Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:56

Fermerlarga o‘rtacha 36 gektardan yer bo‘lib beriladi


O‘zbekiston hukumati fermer xo‘jaliklari uchun ekin yerlarining optimal o‘lchamini o‘rtacha 36,1 gektar hisobida belgilab berdi. Mahalliy matbuotning habar berishicha, ekin yerlarining muqobillashtirilishi ortidan mamlakatda yana 18 mingga yaqin fermer xo‘jaliklari tashkil etiladi. Bungacha O‘zbekistonda 83 mingdan ortiq fermer xo‘jaliklari mavjud edi.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasi joriy yilning 15 dekabrida fermer xo‘jaliklari uchun ekin yerlarining optimal o‘lchamini o‘rtacha 36,1 gektar hisobida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgani haqida Toshkentdagi yarim rasmiy mahalliy nashrlar dushanba kuni xabar tarqatdi.

Qarorda 2015 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 83 ming 514 fermer xo‘jaligi mavjud bo‘lgani va ularning har biriga berilgan yerlar o‘lchami o‘rtacha 43,9 gektarni tashkil qilgani qayd etilgan.

Qarorda, shuningdek, hukumat tomonidan fermer xo‘jaliklarini “muqobillashtirish” jarayonida o‘tkazilgan tahlil mamlakatda 101 ming 70ta fermer xo‘jaligi tashkil etish hamda fermer xo‘jaliklariga beriladigan yer maydonining o‘rtacha o‘lchami 36,1 gektar bo‘lishi maqsadga muvofiq kelishini ko‘rsatgani ta’kidlangan.

Qarorga binoan, fermer xo‘jaliklariga 2016 yilning 1 yanvaridan yer maydonlari qayta taqsimlanadi va bu ish tuman kengashlari qarori, fermerlarning hududiy kengashlari hamda yer uchastkalari ajratish masalasi bo‘yicha komissiyalarning xulosasi bilan amalga oshiriladi.

Ozodlik radiosi dekabr oyining boshlarida O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklarini “maqbullashtirish” jarayoni boshlangani haqida xabar bergan edi.

Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha Respublika komissiyasi raisi¸ Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevning fermer xo‘jaliklari yer uchastkalarini maqbullashtirish haqidagi qaroridan so‘ng, fermerlardan yoppasiga yerlarini davlat zahirasiga topshirish haqida majburan ariza yozdirib olinayotgani xabar qilingan.

Bugungi kunda fermerlardan olingan xabarlarga qaraganda, yerlarni taqsimlash jarayoni qayta boshlanish arafasida. Quvasoylik fermer Ulug‘bekning bildirishicha, avvallari 50 yoki undan ko‘p gektar yerga ega bo‘lgan fermerlarga hozir avvalgiga qaraganda 10-20 gektar ozroq yer beriladi.

- Masalan, avvallari 50-60 gektardan yeri bo‘lgan fermerlar bor edi. Ular buncha yerni ishlatishga kuchi yetmagan, ortiqcha yeri bo‘lgan. Hozir ular shu yerlarini topshirib, o‘zi ishlatishga kuchi yetadigan darajadagi yerni qaytarib olayapti. 20 gektar desa, 20 gektar, 30 gektar desa, 30 gektar yer berayapti. Kontur bo‘yicha yer olayapti hozir, - dedi Ulug‘bek.

Suhbatdoshimizning aytishicha, muqobillashtirish jarayonining fermerlar uchun foydadan holi bo‘lmagan taraflari ham kuzatilmoqda.

- Masalan, bitta konturda 40 yoki 30 gektar yer bo‘lsa, mana shu kontur bitta fermerga berilayapti. Bu soliq va boshqa tashkilotlar uchun ancha qulay bo‘ladi. Suv olib kelish ham oson bo‘ladi suv xo‘jaliklariga. Ya’ni bitta fermerning yeri bo‘linmay, butunicha suv ichadi. Avvallari esa yerning bir qismi besh kilometr narida, yana bir qismi o‘n kilometr narida qilib berilardi. 10 kilometr naridagi yeringizga borib kelguningizcha bu yoqdagi ishingiz qolib ketardi. Endi esa bitta fermerning yeri bitta joyda bo‘ladi, mana shunisi yaxshi bo‘ldi, - deydi Ulug‘bek.

Biroq muqobillashtirish jarayonidan hamma fermerlar ham birdek rozi emas. Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan fermerlardan biri, uning 70 gektar yerini davlat qaytarib olib, unga faqat 40 gektarini qaytarganidan norozi ekanini aytdi:

- Avvallari 70 gektar yerga ishlov berardim. Biror marta planni bajarmagan yilim bo‘lmagan. Hamma rejani bajarganman. Hukumatdagilar esa “70 gektarni ishlatish qiyin bo‘ladi sizga” deb, 40 gektar yer berishdi. “Nimaga bunday qilayapsizlar?” desam, yana yangi fermer xo‘jaliklari tashkil qilinishi kerak ekan. “Ularga ham yer berishimiz kerak”, deb aytishdi. Menimcha, yerni hammadan emas, yerni ishlata olmaydigan, planni bajara olmayotgan fermerlardan tortib olib, o‘shalarning yerlarini yangi fermer xo‘jaliklarga bo‘lib berish kerak edi. Bizda esa “O‘rmonga o‘t ketsa, xo‘lu quruq birday yonadi” qabilida ish qilinayapti, - deydi yeri 30 gektarga qisqarganidan norozi bo‘lgan fermer Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan 2010 yildan boshlab fermer xo‘jaliklari yerlarining hajmini ko‘paytirish, ya’ni “optimallashtirish” tadbiri o‘tkazilib kelingan edi.

O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev raisligida o‘tgan Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi yig‘ilishida bu jarayon naf bermagani qayd etilgan va “muqobillashtirish” deb atalayotgan jarayon boshlangan edi.

XS
SM
MD
LG