Линклар

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri mahallalaridan birida gaz va elektr taqchilligidan norozilar to‘rt kundan beri ko‘chaga chiqmoqda. O‘zbekistonda gaz va elektr taqchilligi bilan bog‘liq vaziyat kundan kunga yomonlashayotgani kuzatilmoqda. Ayniqsa, gaz quvurlaridan uzib qo‘yilgan qishloqlarda elektr quvvati kuniga 2-3 soatdan berilayotgani, ayrim qishloqlarda esa bir necha kunlab o‘chirib qo‘yilayotgani aholini qiyin ahvolga solib qo‘ygan. Lekin keyingi yillarda quvurlardan uzilmagan shaharlarga ham cheklangan miqdorda gaz berilayotgani shaharliklar orasida norozilikni kuchaytirmoqda va norozilik aksiyalarini ko‘paytirmoqda.

Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahrining "Saxovat" mahallasi ahli 4 kundan beri gaz va elektr quvvati uzib qo‘yilganidan norozilik bildirib ko‘chaga chiqmoqda. Undan avval Farg‘ona shahrining Qirguli mavzesida ham gaz, elektr, ichimlik suvi taqchilligidan norozilik bildirganlar muammosi qisman hal bo‘lganidan ilhomlangan marg‘ilonliklar shahardan o‘tadigan yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida Ozodlik xabar qildi.

"Saxovat" mahallasi ahli talablarini tinglagan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev boshchiligida prokuratura, gaz idorasi va boshqa mutasaddilar Marg‘ilonga borganiga qaramasdan, 22 dekabr kuni ma’lum bo‘lishicha, marg‘ilonlik norozilar talabi bajarilgani yo‘q.
"Saxovat" mahallasida norozilik bildirayotgan ayollardan biri seshanba kuni Ozodlik bilan suhbatda vaziyatda ijobiy o‘zgarish kuzatilayotgani yo‘q, deya bildirdi.

“Muammoni hal qilib berisha olmayapti. Suv kelsa, gaz yo‘q, gaz kelsa, svet yo‘q. Juda qiyin bo‘lyapti. Kecha gazni ulab ketishgan edi. Bugun yana na svet bor, na gaz bor, na suv. Mahallamiz, asosan ko‘p qavatli uylardan iborat. Birorta xonadonga suv chiqmayapti. Podvalda suv zo‘rg‘a jildirab oqadi. Viloyat hokimining o‘zi keldi, suhbat o‘tkazdi. Ko‘chaga chiqmanglar, deb uqtirdi. Lekin uylar sovib ketgan, ko‘chadan farq qilmaydi. Shunga odamlar chiqyapti. Hozir kunduz kuni hamma ishda, shunda ham 15-20 kishi ko‘chada to‘planib turibdi. Kechqurun ishdan qaytsa, yana hamma ko‘chaga chiqib olishi mumkin. Xullas, vaziyat qiyin”, deydi Marg‘ilon shahri "Saxovat" mahallasi turg‘uni.

Saxovatlik fuqarolar Ozodlikka vaziyatni aks ettiruvchi suratlarni jo‘natmoqda. Rasmlarda elektr yo‘qligidan mahalla hududidan o‘tuvchi yo‘llardagi svetoforlar ishlamayotganini ko‘rish mumkin.

Gaz, elektr va suv yo‘qligidan norozi yana bir marg‘ilonlikning aytishicha, rasmiylar gaz taqchilligini viloyat uchun ajratilgan limit bilan izohlashmoqda. Lekin, mahalla yaqinidagi ohak ishlab chiqaradigan yirik tsexga to‘xtovsiz gaz berilayotgani aholining noroziliklarini kuchaytirmoqda, deb hisoblaydi u.

“Tabiiy gaz tepadan berilmayapti, deb bahona qilishyapti. Lekin ohak zavodi ishlayaptiku?! Mahallamizning narirog‘ida, Marg‘ilonga kiraverishda, katta ohak sexi bor, xususiy tadirkorlarga qarashli. O‘sha ishlab yotibdi. Qishning kunida aholiga gaz bermasdan, ohak sexiga berish to‘g‘ri bo‘lmasa kerak, axir?” deydi marg‘ilonlik suhbatdosh.

Norozilik aksiyalari O‘zbekiston uchun 2005 yil Andijon voqealaridan keyin kamdan-kam uchraydigan holga aylangan. Lekin gaz va elektr taqchilligiga qarshi noroziliklar keyingi paytlarda ko‘paymoqda.

O‘tgan hafta Frag‘onaning Qirguli mavzesida ham gaz taqchilligidan norozilar ko‘chaga chiqqan edi.

Yil boshida Navoiy viloyati Xatirchi tumani Mirzo Ulug‘bek dehqon fermerlar uyushmasi hududida yashovchi ellikka yaqin ayol elektr energiyasi taqchilligidan norozilik bildirib, Xatirchi-Zarafshon yo‘lini to‘sib qo‘ygan. Xatirchilik manbalarga ko‘ra, tuman hokimi voqea joyiga kelib, chiroqni o‘chirmaslikka va’da bergach, norozi ayollar tarqalgan.

Navoiyda ham, Farg‘onda ham norozilik namoyishlari zo‘ravonliklarsiz o‘tganini qayd etish joiz.

Gaz va elektr quvvati yo‘qligidan shikoyatlar Ozodlikka O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlaridan kelmoqda. Shikoyatlar soni kundan-kunga ko‘payayotgani va xabarlar mazmunidan vaziyat borgan sari yomonlashayotganini xulosa qilish mumkin.

Avvalgi xabarlarda Ozodlik mushtariylari elektr quvvati kuniga 3-4 soat, gaz ham o‘ta cheklangan tarzda berilayotganidan shikoyat qilgan bo‘lsa, shu kunlarda kelayotgan xabarlarda elektr quvvati 24 soat ichida o‘rtacha 2-3 soat berilayotgani, ayrim hududlarda esa elektr quvvati ham, gaz ham bir necha kunlab o‘chirib qo‘yilayotgani aytiladi.

Xususan, Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanidan kelgan xabarda “Bizda tok xohlaganda yonadi, xohlaganda o‘chadi. Kuniga nari borsa, 2 soat beriladi. Uning ham aniq vaqti yo‘q”, deyiladi.

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidan kelgan xabarda aytilishicha, Ozodbosh qishlog‘ida qish sovug‘i avj olishi bilan elektr ham, gaz ham bir necha kunlab o‘chirib qo‘yilishi odatiy holga aylangan.

“Elektr ertalab 8da o‘chadi, keyin kechasi 12da, yoki ertasiga 12da keladi. Unda ham atigi 2 soatgina yonadi. Gazni-ku gapirmasa ham bo‘ladi”, deya shikoyat qildi bo‘stonliqlik mushtariymiz.

O‘zbekiston yiliga 60 milliard kub metrgacha tabiiy gaz qazib olishini iddao qilishiga qaramasdan, o‘zbekistonliklar yillardan beri gaz taqchilligidan aziyat chekadi.

Shuningdek, o‘zbekistonliklar elektr taqchilligidan qiynalayotgan bir paytda, Toshkent hukumati kelasi yildan Afg‘onistonga sotiladigan elektr hajmini oshirishini e’lon qildi.

XS
SM
MD
LG