Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 20:55

Chodirxayol: Yil qa’rida qolgan qiziqchi Zarifboy Sobirov


Kechayotgan 2015 yilda o‘zbek teatri va kinosining “zabardast chinorlari” deya e’tirof qilingan yana bir necha darg‘asi bir-bir quladi. O‘zbek teatri va kinosining mashhur namoyandalari¸ O‘zbekiston xalq artistlari O‘lmas Alixo‘jayev¸ Obid Yunusov va To‘ychi Oripov kabi xalq dardini sahnadan ayta olgan arboblar 2015 yilda olamdan o‘tib ketishdi. Marhum shoir Asqar Mahkam bu arboblarni ulkan chinorlarga mengzagan edi. Bu ijodkorlar o‘limidan so‘ng rasmiy matbuotda maqolayu ta’ziyalar e’lon qilindi. Ammo, san’at bog‘i faqat chinorlardan iborat emas. Hech qanaqa unvonga ega bo‘lmagan, biroq xalq sevgan xorazmlik qiziqchi Zarifboy Sobirov ham kechayotgan yil qa’riga ko‘milgan marhum qiziqchilardan biriga aylandi.

Zarifboy Sobirovning 2015 yil boshidan olamdan o‘tib ketganini birov bildi, birov esa bilmadi.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, qiziqchi Zarifboy Sobirov 40 yoshida bevaqt olamdan o‘tgan.

Xorazmlik vrachlar Sobirov nafas yo‘llari yallig‘lanishi bilan bog‘liq xastalik oqibatida olamdan o‘tganini qayd qilishgan.

Xorazmning Xazorasp tumanida tug‘ilib, Toshkentdagi "Mannon Uyg‘ur" nomli teatr institutini 1996 yili tugatgan Zarifboy Sobirov o‘z ijodini teatrda emas, balki elning to‘yu tomoshasida tamsil qildi.

“Obmorok i mama” etno-folk musiqiy guruhi rahbari Ixtiyor Qodirov Zarifboyning bir muddat Rossiyaning Sankt-Petrburg, Moskva hamda Volgograd shaharlaridagi o‘zbeklar orasida qiziqchilik qilib, kun ko‘rganini aytadi.

- Rahmatli talantli va so‘zi o‘tkir qiziqchi edi. Umrining oxirgi yillarida Rossiyada gastrollarda yurdi. Shu yilning 12 yanvarida Hazoraspda olamdan o‘tdi, - deydi suhbatdosh.

Zarifni yaqindan bilganlarning aytishicha, Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Buxoroda tanilgan qiziqchi olamdan o‘tganida unga tuman gazetasida ham ta’ziya bildirishga izn berilmagan, ammo sabablari aytilmagan.

Zarif qiziqchi chiqishlaridan birida o‘zining ehtimoliy o‘limini hazil qilgan edi:

- Hamma to‘qqiz oyda tug‘ilsa, men 7 oyda tug‘ildim. Shu qadar kichkina bo‘lganimdan beshik tuvagiga tushib g‘arq bo‘lib o‘lmasin, deb qalpoqni ichiga solib, shiftga osib qo‘yishgan edi. Kichkina bo‘lsam ham esimni tanirdim. Bir kuni qo‘shnimiz Poshsho momo kirib: “Bu bola yo uch, yo to‘rt kun yashaydi. Bu turishida mushuk yeb ketsa ham ajab emas”, dedi. Meni jahlim chiqib, Poshsho momoga o‘rta barmog‘imni ko‘rsatdim. O‘ladi¸ o‘ladi deyishganiga qaramasdan mana hali ham tirikman. Hammani kuldirib yuribman¸ - degan edi marhum qiziqchi Zarif Sobirov o‘limidan atigi uch kun oldin qilgan chiqishida.

Zarif Sobirovning boshqa o‘zbek qiziqchilari kabi “kindikdan past” mavzularda faol ijod qilgani, baz’an jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lgan edi.

Shunday hazillaridan birida Zarif Sobirov “O‘tkan kunlar” romanidagi Kumushni oral seks bilan shug‘ullanayotgan tarzda hajv qiladi.

Zarif Sobirov ijodini kuzatib kelgan xorazmlik bastakor Quvondiq Masharipov Ozodlik muxbiri savollariga javob berib marhum qiziqchining biz bilmagan qirralariga to‘xtaldi:

- Xalqqa yaqin uslubda elning tilidan, shu elning biridek ijod qilar edi. Militsiya xodimlarining tergov paytida mahbuslarni qiynashini O‘zbekistonda, menimcha Zarifdan boshqasi hajv qilishga jur’at topa olmagan. GAIga pora bilan ishga kirish haqida, Rossiyadagi mardikorlar haqidagi hazillar tagida ijtimoiy muammolarning achchiq tasviri bor edi, - deydi xorazmlik bastakor.

Qiziqchi Zarif Sobirovning ikki qiz va bir o‘g‘ili qoldi. Qiziqchining 13 yashar o‘g‘li San’atbek otasi kabi artist bo‘lish yo‘lida ilk qadamlarni tashlamoqda. Qizlari Shaydo va A’loni esa onasi Layloxon otasi yo‘qligini bildirmay katta qilmoqda.

XS
SM
MD
LG