Линклар

IIV Terrorga qarshi kurash boshqarmasi mulozimi mamlakat aholisini yirik shaharlar va poytaxtda urchiyotgan vahimalarga berilmaslikka chaqirmoqda. Boshqarmaning mahalliy Internet nashriga intervyu bergan mulozimi, podpolkovnik O‘ktam Murodov asossiz mish-mishlarni tarqatishga urinish harakatlariga keskin chora ko‘rilishidan ogohlantirdi.

"Rostga o‘xshagan mish-mishlar"

12news.uz nashriga intervyu bergan O‘zbekiston IIVning Terrorga qarshi kurash boshqarmasi rahbari o‘rinbosari, podpolkovnik O‘ktam Murodovga ko‘ra, mamlakatda aholini vahimaga soladigan voqea-hodisalar kuzatilmayotir va vaziyat umumiyatla, tinchdir.

IIV podpolkovnigi mamlakatdagi kriminogen muhit mustahkam nazorat ostida va asossiz xavotirlarga o‘rin yo‘q, deb ta’kidladi.

"Boshidan hamyurtlarimiz va qadimiy hamda mehmondo‘st poytaxtimiz mehmonlarini tinchlantirishni istardimki, bizning huquq-tartibot organlarimiz aholi, mahalla faollari, yoshlar bilan yaqin hamkorlik qilmoqda, odamlarning tinchligi hamda farovonligiga hech kim va hech narsa zarar bermasligi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilmoqda.

Turli mish-mishlar, agar aytish mumkin bo‘lsa, g‘iybatlar, misol uchun, Toshkent IIB binosi yaqiniga kimdir qora bayroq osib ketibdi, o‘sha yerda avtostoyankada bomba o‘rnatilgan mashina topilibdi, qabilidagi g‘iybatlar o‘z harakatlari bilan vahima va qo‘rquv uyg‘otishga urinayotganini tushunmayotganlar tomonidan tarqatilmoqda.

Bunaqa asossiz mish-mishlar jamiyatga zarar beruvchi xarakterga ega va shu bois, ularga qarshi keskin chora ko‘riladi. Ushbu imkoniyatdan foydalanib fuqarolarimizga bunaqa fitnalarga berilmaslik, hatto haqiqatga o‘xshab ko‘ringan ovozalarga ham e’tibor qilmaslikka chaqiraman", deya iqtibos keltirdi IIV podpolkovnigidan 12news.uz nashri.

"Qaytganlar haqida ishonchli axborot bor"

IIV mulozimiga ko‘ra, global miqyosda chegara va masofa bilmaydigan xalqaro terrorizm hozirgi asrning asosiy muammosiga aylangan va dunyoning biror davlati terrorga qarshi yolg‘iz kurasha olmaydi.

"Umumiy tahdidga qarshi o‘zaro hamkorlik amaliyotlar doirasida xorijdagi hamkasblarimiz bilan izchil aloqadamiz, xorijga uzoq muddatga chiqqanlar va qaytganlar haqida ishonchli ma’lumotlarga egamiz", deya qo‘shimcha qiladi IIV podpolkovnigi.

Toshkentda vahima sabablari

So‘nggi ikki oyda Toshkentda pasport rejimi joriy qilingani, ommaviy ravishda aholi pasport tekshiruvidan o‘tkazilayotgani, ijaraga berilayotgan xonadonlar ro‘yxatga olinayotgani, xorijdan qaytgan fuqarolar va diniy qarashlari uchun ro‘yxatga olingan fuqarolar qayta-qayta suhbat, so‘roqqa chaqirilayotgani, ayrimlari mahalla qo‘mitasidagi suhbat chog‘idayoq hibsga olinayotgani poytaxt ahlida vahima kuchaygani kuzatilmoqda.

Bu orada poytaxtda tarqalayotgan mish-mish va ovozalarning aksariyati "Islomiy davlat"ning O‘zbekistonga ehtimoliy tahdidi va, go‘yoki, ehtimoliy hujumlardan birining huquq-tartibot idoralari tomonidan bartaraf qilingani xususida bo‘lmoqda.

Ozodlikka kundalik ravishda kelayotgan xabarlar va murojaatlarning kattagina qismida, ayniqsa, poytaxt ahlida vahima kuchayganini kuzatish mumkin.

Ozodlik o‘z vaqtida bunday vahima va xavotirlarga sabab bo‘layotgan ovoza hamda mish-mishlarni to‘plab, O‘zbekiston rasmiy idoralari va huquq-tartibot organlaridan munosabat olishga uringan, ammo muvaffaq bo‘lmagan edi.

IShIDga aloqador hibslar

Xorijdan qaytganlar haqida ishonchli ma’lumotlar borligini tasdiqlagan podpolkovnik Murodov ta’kidlarini esa so‘nggi ikki oy ichida kuzatilgan IShIDga aloqador hibslar to‘lqinini tasdiqlaydi.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi tarqatgan so‘nggi ma’lumotda, 29 oktyabrdan 18 noyabrga qadar hibs qilinganlar soni 200 kishidan oshgani aytilgan.

Tashkilot faollari, ayniqsa, xorijdan borgan namozxonlarning hibsga olinishi Toshkent shahri va viloyatidan tashqari Namangan, Qo‘qon, Farg‘ona shaharlarida ham kuzatilganini xabar qilgan.

Toshkentda aholini vahimaga solib qo‘ygan ommaviy hibslar haqida Rossiyaning "Regnum" agentligi ham xabar tarqatgan.

Portlashlar va hujum urinishlari

Bundan tashqari, so‘nggi uch oy ichida Toshkentda portlashlar va xorijiy davlat elchixonalariga hujum qilishga urinish hollari kuzatildi.

Xususan, 28 sentyabr kuni tongda Toshkentdagi AQSh elchixonasi hovlisiga noma’lum shaxslar ikkita Molotov kokteylini otgan edi. Portlovchi mosalamalardan biri portlashi ortidan elchixona bir necha soatga yopib qo‘yildi.

4 sentyabr kuni Toshkentning Olmazor tumanida “To‘xtaboy” jome masjidi oldida ham portlash sodir bo‘lgan, keyinchalik rasmiylar bu hodisani aksilterror mashqi bilan izohlashgan edi.

Aprel oyida Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Transport va servis kolleji, bolalar bog‘chasi va ko‘p qavatli turar-joy binolariga “Islomiy davlat” ekstremist guruhiga nisbat berilgan varaqalar yopishtirib ketilgan edi. Mazkur hodisaga aloqadorlikda ayblangan Transport va servis kolleji o‘quvchisi 18 yoshli Firdavs Salimov 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgani haqida o‘tgan hafta oxirida ma’lum bo‘ldi.

Avgust oyida esa Andijon shahridagi harbiy garnizonda bir necha portlash, uning ortidan esa yong‘in bo‘lgan, o‘sha kezdayoq rasmiylar harbiy mashg‘ulot o‘tkazildi, deb rasman xabar tarqatgan edi.

XS
SM
MD
LG