Линклар

Turkmaniston poytaxtida aholi tomonidan xorij valyutasi sotib olinishi bo‘yicha yangi tartib-qoida joriy etildi. Endilikda ashxobodliklar xorij valyutasini sotib olish huquqini beruvchi maxsus talon olish uchun bank oldida 21-22 soatlab navbat kutishga majbur bo‘lmoqdalar.


Ozodlik radiosi turkman xizmatining xabar qilishicha, ashxobodliklarga berilayotgan talonlarda dollar sotib olish uchun qachon va qaerga kelish lozimligi ko‘rsatib qo‘yilgan. Bunday talonni qo‘lga kiritgan kishilar belgilangan soatda belgilangan bank filiali oldida hozir bo‘lishi lozim. Aks holda, ular valyuta sotib ololmaydi.

Mahalliy aholi vakillariga ko‘ra, talon uchun navbatda turgan odamlar soni kechalari 200 kishigacha chiqib ketayapti. Biroq tunni bank oldida o‘tkazgan odamlarning hammasi ham orzulangan qog‘oz parchasini qo‘lga kiritolmayapti, talonlar navbatda turganlarning yarmisigagina berilayapti.


Hozir AQSh dollari va yevro banklarning bosh idoralarida joylashgan valyuta ayirboshlash shaxobchalarida ham sotilmayapti.

Valyuta sotib olish bilan muammolar Turkmanistonda butun yil davomida kuzatildi. 2015 yil boshidayoq milliy valyuta bo‘lmish manatning sezilarli daraja qurbsizlashishi hamda mintaqa va dunyodagi nobarqaror iqtisodiy vaziyat dollarga bo‘lgan talabni keskin oshirib yubordi. Pirovardida turkman rasmiylari valyuta sotib olish operatsiyalari bo‘yicha turli cheklovlar joriy qildilar.

Bu kabi talotum noyabr oyi boshlarida ham kuzatildi. O‘tgan oy boshida Turkmanistonda huquq-tartibot xodimlari valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullangan shaxslarni tuta boshladi. Buning ortidan qora bozorda dollar kursi keskin ko‘tarilib ketdi. Natijada 3,6 manatdan sotilgan AQSh dollari kursi 4,5 manatga chiqib ketdi.

Milliy valyuta yanada qadrsizlanishi mumkinligini taxmin qilgan turkmanistonliklar shu kunda banklarda 3,5 manatdan sotilayotgan AQSh dollarini imkon qadar ko‘proq sotib olishga urinmoqdalar.

Turkman banklarida valyuta operatsiyalari bo‘yicha cheklov mavjud bo‘lib, u yerda bir kishi bir xaridda faqat ming dollargina sotib olishi mumkin. Shuningdek, Turkmanistonda bir kishi yiliga 8 ming dollardan ko‘p valyuta sotib ololmaydi. Ko‘proq dollarga ehtiyoji bo‘lgan turkmanistonliklar qora bozorga murojaat qilishga majbur bo‘ladilar.

XS
SM
MD
LG