Линклар

“Yordam” Inson huquqlari himoyasi tashkiloti raisi, “Memorial” tashkiloti faoli Bahrom Hamroyev Moskva viloyatining Sergiyev Posad shahri yonidan o‘tuvchi trassada ushlanib, politsiya bo‘limiga olib ketildi. Huquq himoyachisi Kirov shahriga markaziy-osiyolik siyosiy mahbuslar himoyasi bilan bog‘liq anjumanga ketayotganida avtomobil nazorati xodimlari tomonidan to‘xtatildi. Mashinasi musodara qilingani va o‘zi 15 sutkaga qamoqqa olinishi mumkinligini Ozodlikka xabar qilgan Bahrom Hamroyev o‘zining xavfsizlik idoralari buyrug‘iga ko'ra qo‘lga olinganini taxmin qilmoqda.


Yakshanba kuni kunduzgi soat 3-larda Podmoskovyening Sergiyev Posad tumanida yo‘l-patrul xizmati tomonidan to‘xtatilgan “Yordam” Inson huquqlari himoyasi tashkiloti raisi Bahrom Hamroyev sud qarori bilan 15 sutkagacha qamoqqa olinishi mumkin.

Hozirda himoyachi Pushkino tumani politsiya bo‘linmasiga olib kelindi. Ozodlik bilan suhbatda faol politsiyachilar uni to‘xtatganlariga haydovchilik guvohnomasi bekor qilingani to‘g‘risida sud qarori borligi bilan izohlashganini aytadi.

- Men hozir Pushkino politsiya bo‘limidaman. Haydovchilik guvohnomangiz sud tomonidan bekor qilingan, dedi. Ular hozir ishimni qayta ko‘rib chiqib, sud qarorlarida xatoliklar borligi, o‘zlarini xatolarini qayta ko‘rib chiqyapti va umuman ularni bekor qilyapti. To‘g‘risi, har xil xayollar kelyapti... Meni kim qachon sud qilganini men bilmayman. Kutib o‘tiribman, dedi Bahrom Hamroyev.

Suhbatdosh keyinroq sud uning eski yashash manzili bo‘yicha o‘tkazilgani va u haqda unga xabar berilmaganini aniqlagan.

Bahrom Hamroyev politsiyachilar tomonidan to‘xtatilishining boshqa sabablari bo‘lishi mumkinligini aytadi:

- Kirov shahriga ish safari bilan ketayotgan edim. Kirovda 2015 yilning 24 iyulida O‘zbekistonda hibs etilgan Rossiya fuqarosi muftiy Temur Tursunov himoyasiga konferensiya bo‘lib o‘tishi kerak edi, yana bir nechta siyosiy mahbuslar hayoti bilan qiziqib yo‘lga chiqqan edim. Taxmin qilyapmanki, buning aloqasi bor: Kirovdagi press-konferensiya to‘xtatildi. Ammo kurash davom etadi, chunki Temur Tursunov masalasi O‘zbekiston uchun jiddiy masala. Hozir Temurning ishi yopilib, sudga oshirildi. Birinchi sud mahkamasida uning familiyasini so‘rashsa “Men Rossiya fuqarosi, Temur Tursunov bo‘laman!”, deganda sudya ishni yopib, boshqa kunga ko‘chirdi. Lekin unga jiddiy ayblovlar qo‘yilgan, u uzoq yillarga qatag‘on qilinishi mumkin .Unga “islomiy” ayblov qo‘yilgani uchun Rossiyaning bu masalada aniq pozitsiyasi bo‘lmadi. Masalan, Rossiya uchog‘i Turkiyada urib tushurilganida Turkiya bilan diplomatik munosabat uzilishigacha bordi, dedi huquq faoli.

Hozirda “Memorial” tashkiloti o‘z xodimi himoyasiga katta kuch tashlagani va Hamroyevni hibsga olinishi sabablarini tushuntirish talabi bilan hukumat idoralariga murojaat qilgani aniqlandi.

Ozodlik suhbatlashgan “Memorial”, “Fuqaroviy ko‘mak” markazlari vakillari yo‘l politsiyasining hatti-harakatlarini "yuqoridan berilgan buyurtma" ekaniga ishonishlarini aytishmoqda.

Eslatish joyizki, aynan “Memorial” va bevosita Bahrom Hamroyevning hatti-harakatlari tufayli O‘zbekistonga ota-onasini ko‘rgani borib, bir oyga dom-daraksiz yo‘qolgan kirovlik imom Temur Tursunov daragi mahalliy xavfsizlik xizmati yerto‘lasidan chiqdi.

90-yillardan buyon Rossiyada yashab kelgan va allaqachon bu mamlakat fuqaroligini olgan Temur Tursunov hozirda O‘zbekistonda Rossiya foydasiga “josuslikda” hamda “ekstremistik adabiyot saqlaganlikda” ayblanmoqda. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, muftiy Tursunovga 20 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.

Bahrom Hamroyev bundan oldin ham politsiya va FSB bosimiga bir necha bor uchragani to‘g‘risida Ozodlik xabar bergan.

Xususan, 2011 yilning 7 dekabrida Ozodlik muxbiri ko‘z oldida huquq himoyachisi ikki nafar fsbchi tomonidan qattiq kaltaklangan edi. O‘sha yilning iyun boshlarida Hamroyev noma’lum kimsalar hujumiga uchragan va qattiq jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilgandi.

2014 yilning oktyabrida Vladimir viloyatida O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgan Hamidullo Akbarovni o‘g‘irlab ketayotganlar ortidan quvib borayotgan Bahrom Hamroyev mahalliy yo‘l politsiyachilari tomonidan to‘xtatilib, bo‘limga olib ketilgan edi.

Rossiyada faoliyati yildan-yilga cheklanib borilayotgan va hukumat tomonidan “xorij agenti” deb e’lon qilingan “Memorial” Inson huquqlari himoyasi markazi va Bahrom Hamroyev tomonidan tuzilgan “Yordam” nodavlat tashkiloti Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari va siyosiy qochqinlar huquqlari, jumladan diniy ta’qidga uchrayotgan shaxslar himoyasi bilan shug‘ullanib keladi.

.........................

Ozodlik Bahrom Hamroyevning Moskvada hibs etilishi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatib boradi.

XS
SM
MD
LG