Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:31

Marg‘ilonda gaz yo‘qligidan norozilar uch kundan beri ko‘chaga chiqayapti


Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri Saxovat mahallasi aholisi uch kundan buyon tabiiy gaz va elektr yo‘qligidan norozi bo‘lib, ko‘chaga chiqayapti. Hokimlik va mutasaddi tashkilot vakillari norozi aholiga muammoni hal qilishga va’da berayapti. Biroq gaz idorasi mas’ullariga ko‘ra,tabiiy gaz bosimi pastligi bois aholini uzluksiz gaz bilan ta’minlash imkoni bo‘lmayapti.

Marg‘ilonning Saxovat mahallasida joylashgan eski Ipakchilik kombinati hududidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi gaz va elektr taqchilligidan norozi bo‘lib,19 dekabrdan buyon har kuni to‘planib,ko‘chaga chiqayapti.

Marg‘ilondagi manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra,qo‘shni Qirguli mavzesi aholisi juma kuni ko‘chaga chiqqani natijasida gaz bilan ta’minlangani voqeasidan ilhomlanib, marg‘ilonliklar ham norozilik bildirishga qaror qilishgan:

“Ipakchilik kombinati hududida odamlar shanbadan beri ko‘chalarni to‘ldirib o‘tirib olayapti.Saxovat va Guliston mahallalari fuqarolari chiqqan.Bu joylarda asosan ko‘p qavatli uylar joylashgan.Svet bilan gaz o‘chirilishi joniga tekkan odamlar ko‘chaga chiqishga majbur bo‘lishdi.Ular Qirgulida odamlar gaz bilan ta’minlanganini eshitib,qo‘rqmasdan ko‘chaga chiqishdi”, dedi Ozodlikka voqea tafsilotlaridan xabardor Marg‘ilondagi manba ismini ochiqlamaslik sharti bilan.

Ko‘chaga chiqqan norozilar soni 150dan 200gacha ekani aytilayapti.

Marg‘ilon huquq-tartibot idoralaridan olingan ma’lumotga ko‘ra,ko‘chaga chiqqan norozilar asosan ayollardan iborat.

Mazkur idoradagi manba ma’lumotiga ko‘ra, shanba kuni norozi ayollar oldiga Marg‘ilon shahar hokimligi vakillari va mutasaddi tashkilotlar xodimlari borib, vaziyatni o‘nglashni va’da qilib,odamlarni uylariga tarqatishga muvaffaq bo‘lgan.

Biroq manbaning aytishicha,yakshanba kuni ham gaz o‘chib qolgach,marg‘ilonliklar yana ko‘chaga chiqishgan:

“Gaz va elektr idorasi shanba kuni vaziyatni yaxshilashga harakat qilishdi.Biroq gaz davleniyesi past bo‘lgani uchun,gaz bilan uzluksiz ta’minlash imkoni bo‘lmayapti.Bugun – dushanba kuni ham gaz o‘chib qolgach,yana ko‘chaga chiqishibdi”,dedi huquq-tartibot idoralaridagi manba.

Marg‘ilon shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra,hokimlik,MXX,militsiya va mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat maxsus guruh 21 dekabrь kuni ham Saxovat mahallasiga borib,norozi ayollar bilan uchrashib,ular orasida tashviqot-targ‘ibot ishlarini o‘tkazgan.

“Viloyat hokimi ham keldi,viloyat prokurori ham kelib ketdi.Bugun Marg‘ilon hokimligidan borib,Saxovatdagi ayollar bilan uchrashib,ularga boshqa ko‘chaga chiqmaslik haqida ta’kidlandi.Ayollarning hammasiga tushuntirildi”,dedi hokimlik xodimi.

Marg‘ilondan olingan so‘nggi ma’lumotga ko‘ra,maqola hozirlanayotgan 21 dekabrь kechgi soat 7larda ham gaz muammosi hal bo‘lmagani va odamlar hanuz ko‘chada qolayotgani bois gaz idorasi,MXX va militsiya xodimlaridan iborat maxsus guruh Saxovat mahallasi hududida qolayapti.

Marg‘ilonliklarning noroziligidan bir kun avval - 18 dekabrь oqshomida Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida ko‘p qavatli uylarda yashovchi ikki yuzga yaqin odam gaz yo‘qligidan norozilik bildirib,ko‘chaga chiqqib,Marg‘ilon avtomobilь yo‘lini bir soat davomida to‘sib turishdi.Militsiya va hokimiyat rasmiylari norozilar yoniga kelib,gaz ballonlari berilishini va’da qilganidan so‘ng olomon uylariga qaytdi.

O‘zbekistonda gaz va elektr taqchilligiga qarshi aholining norozilik chiqishlari joriy yilda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q.

Joriy yil yanvarida Navoiy viloyati Xatirchi tumani Mirzo Ulug‘bek dehqon fermerlar uyushmasi hududida yashovchi ellikka yaqin ayol elektr energiyasi taqchilligidan norozilik bildirib,Xatirchi-Zarafshon yo‘lini to‘sib qo‘ydi.Xatirchilik manbalarga ko‘ra,tuman hokimi voqea joyiga kelib,chiroqni o‘chirmaslikka va’da bergach,norozi ayollar tarqalgan.

So‘nggi o‘n yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekistonning deyarli barcha hududida tabiiy gaz va eletr taqchilligi muntazam kuzatilmoqda.

Ayrim qishloqlarda kuniga 20-22 soat davomida chiroq va gaz o‘chirilayapti.

XS
SM
MD
LG