Линклар

Moskvada O‘zbekiston huquq-tartibot organlari talabi bilan O‘zbekiston bosh vaziri sobiq o‘rinbosari Valeriy Atayev hibs etildi. Davlat mablag‘ini katta miqdorda talon-taroj qilishda gumon qilinib, Toshkent tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan Valeriy Atayev Rossiya fuqarosi bo‘lgani sababli birozdan keyin qo‘yib yuborildi.

Moskva politsiyasi shaharning Janubiy-g‘arbiy okrugida yashab kelayotgan O‘zbekiston bosh vaziri sobiq muovini 67 yoshli Valeriy Atayev xalqaro qidiruvda ekani sababi bilan hibs etildi. Ammo, Gagarinskiy tuman ichki ishlar bo‘linmasida shaxsi aniqlangan va Rossiya fuqarosi ekani ma’lum bo‘lgan Valeriy Atayev tilxat asosida ozod etildi.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi sobiq yuqori lavozimli o‘zbek amaldorini “byudjet mablag‘larining katta miqdorda rastratasi” va “amalidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanganlik" uchun xalqaro qidiruvga bergan.

Nafaqaxo‘r Atayev anchadan buyon Rossiya fuqarosi bo‘lgani sababli uni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga topshirmaslik to‘g‘risida qaror qilindi.

Layfnyus nashri bilan suhbatlashgan Atayev 2002 yilda O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqani bois, unga nisbatan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan, deb hisoblashini aytmoqda.

- Nimada iqror bo‘lishim kerak? Men umrimda biror narsa o‘g‘irlamaganman. Aybimni isbotlab bersangiz, boshqa gap. Men o‘zbek fuqaroligidan voz kechganimdan keyin va Rossiya fuqaroligini olganimdan keyin jinoiy ish qo‘zg‘atishdi. Men buni qanday tushuntirishni ham bilmayman, vaholanki 2002 yildan buyon ishlamayman u yerda, - deb javob berdi Valeriy Atayev jurnalist savollariga.

Gagarin tuman prokuraturasi va Ichki ishlar bo‘limi Valeriy Atayevning qo‘lga olinishi masalasida izoh berilmasligini ma’lum qildi.

Valeriy Yo‘ldoshevich Atayev 1994-1998 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Energetika va elektrlashtirish (hozirgi “O‘zbekenergo” Davlat hissadorlik jamiyati) vaziri bo‘lib xizmat qilgan. 2000 yilda u O‘zbekiston Bosh vazirining neft va gaz sohasi bo‘yicha muovini etib tayinlangan va ikki yil davomida, lavozimidan bo‘shatilgunicha “O‘zbekneftgaz” shirkati kengashi raisi bo‘lib ishlagan.

Ayrim manbalarga ko‘ra, Atayev Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasining O‘zbekiston neft-gaz bozoriga kirib kelishiga katta hissa qo‘shgan.

Hozircha Valeriy Atayev Moskva shahri Gagarin tumani prokuraturasiga tushuntirish berish sharti bilan tilxat asosida qo‘yib yuborilgani ma’lum.

XS
SM
MD
LG