Линклар

logo-print

O‘zbekistonliklarning Rossiya hududida ishga yollanishi va ishlashini tartibga soluvchi hukumatlararo kelishuv matni tayyorlanib, Rossiyaga taqdim qilindi.

O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi matbuot xizmatiga tayanib, 12news.uz nashrining xabar qilishicha, Rossiyadagi davlat va xususiy korxonalar tomonidan o‘zbekistonliklarning ishga yollanishi va tanlovdan o‘tkazilishi, bu jarayonda O‘zbekiston fuqarolarining huquqiy, ijtimoiy himoya bilan ta’minlanishini kafolatlash tartib-qoidalari belgilangan hujjat loyihasi diplomatik kanallar orqali Rossiyaga yo‘llangan.

Hozirda hujjat Rossiya tomoni muhokamasidan o‘tayotgani aytilmoqda.

Ikki davlat hukumatlari o‘rtasida bu hujjatni tayyorlash ishlari 2015 yilning boshida boshlangan edi.

Rossiya Federal migratsiya xizmatiga ko‘ra, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining soni 2 milliondan ortiqdir, ammo rasman ro‘yxatdan o‘tmay yurgan yana yuz minglab o‘zbekistonlik noqonuniy ravishda yashab-ishlamoqda.

Norasmiy manbalar Rossiyadagi o‘zbek mehnat muhojirlari soni 5 milliondan 8 millionga qadar, deb hisoblaydi. Bu muhojirlarning katta qismi hujjatsiz, ijtimoiy va huquqiy himoyasiz og‘ir sharoitlarda ishlamoqda.

XS
SM
MD
LG