Линклар

logo-print

Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbalarining ma’lum qilishicha, 18 dekabr kuni Farg‘ona shahrida militsiya xodimlariga to‘pponcha o‘qtalgan shaxs hibsga olingan. Ismi oshkor etilmayotgan mazkur shaxsga “o‘qotar qurol olib yurish, saqlash” ayblovi qo‘yilishi mumkin.
Ozodlik manbalariga ko‘ra, hodisa 18 dekabr kuni Farg‘ona viloyat televideniyesi qarshisida kechki soat besh-oltilar atrofida ro‘y bergan.

“Surishtiruvda ushlangan shaxs Niva avtomashinasidan tushib kelib, Farg‘ona viloyati televideniyesi oldiga borgan, u yerda xizmat olib boruvchi yashil xizmat kiyimidagi militsionerlarni haqorat qilib, so‘ka boshlagan, - deya hikoya qildi Ozodlik manbasi. – U militsionerlarga qarata yonida bo‘lgan o‘q otar pistoletini ko‘rsatib, “senlarni hammangni otish kerak,” deya haqoratomuz so‘zlarni aytib, o‘zi boshqarib kelgan avtomashinasiga o‘tirib, qochib ketgan.”

Ozodlik manbasining ilova qilishicha, Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati xodimlari ularga to‘pponcha bilan tahdid qilgan shaxsga qarshilik ko‘rsatishmagan.

“Ushlash choralarini ko‘rishmagan aqlsiz militsiya xodimlari jimgina qarab turaverishgan, xizmat vazifalarini bilishmagan”, deydi Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasidagi Ozodlik manbasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, militsiya xodimlari qurolli shaxsning avtomashinasi rangini eslab qolganlar va “jinoyatchini yo‘l patrul xizmati xodimlari ushlashgan”.

Ozodlikning Ichki ishlar boshqarmasidagi yana bir manbasi qo‘lga olingan shaxs “mast holatida” bo‘lganini aytdi.

“O‘sha kunning o‘zidayoq ushlashdi. Yigit mast holatida ekan. Ushlash chog‘ida yonidan pistolet topilmadi”, deydi militsiya zobiti.

U hozirda tergov ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

Ozodlik manbasining ma’lum qilishicha, yoshi “35-40larda bo‘lgan bu shaxs tojik millatiga mansub” O‘zbekiston fuqarosidir.

Ichki ishlar xodimlariga ko‘ra, ismi oshkor etilmayotgan mazkur shaxsga “o‘qotar qurol olib yurish, saqlash” ayblovi qo‘yilishi mumkin.

Ozodlik manbalaridan biri militsiya xodimlariga to‘pponcha o‘qtalgan shaxsni “jinoyatga undagan motivlar noma’lum” ekanini bildirdi.

Farg‘ona viloyat televideniyesining Ozodlik bog‘langan xodimlari o‘tgan juma oqshomida yuz bergan hodisadan bexabar ekanliklarini aytishdi.

XS
SM
MD
LG