Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:29

Turkman prezidenti turkman oti otini o‘zgartirishni man etdi


Turkmaniston prezidenti o‘z mamlakatida hamma narsani qattiq nazorat qilishni xush ko‘radi. Shu sabab Qurbonquli Berdimuhamedov mamlakatning milliy ramzi hisoblanmish Axaltaka ot zoti hayotining deyarli barcha aspekti bo‘yicha farmon chiqarganidan ajablanmasa ham bo‘ladi .
Charlz Rekneygl

Prezidentning yangi farmoni Axaltaka otiga berilgan nomni o‘zgartirishni man qiladi. Har bir otning nomi tug‘ilganida shajara daftarida qayd etilganidek qolishi shart. Turkmaniston hukumati esa otlarning genealogik qaydlarini saqlab boradi.

Masalan, ot egasi o‘z fikri o‘zgargani uchun Karvon nomi berilgan otni Mallaqush deb atay olmaydi.

21 noyabr kuni chiqarilgan farmonga ko‘ra, har bir Axaltaka oti munosib ravishda ko‘milishi kerak. Hech bo‘lmasa, ot mahalliy rasmiylar tomonidan belgilangan maxsus joyda va otning o‘limini ro‘yxatga oluvchi rasmiy ishtirokida ko‘milishi zarur. Otlarni ko‘mish uchun qaerdan yer ajratilishi hozircha noma’lum.

Hozirda otlarni ko‘mish uchun maxsus joylar ajratilmagan va ot egalari ularni aholi punktlaridan olis joylarda, rasmiylarga ot o‘limi haqida xabar bermasdan ko‘mishadi. Kichik dafn marosimi keng tarqalgan bo‘lib, unda ot egasi do‘stlari bilan jonivorning boshini oq mato bilan o‘raydi va chuqur go‘rga tushiradi.

Yangi qonunning maqsadi otlarning ko‘payishini hamda ularni ro‘yxatga olishni nazorat qilishni kuchaytirish orqali zotli Axaltaka otlarni himoya qilish ekanligi aytilmoqda. Bundan tashqari, yangi farmon Axaltakani milliy boylik sifatida ko‘z-ko‘z qilish maqsadida ot o‘yinlarini, jumladan, xalqaro musobaqalarni rivojlantirishni va targ‘ib qilishni ko‘zlaydi.

Berdimuhamedovning yangi farmoni faqatgina Axaltaka ot zotini himoya qilish va uni targ‘ib qilishga qaratilgan emas. Bu qonun yana prezident o‘z shaxsiga sig‘inishlari uchun kurashar ekan, o‘zini Turkmaniston xalqi sevuvchi Axaltaka bilan bog‘lashlariga qaratilgan urinishlarining bir qismidir.

O‘tgan yili prezident Ashxobod markazida o‘zining Axaltaka otini minib olgani aks etgan ulkan oltin haykalni ochdi va “Xalq yilqichisi” titulini oldi. Berdimuhamedov “Axaltaka: Bizning g‘urur va sharafimiz” deb nomlanuvchi kitob ham yozgan. Hukumat ishchilari esa prezidentning sevimli oti Oqxonni olqishlab qirqqa yaqin she’r yozgan.

Quyidagi she’rda Berdimuhamedov “Orqatog‘”, ya’ni himoyachi deb ataladi. Prezident bu nomni shaxsan o‘zi tanlagan.

Bugun eru ko‘kda bayram, Orqatog‘im oq otida ketmoqda.
Alloh tilaklarini bajo keltirsin, Orqatog‘im oq otida ketmoqda.

Bundan tashqari, Berdimuhamedov muntazam ravishda ommaviy poygalarda ishtirok etadi. Bunday musobaqalarda prezident har doim g‘alaba qozonadi, chunki undan o‘zishga hech bir chavandoz jur’at qila olmaydi. Umuman olganda, Berdimuhamedov yaxshi chavandoz hisoblanadi, ammo 2013 yil poytaxt ippodromida bo‘lib o‘tgan poygada prezident minib olgan Barqaror deb nomlanuvchi ot finish chizig‘ini kesib o‘tganidan keyin chalishdi va prezident bilan birga qulab tushdi.

Prezident otiga Barqaror nomi berilgani bejiz emas: Berdimuhamedov tinmay o‘z hukmronligini “barqaror mamlakatning baxtiyor davri” deb ataydi. Turkmanistonda “Orqadog‘”ning o‘z otidan qulagani aks etgan videoni ko‘rish qonunga ziddir.

Berdimuhamedov 2006 yil Saparmurod Niyozov vafot etganidan beri Turkmaniston prezidenti bo‘lib kelmoqda. Niyozov ham g‘alati avtokrat bo‘lgan va o‘zi hukromlik qilgan yillarni“Oltin davr” deya atagan.

Berdimuhamedovning ot o‘yinlariga qiziqishi Niyozov davrida boshlangan va Turkmanistonning ichki muammolariga bo‘lgan e’tiborni ozaytirib, barcha e’tiborni turli xil sport o‘yinlariga qaratishga va xalqaro miqyosda Ashxobodning obro‘sini ko‘tarishga qaratilgan siyosiy strategiyaning bir bo‘lagidir. Hukumatning bu urinishlari sabab ko‘pincha oddiy aholi aziyat chekadi. Hukumat yangi sport komplekslarini qurish uchun yoki yirik xalqaro musobaqalar oldidan poytaxtni ko‘rkamlashtirish uchun mahallalarni buzib tashlaydi.

Turkmanlar bir necha asrdan beri Axaltaka ot zotini uning go‘zalligi, tezligi hamda g‘ayrati uchun e’zozlab keladi. Qolaversa, ular Axaltakani o‘zlarining chavandoz o‘tmishlarining unikal timsoli deb biladilar. Ushbu ot zoti bundan taxminan 12 000 yil avval O‘rta Osiyo iqlimi qurg‘oqchil bo‘la boshlaganda yuzaga kelgan, deb ishoniladi. O‘shanda hududdagi past, yo‘g‘on otlar yangi sharoitga moslashish uchun oriqlagan, quruq tekisliklardan tez chopib o‘tish uchun oyoqlari uzunlashgan, yegulik va suv taqchilligiga chidamliligi oshgan.

Xonakilashtirilganidan keyin Axaltaka ot zoti baland, chaqqon otlarni tanlagan ko‘chmanchilar tomonidan yanada mukammallashgan. Axaltaka o‘ziga o‘xshash boshqa ot zotlari bilan birgalikda O‘rta Osiyoning “jangovar otlari” deb nom taratgan. Qo‘shni davlatlar, jumladan, Xitoy imperiyasi Axaltaka otlarini qo‘lga kiritish uchun kurashgan.

Turkmanistonda Axaltaka oti milliy qo‘shiqlarda juda ko‘p tilga olingani va mamlakat gerbida uning rasmi borligidan bu ot zotining turkmanlar tomonidan qanchalik e’zozlanishini bilib olish mumkin. Turkmanistonda uzoq o‘tmishdan beri hech qanday ot go‘shti iste’mol qilinmaydi.

XS
SM
MD
LG