Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:45

Qirg‘iziston oltin koni yuzasidan Kanada shirkati bilan til topisha olmayapti


Qirg‘iziston hukumati ikki yil davomida olib borilgan samarasiz so‘zlashuvlardan so‘ng Kanadaning Senterra Gold shirkati bilan muzokara jarayonidan chiqishini bildirdi. Mazkur shirkat Qirg‘iziston g‘aznasiga tushayotgan valyutaning asosiy qismini berayotgan Qumtor oltin konini ishlatib kelayotgan edi.

Qirg‘iziston hukumati Kanadaning Centerra Gold shirkati bilan muzokaradan bir tomonlama chiqishini “milliy manfaat” bilan bog‘ladi. Hukumat “Qirg‘iziston uchun moliyaviy jihatdan foydali bo‘lgan” shartlar asosida Qumtor oltin konini ishlatuvchi korxonani qayta tuzishi haqida bildirdi. 22 dekabr kuni bu borada tarqatilgan bayonotda bundan boshqa ma’lumot berilgan emas.

Qumtor Qirg‘izistondagi eng yirik oltin koni konlaridan biridir. Mazkur kondan olinayotgan daromad mamlakat ichki yalpi mahsulotining 7,4 foiziga teng. Qumtorning mamlakat iqtisodiyotidagi ulushi esa 15, 5 foizni tashkil qiladi.

Hozircha Qirg‘iziston hukumatining muzokarlardan chiqishi oltin koni faoliyatining to‘xtatilishiga sabab bo‘lishi yoki bo‘lmasligi noma’lumligicha qolmoqda.

Hukumatning qaroriga sabab bo‘lgan omillar haqida gapirar ekan, Bosh vazirning matbuot kotibi Bakit Asanov mana bularni aytdi:

- Senterra ekologik vaziyatni tekshiruvchi AMES xalqaro shirkati takliflarini ham inobatga olgan emas. Bu narsa ham hukumatning muzokaralardan chiqishiga sabab bo‘ldi. Qirg‘iziston hukumati Qumtor oltin koni bo‘yicha Kanada bilan tuzilgan eski shartnoma Qirg‘iziston manfaatlariga zid keladi, deb hisoblaydi, - dedi Bakit Asanov.

Qirg‘iz parlamenti 2014 yilda Qumtor oltin koni bazasida Kanada va Qirg‘iziston 50/50 ulushga ega bo‘lgan qo‘shma korxona tuzish to‘g‘risida memorandumni qabul qilgan. Bungacha esa muxolif partiyalar va parlament oltin konini milliylashtirish masalasini ko‘tarib kelgan. Qirg‘iziston bugungi kunda Qumtor oltin konining 32,7 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

Oltin koni masalasida Kanada bilan o‘tkazilayotgan muzokaralar samarasiz bo‘lgani ortidan 2014 yilda Jo‘o‘mart O‘to‘rbayev Bosh vazir lavozimidan iste’fo berishga majbur bo‘lgan, hozirgi Bosh vazir Temir Sariyev bu ishni oxiriga yetkazishni va’da qilgandi.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, Qirg‘iziston hukumati kanadaliklarga 2016 yilda konni ishlatish litsenziyasini uzaytirishdan bosh tortmoqda. Biroq Kanada shirkati hukumat litsenziya muddatini uzaytirishiga ishonch bildirayotir. Chunki kon faoliyatining bir necha soatga to‘xtatib qo‘yilishining o‘zi mamlakat iqtisodiyotiga katta miqdorda zarar yetkazishi mumkin.

Qirg‘iziston hukumati Kanada shirkati bilan muzokaralardan chiqshini bildirganidan so‘ng, 22 dekabr kuni Toronto birjasida Qumtor aksiyalari 6 foizga arzonlagan.

Senterra Gold shirkati Qumtor konini 2003 yildan beri o‘zlashtirib keladi.

XS
SM
MD
LG