi.

Qarz olish narxini oshiruvchi ushbu qattiq pul-kredit siyosati iste’molchilarning qarz olishi ko‘lamini inflyatsiyani avj oldirishi mumkin bo‘lgan darajalardan pastroq ushlab turishga qaratilgan.

Quyida AQSh markaziy bankining bu qadami dunyoning boshqa burchaklaridagi odamlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan ta’sirlar haqida ma’lumot berilgan.

1. Kuchliroq AQSh dollari

Foiz stavkasining oshgani banklar qarzlar uchun ko‘proq foiz talab qiladi xolos, degani emas. Bu yana AQSh banklari ularga qarz beruvchilarga, masalan, investorlarga ham ko‘proq foiz to‘laydi, degani. Bundan tashqari, AQSh hukumati obligatsiyalarini sotib olganlar ham ko‘proq foiz oladilar.

Ko‘proq foiz olish imkoniyati xorijiy investorlarni AQSh moliyaviy bozorlariga chorlashini kutish mumkin. Investorlar ishtirok etish uchun lozim dollarlarni qo‘lga kiritish uchun kurashar ekan, valyutaning qadri oshadi.

Federal rezerv tizimi foiz stavkasi o‘zgarishini e’lon qilganidan keyin dollar yevro va iyenaga nisbatan ozgina qimmatlashdi xolos, chunki bankning bu qadamini ko‘pchilik kutayotgan edi. Ammo kelajakda foiz stavkasi yana ko‘tarilishi kutilmoqda. Bu esa dollarning mustahkamlanishda davom etishiga olib keladi.

Dollarning mustahkamlanishi AQSh valyutasida belgilangan katta miqdordagi qarzga ega mamlakatlar uchun salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ular qarzlarini to‘lashlari uchun kerak dollarlarni qo‘lga kiritish uchun o‘z valyutalarini ko‘proq sarflashga majbur bo‘ladilar. Bu esa ularning xazinalarini yemiradi. Qolaversa, kuchli dollar yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun dollarda kredit olishni istovchi mamlakatlar uchun qarz olish narxini oshiradi.

Federal rezerv tizimi foiz stavkasini qanday tezlik bilan yana oshirishi noma’lum bo‘lib qolmoqda. Shunday bo‘lsa-da, aksar mutaxassislar 16 dekabr kuni foiz stavkasining ozgina oshirilgani kelajakda markaziy bank stavkani sekin oshirib borishini anglatadi, deyishmoqda.

Londondagi “Kapital iqtisodiyoti” izlanish markazining rivojlanayotgan bozorlar bo‘yicha mutaxassisi Uilyam Jekson: “Stavkadagi o‘zgarishning ko‘lami nisbatan kichik bo‘ldi. Bundan tashqari, Federal rezerv tizimi kelgusi yillarda stavka qadam-baqadam oshirilishiga urg‘u berishga urindi. Bundan agressiv qisqarishlarni va qarz olish narxining keskin oshib ketishini kutmasak bo‘ladi, degan xulosa kelib chiqadi”, dedi.

Shunday bo‘lsa-da, dollarning har qanday darajada mustahkamlanishi xomashyo eksport qiluvchi mamlakatlar uchun jiddiy muammo tug‘diradi. Bunday mamlakatlar shusiz ham neft, metallar, oziq-ovqat kabi tovarlar dunyo bozorlaridagi oshiqcha taklif sabab global miqyosda arzonlab ketgani tufayli iqtisodiy muammolarga duch kelmoqda. Endilikda ular eksportlari olib kelayotgan tushum ozayib borayotgan bir paytda dollar olish uchun ko‘proq to‘lashga majbur bo‘ladilar.

2. Kamroq xorijiy kapital?

Rivojlanayotgan iqtisodlar o‘sishi uchun xorijiy kapital lozim. Ammo endi foiz stavkasining oshirilgani investorlarni AQShga chorlar ekan, buning oqibatida boshqa moliyaviy bozorlarga, jumladan, rivojlanayotgan mamlakatlardagi moliyaviy bozorlarga kamroq investitsiya borishi mumkin.

Bu hol siyosiy yoki iqtisodiy sabablarga ko‘ra investitsiya qilish xatarli hisoblangan rivojlanayotgan mamlakatlarda ayniqsa ko‘proq kuzatiladi. Xomashyo ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ko‘proq zarar ko‘radi, chunki xomashyolarning global narxlari hozir tez-tez o‘zgarib turibdi. Narxlardagi noaniqlikka bunday tovarlar bozoridagi taklifning ko‘pligi hamda ularga bo‘lgan talab qachon oshishining noma’lum bo‘lib qolayotgani sabab bo‘lmoqda.

3. Yuqori import narxlari

Dollar mustahkamlanar ekan, iste’molchilar import qilingan mahsulotlarni va import qilingan materiallar bilan o‘z mamlakatlarida ishlab chiqarilgan tovarlarni sotib olish uchun o‘z valyutalarini ko‘proq sarflashlari kerak bo‘ladi.

Bu yerda ham asosan xomashyo eksport qiluvchi mamlakatlar ko‘proq ziyon ko‘rishini kutish mumkin. Xomashyo eksport qiluvchi ayrim mamlakatlar bunday tovarlar sektorini rivojlantirishga butun e’tiborini qaratib, ishlab chiqarish kabi boshqa sohalarni rivonlantirmagan. Ularning bunday yo‘l tutishiga avvalgi o‘n yilliklarda neftь va metallarga bo‘lgan yuqori global talab keltirib chiqargan baland narxlar turtki bo‘lgan.

4. Ozgina yaxshi yangilik

Foiz stavkasining oshirilishi bilan mustahkamlangan dollar boshqa iqtisodlar uchun qiyinchiliklar yaratsa-da, ayrim imkoniyatlarni ham tug‘diradi.

Bunga sabab AQSh eksportlari valyutasi sustroq mamlakatlarning shunga o‘xshash eksportlariga nisbatan qimmatlashishidir. Evropa va Osiyodagi zavod-fabrikalar bundan albatta foyda ko‘radi. Qolaversa, dunyoning turli burchagida joylashgan, AQSh shirkatlariga nisbatan o‘z bozor ulushini oshirishga harakat qilayotgan zavod-fabrikalar ham kuchli dollar sabab foyda ko‘rishi mumkin.

Bundan tashqari, AQSh iqtisodining qayta tiklanayotgani bu mamlakatga eksport qiluvchi har qanday shirkat uchun yaxshi yangilikdir. Avvalgi yillarda AQShdagi iqtisodiy tanazzul sabab ko‘plab shirkatning bu mamlakatga eskporti ozaygan edi.

“Agar Federal rezerv tizimi foiz stavkasini oshirishda davom etsa, bu AQSh iqtisodining hozirgi ahvoli qattiq pul-kredit siyosatini olib borishga imkon yaratmoqda, degani. Shuning o‘zi ham dunyo uchun ijobiy narsadir”, deydi Jekson. “Bu AQSh talabi oshayotganini anglatadi. Shunday ekan, rivojlanayotgan bozorlarda [ularning eksportlari uchun bo‘lgan] tashqi talabning oshishini kuzatishimiz mumkin”.

Charlz Reknagel maqolasi o‘zbek tiliga Ozodlik jamoasi tomonidan o‘girildi.

XS
SM
MD
LG